KARLES PUYOL: O`ZBEKISTON — BAG`RIKENG, MEHMONDO`ST, SPORTNI ARDOQLAYDIGAN MAMLAKAT
Bugun yurtimizga dunyo futboli yulduzi, Evropa va jahon chempioni, ispaniyalik Karles Puyol tashrif buyurdi.
O`zbekiston Futbol federasiyasidan ma`lum qilishlaricha, mashhur sportchining ushbu safari Xalqaro futbol assosiasiyalari federasiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino tomonidan uyushtirilgan bo`lib, bu orqali FIFA mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirish bo`yicha olib borilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlarni qo`llab-quvvatlash va “millionlar o`yini”ning ommaviyligini oshirishga hissa qo`shishni maqsad qilgan.
Karles Puyol tashrifi doirasida respublikamiz futbol akademiyalari tarbiyalanuvchilari uchun mahorat darslari o`tkazdi. Shuningdek, O`zbekiston oliy ligasi 28-turidan o`rin olgan “Paxtakor” va “Olmaliq” jamoalari o`rtasidagi o`yinni bevosita “Paxtakor” stadionidan turib tomosha qildi.
Ispaniya terma jamoasi va “Barselona” klubining sobiq sardori ishtirokida matbuot anjumani ham uyushtirildi.
— O`zbekistonga ilk bor 2008 yilda kelganman, — deydi Puyol. — O`sha paytdagi yorqin taassurotlarni hamon eslayman. Yana bir bor ushbu ajoyib, bag`rikeng, mehmondo`st, sportni ardoqlaydigan mamlakatga tashrif buyurganimdan behad xursandman.
...Garchi O`zbekiston terma jamoasi 2018 yilda Rossiyada o`tkaziladigan jahon chempionati yo`llanmasini qo`lga kirita olmagan bo`lsa-da, futbolni rivojlantirish maqsadida yurtingizda amalga oshirilayotgan bugungi sa`y-harakatlardan kelib chiqib, kelgusi mundialga borasizlar, deb umid qilaman. Chunki mamlakatingizda yoshlarga, iqtidorli futbolchilarga qaratilayotgan e`tibor havas qiladigan darajada.
Ayni paytda FIFAning “FIFA legend” loyihasida faoliyat yuritayapman. O`zbekistonga tashrifim, yosh futbolchilarga mahorat saboqlari o`tkazilishi va shu orqali “millionlar o`yini”ning ommaviyligini oshirishga ulush qo`shish loyihamiz doirasidagi tadbirlar sirasiga kiradi.






