AYRIM MANSABDOR ShAXSLARGA NISBATAN MA`MURIY JAZO ChORALARI QO`LLANILGAN
Adliya vazirligi tomonidan joriy yilning 9 noyabr kuni vazirliklar, davlat qo`mitalari va idoralarning yuridik xizmat xodimlari ishtirokida “Norma ijodkorligi hamda huquqiy axborotni tarqatish sohasidagi muammolar va ularning echimlari” mavzusida anjuman o`tkazildi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
Anjumanda yuridik xizmat xodimlari tomonidan O`zbekiston Respublikasi qonunlari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlari hamda Hukumatning qaror va farmoyishlari loyihalarini ishlab chiqishda hali-hanuz qator kamchiliklarga yo`l qo`yib kelinayotgani, bu esa O`zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Hukumatiga kiritiladigan hujjatlar loyihalari va masalalarni o`z vaqtida va sifatli tayyorlanishiga to`sqinlik qilayotganligi ta`kidlandi.
Tadbirda vazirlik va idoralar tomonidan o`zlari qabul qilgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish borasidagi ishlari qoniqarsiz darajada ekanligi aytib o`tildi.
Ta`kidlash joizki, mazkur yo`nalishda Adliya vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralarga ularning idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni yuqori turuvchi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish to`g`risida taqdimnomalar kiritiladi va ularning bajarilishi ahvoli nazorat qilinadi.
Shu o`rinda, ayrim vazirlik va idoralar tomonidan mazkur taqdimnomalar bajarilmagani, shuningdek O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markazi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi hamda “O`zbekkino” Milliy agentligining mansabdor shaxslariga nisbatan mazkur holat bo`yicha ma`muriy jazo choralari qo`llanilgani ta`kidlandi. Manba: O`zAA rasmiy sayti






