KOREYaGA IShGA KETIShNI XOHLAGANLARNI RO`YXATGA OLISh VA IMTIHON QILISh ShARTLARI MA`LUM QILINDI
O`zbekiston Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligi tomonidan “Kompleks test markazi” ochilishi oldidan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Unda Koreyaga ishga ketishni xohlaganlarni ro`yxatga olish va imtihon qilish shartlari ma`lum qilindi. Bu haqda “Xalq so`zi” nashri ma`lum qilmoqda.
Unga ko`ra: Koreyada ishlashni istaganlar birinchi navbatda yangi tashkil etilgan “Kompleks test markazi”ning www.ckt.uz saytida ro`yxatga o`tishi hamda jeton olish uchun topshiriladigan imtihon kuni va seansini tanlashi kerak bo`ladi. Ushbu sayt faqatgina O`zbekiston ichida ochiladi. Jeton uchun imtihon kuni band qilinganidan so`ng imtihon topshiruvchi “Kompleks test markazi”ga borib, ro`yxatdan o`tadi va 87 500 so`m miqdoridagi pulni to`lab, kompyuter orqali testdan o`tadi.
Savollar matn va audio testlardan iborat bo`lib, ularning soni jami 30 tani tashkil etadi. Imtihon uchun 40 daqiqa vaqt beriladi. 40 daqiqa tugagach, avtomat ravishda imtihon to`xtatiladi.
Imtihon savollari O`zbekistondagi uchta oliygoh mutaxassislari tomonidan CBT – Computer Based Testing usuli bo`yicha davlat ta`lim standartlari asosida tuzilgan bo`lib, ushbu savollarga javob berish uchun koreys tili bo`yicha boshlang`ich 1 va 2- daraja (chogip) bilimga ega bo`lish talab qilinadi.
Test natijalari bo`yicha nomzodlar reytingi tuziladi. Bunda berilgan 40 daqiqadan qancha oldinroq imtihon topshirib bo`linishi muhim ahamiyatga ega. Deylik, imtihon savollariga 20 daqiqa ichida to`liq javob bergan odam 40 daqiqada barchasini to`g`ri echgandan ko`ra oldingi o`rinlarni egallaydi.
Ushbu imtihon boshlanishiga kuni 3 seans (har bir seansda 80 kishi imtihon topshiradi), keyinchalik esa 5 seansdan olinadi.
Bir odam oyiga bir marta, bir yilda esa 12 martagacha jetonga imtihon topshirish huquqiga ega bo`ladi. Necha marta topshirilishidan qat`i nazar, to`plagan eng yuqori ballari inobatga olinadi. KTM testini topshirish uchun to`langan pul qaytarilmaydi.
Imtihon topshirib bo`lgandan keyin darhol uning natijalarini bilish mumkin. Reytingdagi o`rinni esa test topshirilgandan 10 kun keyin Agentlik rasmiy saytidagi shaxsiy kabineti orqali bilish mumkin.
Reyting shu tarzda tuzib boriladi va EPS-TOPIK imtihoni uchun, deylik 6 ming nomzod qabul qilinishi kerak bo`lsa, qolganlar keyingi imtihonlarda qatnashish huquqini qo`ldan boy bermaydi.
Turli sabablarga ko`ra KTM imtihon natijalaridan qoniqmaganlar 20 kun ichida apellyasiyaga berishlari mumkin. Appelyasion arizani faqatgina imtihon topshirgan shaxs berishi mumkin.
Ammo, unutmaslik lozimki, KTM testi natijalari 8 oy saqlanadi. 8 oy ichida EPS-TOPIK imtihoni topshirilmasa, KTM imtihonini qaytadan topshirishga to`g`ri keladi.
KTM imtihonlaridan muvaffaqiyatli o`tganlar reyting asosida EPS-TOPIK imtihonida qatnashish huquqiga ega bo`ladi.
Shu bilan birgalikda, EPS-TOPIK imtihonlarini o`tkazish shartlari ham o`zgargan. Endilikda EPS-TOPIK imtihon malaka testini ham o`z ichiga oladi. Ya`ni, test savol-javoblaridan keyin koreyalik mutaxassislar suhbatidan o`tish talab qilinadi.
“Kompleks test markazi” – mustaqil tashkilot bo`lib, Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko`chasi 138-uyda joylashgan. Mo`ljal: Respublika Qon quyish markazi, “Aziya Tashkent” mehmonxonasi. Jamoat transportlari: №38, 40, 57, 58, 126, 132-avtobus yo`nalishlari.
Markazga ro`yxatdan o`tish uchun xohlagan paytda, biroq testdan o`tish uchun band qilingan vaqtdan 60 daqiqacha oldin borish lozim. Imtihon zaliga test boshlanishidan 30 daqiqa oldin kiritish boshlanadi.
Imtihonga elektron qurilmalar, har qanday kanselyariya mahsulotlari, kitoblar, lug`atlar, bloknotlar olib kirish taqiqlanadi. Savol-javob vaqtidan o`rindan turish, gaplashish va boshqa ortiqcha harakatlarni qilish mumkin emas. Har bir stol atrofi to`siq bilan o`ralgan bo`lib, yuqoriga kuzatuv kamerasi o`rnatilgan.
KTM imtihoni uchun ro`yxatdan o`tish 7 noyabrdan, imtihonlar esa 13 noyabrdan boshlanadi.






