ELEKTRON HUKUMAT TARG`IBOTIGA BAG`IShLANDI
Samarqand shahrida elektron davlat xizmatlarini yanada rivojlantirish va ularning targ`iboti masalalariga bag`ishlangan "Yagona portaldagi elektron davlat xizmatlari haqida aholini xabardor qilishning samarali usullari" mavzuida seminar bo`lib o`tdi.
Osiyo Taraqqiyot banki ko`magidagi "Samarali davlat boshqaruvi uchun elektron hukumat" loyihasi doirasida tashkil etilgan seminarda davlat xizmatlarining onlayn rejimga o`tish borasida aholini har tomonlama xabardor qilishning dolzarbligi bilan bog`liq masalalar o`rtaga tashlandi.
– Elektron hukumat taraqqiyoti indeksi bo`yicha O`zbekiston jahondagi 193 ta davlat ichida 80-o`rinni egalladi, – deydi loyiha ekspert-konsultanti Dilfuza Mirzaahmedova. – Elektron hukumatni rivojlantirish bo`yicha olib borilgan keng ko`lamli chora-tadbirlar natijasida respublikamiz ikki yil oldingi ko`rsatkichga nisbatan 20 pog`ona yuqoriga ko`tarildi. Joriy yilda Harakatlar strategiyasi doirasida Yagona portalning yangi shakli my2.gov.uz ham ishga tushirildi. Ayni paytda test rejimida ishlayotgan mazkur portalda 300 dan ziyod davlat xizmatlari bir joyda jamlangan bo`lib, bu erda fuqarolar o`zlarining fikr-mulohazalari, ariza va murojaatlarini qoldirishlari mumkin.
Seminar mashg`ulotlari davomida viloyat davlat boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillariga Yagona portal orqali ko`rsatilayotgan elektron davlat xizmatlarini targ`ib qilishda samarali usullardan foydalanish, zamonaviy mediaformatlarni ishga solish yuzasidan ma`lumotlar berildi.






