— Onamga stenokordiya tashxisi qo`yildi. Bilishimcha, xastalikning doimiy kuzatiladigan va birdan yurakni siqib qoluvchi turlari xavfli sanalar ekan. Shu haqida ma`lumot bersangiz.
Odil Karimov, Toshkent shahri
Nodira HAMROEVA, shifokor-terapevt:
— Asli stenokardiyaning har qaysi turida o`z vaqtida muolaja olish darkor. Xastalikning doimiy bezovta qiladigan turida ko`krak qafasi va yurakda bir xil og`riq kuzatilishi mumkin. Masalan, bemor jismoniy harakat qilganda, uzoq masofaga yurganda, zinadan yuqoriga ko`tarilganida, asabiylashganida yurak sohasini og`riq qamrab olishi, bezovtalik boshlanishi mumkin.
Avvaldan davolanib yurgan kishi uchun og`riq xurujlarining yuzaga kelish ehtimoli oldindan ayonlik beradi. Bunday paytda bemor ahvolini engillashtirish uchun dori vositalaridan foydalanishi mumkin. Anglaganingizdek, stenokardiyaning mazkur turini payqash mumkin, demak, bu u qadar xavfli emas. Kasallikning birdan qo`zg`aladigan turi esa anchayin xavfli hisoblanadi. Kutilmaganda boshlangan xuruj birdan kuchayib, bemor havo etishmayotganidan qiynaladi. Stenokardiyaning birdan xuruj qilishi qon tomirlarda tiqinlar paydo bo`lishini keltirib chiqarishi ham ehtimoldan xoli emas.
Yurakni siquvchi stenokardiya insult yoki yurak infarktini keltirib chiqarishi bilan e`tiborga molik va o`z vaqtida to`liq davolanishi shart, deyiladi. Onangizda stenokordiyaning qay bir turi aniqlanganidan qat`i nazar, shifokor buyurgan dori vositalarini qabul qilishiga ahamiyat bering.






