UMUMIY FOYDALANUVDA BO`LGAN 155,2 KILOMETR AVTOMOBIL YO`LLARI KAPITAL TA`MIRLANDI
Milliy matbuot markazida O`zbekiston Respublikasi Avtomobil yo`llari davlat qo`mitasi tomonidan «Avtomobil yo`llari: inson manfaatlari yo`lidagi islohotlar» mavzuida matbuot anjumani o`tkazildi.
Tadbirda qo`mita raisining birinchi o`rinbosari Sh.Nazarov va boshqalar mamlakatimizda transport infratuzilmasini mustahkamlash, avtomobil yo`llari tizimini takomillashtirish, yo`llar sifatini yaxshilashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror o`sishi hamda aholi farovonligini ta`minlashda muhim omil bo`layotganini ta`kidladi.
Mamlakatimizning ba`zi hududlaridagi ta`mirtalab yo`llar aholi va transport harakatiga noqulayliklar tug`dirmoqda. Bu esa aholi va foydalanuvchilar e`tiroziga sabab bo`lmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 14 fevraldagi «Yo`l xo`jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmoni ijrosi doirasida mavjud ichki xo`jalik yo`llari, chorrahalar, yo`l o`tkazgichlar, ko`prik va yo`llar rekonstruksiya qilinib, yangilari barpo etilmoqda.
Jumladan, shu davrga qadar umumiy foydalanuvda bo`lgan 155,2 kilometr avtomobil yo`llari kapital ta`mirlandi, xuddi shu tasnifdagi 2 ming 350 kilometr avtomobil yo`llarida joriy ta`mir o`tkazish yo`li bilan ularning ravonligi ta`minlandi. 2017 yil 1 noyabr holatida 3 ming kilometrga yaqin mintaqaviy avtomobil yo`llari ta`mirlandi. Yil oxirigacha O`zbek milliy avtomagistrali tarkibidagi 260 kilometr avtomobil yo`llari zamonaviy talab va standartlar asosida rekonstruksiya qilinadi.
Joriy yil G`uzor-Buxoro-Nukus-Beynov avtomobil yo`lining 265, Olmaota-Bishkek-Toshkent-Termiz avtomobil yo`lining 30 hamda Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi avtomobil yo`lining 15 kilometr qismi qayta ta`mirlanib, foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, Amu-Buxoro kanali hamda Zarafshon daryosi ustidan o`tgan yangi ko`priklar ishga tushirildi.
Yo`l xo`jaliklarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida joriy yil 215 turdagi zamonaviy yo`l-qurilish texnikalari xarid qilindi. Yo`l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish bo`yicha Davlat inspeksiyasining tashkil qilinganligi qurilish va ta`mir muddatlarini sezilarli darajada qisqartirishga hissa qo`shmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlar o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.