AsosiyJamiyat

BUGUN O`ZBEKISTON XALQ ARTISTI SORA EShONTO`RAEVA TAVALLUDIGA 106 YIL TO`LDI

'BUGUN O`ZBEKISTON XALQ ARTISTI SORA EShONTO`RAEVA TAVALLUDIGA 106 YIL TO`LDI'ning rasmi

BUGUN O`ZBEKISTON XALQ ARTISTI SORA EShONTO`RAEVA TAVALLUDIGA 106 YIL TO`LDI.

Atoqli o`zbek aktrisasi va jamoat arbobi Sora Eshonto`raeva 1911 yilda Namangan viloyatining Yangiqo`rg`on tumanidagi Beshbuloq qishlog`ida tug`ilgan. 1922—1925 yillarda Toshkentdagi Zebunniso nomli maktabda o`qiydi. Yoshligidan teatr san`atiga qiziqqan S.Eshonto`raeva o`quvchilik davridayoq Ali Ardobus rahbarligidagi to`garakka qatnashadi. 1925—1927 yillarda Moskvadagi drama studiyasida o`qib, R.Simonov, V.Kansel, N.Basov, I.Tolchanov, L.Sverdlin kabi san`at ustalaridan sahna san`ati sirlarini qunt bilan o`rganib qaytgach, 1927 yildan O`zbek davlat drama truppasi (Hamza nomidagi O`zbek Davlat drama teatri) aktrisasi sifatida faoliyatini boshlaydi. S.Eshonto`raeva umrining oxirigacha shu jamoada ishlagan, 1943— 1946 va 1953—1960 yillarda teatrga direktorlik ham qilgan edi. Tursunoy (V.Yan, Cho`lpon, "Hujum"), Beatriche (K.Goldoni, "Ikki boyga bir malay") S.Eshonto`raevaning teatr sahnasida yaratgan ilk obrazlari bo`ldi. 1927 yiddan boshlab 60 yil mobaynida Hamza nomli teatrda sahnalashtirilgan asosiy spektakllarda bosh rollarni ijro etish S.Eshonto`raevaga nasib etdi. Jamila ("Boy ila xizmatchi", 1939), Guloyim ("Muqanna", 1942), Guli ("Alisher Navoiy", 1945), Hurriyat ("Hurriyat", 1958) kabi barcha o`zbek tomoshabinlari uchun ibrat bo`lgan qahramonlarni o`ynab, madaniy jamoatchilikning nazariga tushdi va teatr san`atida o`z o`rnini topdi. Sahna san`ati tarixida aktrisa yaratgan bu o`lmas obrazlarning har biri o`z o`rniga ega, ularning birini ikkinchisidan ustun qo`yish mumkin emas. Lekin, adolat yuzasidan aytganda, Jamila va Guli obrazlari san`atkor ijodida alohida o`rin tutadi. Chunki, S.Eshonto`raevani dastlab elga tanitgan ham ana shu obrazlar bo`ldi. Aktrisa talqinida Jamila tabiatan sodda, qalbi pok qizdan yaxshini yomondan ajratib, o`z baxti uchun kurasha oladigan, irodasi mustahkam mustaqil shaxs darajasiga ko`tariladi. Guli obrazida esa u she`riy til go`zalligidan to`liq foydalangan holda Gulining bahor ayyomiday musaffo shoirona qalbini, nozik his tuyg`ularini, ma`naviy yuksakligini, o`z sevgisiga sodiqdigini katta mahorat bilan aks ettiradi. Faqat bulargina emas, jahon mumtoz dramaturgiyasining shoh asarlari bo`lmish "Hamlet", "Otello","Qirol Lir" tragediyalarida Ofeliya (1935), Dezdemona (1941), Gonerilya va A.Ostrovskiyning "Momaqaldiroq" asaridagi Katerina (1939) obrazlarini ham S.Eshonto`raeva o`zbek sahnasida birinchi bo`lib ijro etish sharafiga muyassar bo`ddi. Aktrisa talqinidagi Ofeliya — barchani o`ziday ko`ngli oq, pok deb biladigan iffatli, nazokatli qiz. Dezdemona xarakterida esa nafosat bilan birga o`z maqsadi yo`lida qat`iylik, shijoat belgilari mavjud. Katerina — oddiy, soddadil, shu bilan birga o`z erki, ozodligi yo`lida mardonavor kurashuvchi inson. 50—60 yillarda Hamza teatri ijodiy jamoasi Sharq mavzusiga murojaat etib, bir necha yozuvchi va dramaturglarning asarlarini muvaffaqiyatli ravishda sahnalashtirdi. Ulardagi bosh rollarni S.Eshonto`raeva ijro etdi. Turk yozuvchisi Nozim Hikmatning "Turkiya haqida hikoya" pesasidagi Xatcha (1953), arab yozuvchisi Muhammad Dib romani asosida tayyorlangan "Jazoir — mening vatanim" spektaklida Ayni (1957), yapon dramaturgi Morimoto Kaoruning "O`g`irlangan umr" asaridagi Sedzu (1965), SAzimovning "Zamon dramasi"dagi arab ayoli Oysha rollari ham aktrisa ijrosida tomoshabinlarga manzur bo`ldi. S.Eshonto`raeva "O`zbekfilm" kinostudiyasida suratga olingan "Boy ila xizmatchi", "Opa-singil Rahmonovalar", "Sayyod qo`ng`irog`i" kabi badiiy filmlarda etakchi rollarni ijro etdi. Hamza nomli teatr spektakli asosida suratga olingan "Shoh Edip" film-spektaklida Iokasta obrazini yaratdi. Oybekning "Qutlug` qon", Ch.Aytmatovning "Birinchi o`qituvchi" telespektakllarida Gulsum va Oltinoy rollarini o`ynab, ko`pgina radiopostanovkalarda qatnashdi. U yillar davomda to`shtagan bilim, malaka va tajribasini yosh aktyorlarga muttasil ravishda ixlos bilan o`rgatardi. Ularni ijod jarayonida doimo kuzatib, kamchiliklarini tuzatib, yutuqlaridan quvonar edi. S.Eshonto`raeva XX asrning mashhur san`at ustasi, umr yo`ldoshi Abror Hidoyatov bilan birga ijod etib, o`lmas obrazlar yaratdi, havas qilsa arziydigan farzandlarni o`stirdi. Chehrasidan mayin tabassum balqib turadigan, xushmuomala, yuksak madaniyat sohibasi bo`lgan bu ulkan san`atkor jamoat ishlarida ham faol edi. S.Eshonto`raevaning ko`p yillik samarali ijodi "O`zbekiston xalq artisti" faxriy unvoni, 1949,1967, 1977 yillarda Davlat mukofotlari bilan munosib taqdirlangan edi. Sora Eshonto`raeva 1998 yilda Toshkent shahrida vafot etdi.

    Boshqa yangiliklar