RAQAMLI DIPLOMATIYa: YaNGIChA YoNDAShUVLAR HAYoTGA TATBIQ ETILAYaPTI
Bugun dunyoda kechayotgan globallashuv jarayonlari mamlakatni istiqbolda taraqqiy toptirish jarayonida axborot-kommunikasiya texnologiyalari, internet-servislar hamda “muloqot konsepsiyasi” yondashuvidan samarali foydalanishni talab qilmoqda. 2017 — 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta`minlash, jismoniy hamda yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga oid axborotni taqdim etishning zamonaviy shakllarini joriy qilish zarurati belgilangan.
Hozirgi kunda mamlakatimizdagi 114 ta davlat organi o`z elektron portaliga ega. Ularning 79 foizida mobil versiyasi ham mavjudligi aholi uchun qo`shimcha qulayliklar tug`dirmoqda. Bundan tashqari, vazirlik va idoralar rasmiy veb-saytlarida ular faoliyati haqida dolzarb yangiliklardan xabardor bo`lish uchun elektron obuna tizimi joriy etilgan. Bu haqda “Xalq so`zi” nashri ma`lumot bermoqda.
So`nggi vaqtlarda davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini takomillashtirish bo`yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilayapti. Tahlillar shuni ko`rsatmoqdaki, ushbu choralar davlat va jamiyat o`rtasidagi muloqotning yangi yondashuv hamda usullarini tatbiq qilish imkonini berayotir.
Birinchi yondashuv — davlat organlarining virtual qabulxonalari bo`lib, u jamoatchilik bilan onlayn-muloqot o`rnatishning o`ziga xos trendiga aylandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2016 yil sentyabr oyida ishga tushirilgan Virtual qabulxonasi (pm.gov.uz) davlat organlarining xalq bilan muloqotini yo`lga qo`yishning yangi shakllariga yo`l ochdi.
Bir vaqtning o`zida Yurtboshimizning “Facebook” va “Davra.uz” ijtimoiy tarmoqlarida sahifalari ochildi. Mamlakatimiz rahbarining “Facebook” ijtimoiy tarmog`idagi sahifasida davlat rahbari faoliyati, Farmon hamda qarorlari, chet mamlakatlarga tashriflari va boshqa ma`lumotlar tezkorlik bilan joylashtirila boshlandi. Sahifada internet foydalanuvchilari yangiliklarga fikr bildirishmoqda, har bir fuqaro o`z munosabatini yozib qoldirayapti. Bu ham xalq bilan muloqot mexanizmi yuqori darajada tashkil etilayotganining yorqin ifodasidir.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Facebook”dagi sahifasini 110 mingdan ortiq kishi o`qiydi. Prezident Virtual qabulxonasida 1,3 milliondan ortiq murojaatlar ko`rib chiqildi. Bu sa`y-harakatlar davlat organlari, rahbarlar uchun o`rnak bo`ldi, desak, yanglishmaymiz. Chunki ular o`z virtual qabulxonalarini tashkil qildi. Bugungi kunda qariyb barcha davlat organlari o`z virtual qabulxonasiga ega bo`lib, bu fuqarolarning muammolariga amaliy echim topishda qo`l kelmoqda. Pirovardida yurtdoshlarimiz virtual olamda tobora faollasha boshladi. Ularning mamlakat siyosiy boshqaruviga nisbatan ishonchi mustahkamlanayotgani yana bir e`tiborli jihatdir.
Ikkinchi yondashuv davlat organlarining ijtimoiy tarmoqlardagi faolligida ko`zga yaqqol tashlanadi. K. Bola o`zining “Digital Diplomacy: theory and practice” (“Raqamli diplomatiya: nazariya va amaliyot”) kitobida raqamli diplomatiyaga jamiyatda kechayotgan o`zgarishlarni raqamli vositalar hamda virtual hamkorlik orqali boshqarish strategiyasi, deya ta`rif beradi. Raqamli diplomatiya “yumshoq kuch” vositasi sifatida ishlatilishi mumkin va zarur ham.
Yurtimizda ushbu yo`nalishdagi ko`rsatkichlar jadal o`sib borayapti, ayni paytda virtual faoliyat sifati ham tobora takomillashayotir.
Bugungi kunda mamlakat rahbari, hukumat, qator vazirlik hamda idoralar “Facebook”, “Twitter”, “YouTube”, “Telegram” va boshqa zamonaviy AKT tarmoqlaridan unumli foydalanmoqda. Ushbu vositalar O`zbekistonning milliy manfaatlarini ilgari surish hamda internet foydalanuvchilari bilan muloqot o`rnatishda asqatayapti. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan shu hamda boshqa chora-tadbirlar ommaviy diplomatiyaning yangi shakli — raqamli diplomatiyani rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy hujjatlar, O`zbekiston rahbarining mamlakat ichki va tashqi siyosatining turli masalalari bo`yicha qarashlari chop etilayapti. Bu boradagi transparentlik tamoyili rasmiy shaxslar hamda internet foydalanuvchilari o`rtasidagi muloqotni “virtuallashtirish” va yurtimizda yuz berayotgan jarayonlarni ikki tomonlama muhokama qilish uchun asos bo`layotir.
O`zbekistonda raqamli diplomatiyaning birinchi bosqichlari shakllanayotganini 2016 yilda “Digital Diplomacy” internet nashri alohida e`tirof etdi. Nashr dunyoning 210 ta mamlakati tashqi siyosat idoralari faoliyati natijadorligini oshirish maqsadida tadqiqot olib borib, dunyo reytingini tuzdi. Ushbu tadqiqot 210 mamlakat tashqi ishlar vazirliklarining 2015 yil yanvar oyidan 2016 yilning mart oyiga qadar bo`lgan muddatdagi faoliyatini qamrab oldi. Tahlilchilarning aytishicha, hozirgi kunda dunyoning qator mamlakatlari tashqi ishlar mahkamalari hamda hukumat idoralari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda 740 dan ortiq sahifalar yuritiladi, 208 tasida rasmiy veb-sahifa va 43 tasida mobil ilova ham mavjud.
Turli mamlakatlar tashqi ishlar vazirliklarining aksariyat qismi “Twitter” hamda “Facebook” ijtimoiy tarmoqlarida o`z sahifalariga ega. Bunda tashqi siyosat idoralarining internet, avvalambor, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi hisobga olinadi. Reytingning birinchi o`ntaligidan Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSh, Evropa ittifoqi, Vatikan, Hindiston, Isroil, Meksika va Shveysariya o`rin egallagan. O`zbekiston esa 124-o`rindan joy oldi. Tadqiqot davrida mamlakatimizdagi davlat idoralarining ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi yuqori bo`lmaganligini inobatga oladigan bo`lsak, 2017 yilda O`zbekiston xuddi shunday reytinglarda o`z mavqeini sezilarli darajada yaxshilab olishini kutish mumkin.
“Facebook” hamda boshqa ijtimoiy tarmoqlarda sahifa va guruhlar ochilishi davlat organlarining internet foydalanuvchilari bilan tezkor muloqot yuritishi uchun qulay platforma yaratadi. Bulardan ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik foydalanishiga ham imkoniyat paydo bo`ladi.
Uchinchi yondashuv davlat organlari veb-saytlari faolligi oshayotganida ko`zga yaqqol tashlanadi. Keyingi paytlarda mamlakatimiz internet nashrlari o`z faoliyatini zamon bilan hamnafas ravishda takomillashtirib bormoqda. Ular uchun axborot mahsulotlarini tayyorlashda tezkorlik va axborotning to`liqligi asosiy mezonga aylanayapti. Shu bilan birga, jamoatchilikni davlat organlari faoliyati haqida xabardor etishning amaliy mexanizmlarini belgilashga, fuqarolarga qabul qilinayotgan qarorlar haqida batafsil ma`lumot berishga alohida e`tibor qaratilayotir. Barcha vazirlik hamda rasmiy idoralar va viloyatlar hokimliklari rasmiy veb-saytlarida yangi normativ-huquqiy hujjatlar matni e`lon qilinmoqda.
Jismoniy hamda yuridik shaxslar tomonidan ariza, shikoyat va boshqa turdagi murojaatlarni yuborish tartibi, shuningdek, qayta aloqa imkoniyatlari haqida axborot joylashtirilayapti.
“Internetda davlat idoralari ochiqligi”, deganda, avvalambor, tarmoq foydalanuvchilariga davlat organi faoliyatiga daxldor u yoki bu axborot bilan emin-erkin tanishish hamda uni muhokama etish imkoniyati yaratilgani tushuniladi. Xo`sh, O`zbekistonda qaysi davlat idorasi ancha ochiq va shaffof faoliyat yuritmoqda?
2017 yilning aprelida davlat organlarining 2017 yil 1 yanvar holatiga ochiqligi indeksi to`g`risidagi ma`lumotlar e`lon qilindi. Reyting Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta`minlash, faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo`yicha jamoatchilik kengashi tomonidan tuzildi.
Mazkur kengash 2015 yilda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini oshirish jarayoniga ko`maklashish bo`yicha jamoatchilik nazoratini ta`minlash yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish hamda baholash bo`yicha reyting doimiy ravishda olib boriladi.
Indeks natijalari yiliga ikki marta — 1 yanvar va 1 iyul holatiga ko`ra tuziladi. Reyting natijalariga muvofiq, 47 ta davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari orasidan Davlat soliq qo`mitasi birinchi, Toshkent shahar hokimligi va Markaziy bank esa ikkinchi o`rinni egalladi. Adliya vazirligi uchinchi o`rinni qo`lga kiritdi. Umuman, ochiqlik indeksi o`ntaligidan Davlat bojxona qo`mitasi, O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Intellektual mulk agentligi ham joy olgan.
Videoselektor yig`ilishlarini tashkil etish to`rtinchi yondashuv sanaladi. O`zbekiston Prezidenti mamlakatni rivojlantirishning dolzarb masalalari bo`yicha davlat organlari rahbarlari bilan ikki tomonlama va ko`p kanalli videoaloqa formatida amaliy yig`ilishlar o`tkazib kelmoqda. Bunday mexanizm davlat rahbariga topshiriqlar ijrosi yuzasidan bevosita mas`ul shaxslardan axborot olish hamda ularning faoliyatini nazorat qilish imkonini berayapti.
Xorijiy tajribada raqamli diplomatiyadan, avvalambor, tashqi siyosiy vazifalarni virtual kenglik imkoniyatlari yordamida amalga oshirish vositasi sifatida foydalaniladi. O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy veb-sayti hamda “Facebook”dagi sahifasi orqali tashqi va ichki siyosatga daxldor dolzarb, xolis axborotlarni doimiy ravishda berib bormoqda.
Shu o`rinda mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi ushbu yo`nalishda faol ishtirok etayotganini ta`kidlash lozim. Joriy yilning 5 iyul kuni tashqi ishlar vaziri A. Komilov mamlakatimizda hamda chet elda bo`lgan fuqarolarimiz bilan to`g`ridan-to`g`ri efir orqali uchrashuv o`tkazib, ularning savollariga javob qaytardi. Videokonferensiya shaklida tashkil qilingan tadbirda O`zbekistonning xorijdagi elchixona va konsulxona rahbarlari qatnashdi.
O`zbekiston fuqarolari o`z murojaatini vazirning virtual qabulxonasiga, muloqot@tiv.uz elektron pochtasiga, shuningdek, vazirlikning “Facebook”dagi sahifasiga hamda “Telegram”dagi kanaliga matnli, audio va videoshakllarda yuborish imkoniyatiga ega bo`lishdi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuni qayd etish kerakki, raqamli diplomatiyani hayotga joriy qilish mamlakatning milliy manfaatlarini ilgari surish, tashqi siyosiy faoliyat ochiqligi hamda shaffofligini oshirish yo`lidagi dolzarb vazifalarni to`laqonli ro`yobga chiqarish imkonini beradi.
Raqamli diplomatiya mamlakatimiz olib borayotgan faol tashqi siyosat, keng ko`lamli islohotlar haqida millionlab xorijliklarni ortiqcha sarf-xarajatlarsiz xabardor etish, jamoatchilikning kayfiyatini, munosabatini bilishda ayni muddao hisoblanadi.






