Diniy ma`rifat azaldan jamiyatimizda ma`naviy-axloqiy tarbiyaning muhim qismi bo`lib kelgan. Bugungi globallashuv davrida aholi, ayniqsa, yoshlarni turli buzg`unchi g`oyalar ta`siridan asrash, milliy-diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ma`naviyatimizni yuksaltirish, ayni paytda jahon ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qo`shgan, xalqimizni ma`rifatga boshlagan buyuk allomalarimiz merosini o`rganish, targ`ib etishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari joriy yil 15 iyun kuni poytaxtimizda “Ijtimoiy barqarorlikni ta`minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusida o`tkazilgan anjumanda so`zlagan ma`ruzasida bu masalaga ustuvor ahamiyat qaratdi. Islom madaniyatiga, umumbashariy sivilizasiyaga benazir hissa qo`shgan buyuk ajdodlarimizning diniy-ma`naviy merosini o`rganishga ixtisoslashtirilgan Samarqandda – Imom Buxoriy ilmiy markazida hadisshunoslik, Imom Moturidiy markazi qoshida kalom ilmi, Farg`onada – Marg`inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etish haqidagi tashabbusini barcha katta mamnuniyat bilan kutib oldi.
– Ta`lim va ma`rifat bashariyat farovonligining asosiy omillaridan bo`lib, insonlarni ezgulikka da`vat etadi, saxovatli, sabr-qanoatli bo`lishga undaydi, – deydi Islom huquqi maktabi rahbari, O`zbekiston musulmonlari idorasining Farg`ona viloyatidagi vakili T.Erbo`taev. – Buyuk bobolarimizning boy merosini o`rganish va uni keng targ`ib etish biz, diniy ulamolar, imom-xatiblar zimmasiga ulkan mas`uliyat yuklaydi. Yangi ish boshlagan mazkur Islom huquqi maktabida viloyatimizdagi imom-xatiblar, noiblarga Burhoniddin Marg`inoniy kabi allomalarimizning asarlari chuqur o`rgatiladi. Maktabda tinglovchilar uchun barcha sharoit yaratilgan.






