PREZIDENT RAHBARLAR, HOKIMLAR VA MANSABDORLARNI OGOHLANTIRDI
Samarqandda 9 noyabr kuni Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo`lib o`tdi. Unda Prezident nutq so`zladi.
Shavkat Mirziyoev tadbirkorlik rivojiga to`siq bo`layotgan ba`zi omillarga to`xtalar ekan, chunonchi, bunday dedi:
"...Biznes sohasida joriy etilayotgan yangiliklar joylarda, jumladan, Samarqand viloyatida qanday qo`llanmoqda, tadbirkorlar berilayotgan engilliklarni amalda sezmoqdami yoki yo`qmi, degan savollarga, afsuski, to`la ijobiy javob topolmaymiz.
Shu munosabat bilan barcha bo`g`indagi rahbarlar, ayniqsa, joylardagi hokimlar va mansabdorlarni ogohlantirib aytmoqchiman: tadbirkorga madad berish o`rniga uning yo`liga to`siq qo`yish – bu Prezident siyosatiga qarshi chiqish, deb baholanadi va shunga yarasha chora ko`riladi.
Barchamiz bir haqiqatni tushunib olishimiz shart: tadbirkorlik va ishbilarmonlik xususiyatlari avvalo yoshlarga xos fazilat hisoblanadi. Demak, tadbirkorlikka yo`l ochish – avvalambor yoshlarga, kelajakka yo`l ochish demakdir.
Qaysi rahbar shuni to`g`ri tushunsa, albatta u boshqarayotgan tarmoqda, hududda samara, natija bo`ladi. Kim buni tushunmasa, yaxshisi, u o`z o`rnini bo`shatib qo`ygani ma`qul. Chunki nafaqat yoshlar, balki zamon ham endi bunday rahbarlarni qabul qilmaydi."






