AsosiyJamiyat

BOYSUN TUMANI KO`P TARMOQLI MARKAZIY POLIKLINIKASINING YaNGI BINOSI FOYDALANIShGA TOPShIRILDI

'BOYSUN TUMANI KO`P TARMOQLI MARKAZIY POLIKLINIKASINING YaNGI BINOSI FOYDALANIShGA TOPShIRILDI'ning rasmi

Shu munosabat bilan o`tkazilgan tadbirda sog`liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tibbiy xizmat ko`rsatish sifati va samaradorligini yuksaltirish, aholi salomatligini mustahkamlash, har tomonlama sog`lom avlodni ulg`aytirishga xizmat qilayotgani ta`kidlandi.

Prezidentimizning 2017 yil 29 martdagi “O`zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo`lmoqda.

Mazkur hujjat ijrosi doirasida tog`li tumandagi Sayrob, Qorabo`yin, Rabot, Boysun qishloq vrachlik punktlari negizida qishloq oilaviy poliklinikalari tashkil etildi. To`rtta qishloq vrachlik punktida tez tibbiy yordam shoxobchasi faoliyati yo`lga qo`yildi, to`rttasi qishloq vrachlik punkti sifatida saqlab qolinib, ikkitasi tugatildi. Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, “Salomatlik-3” loyihasi doirasida zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, sanitar avtotransport vositalari bilan ta`minlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarildi. Zarur dori-darmon bilan uzluksiz ta`minlashga e`tibor yanada kuchaytirildi.

Investisiya dasturi doirasida tuman tibbiyot birlashmasi hududida qad rostlagan ikki qavatli ko`p tarmoqli markaziy poliklinikani qurib foydalanishga topshirish uchun 2 milliard 596 million so`m mablag` sarflandi. 200 qatnovga mo`ljallangan yangi tibbiyot muassasasi zamonaviy tibbiy uskunalar, axborot-kommunikasiya vositalari bilan jihozlanib, ambulator qabullar elektron boshqaruv tizimiga o`tkazildi.

– Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida ishga tushirilgan yangi poliklinikada yoshu keksa barchani sifatli tibbiy ko`rikdan o`tkazish, salomatligini mustahkamlash uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi mehnat faxriysi X.Toshboev. – Zamonaviy asbob-uskunalar kasallik va uning darajasini erta aniqlash va samarali davolashda juda qo`l keladi. Bunday qulayliklardan tog`li hududlar aholisi g`oyat mamnun.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov so`zga chiqdi.

    Boshqa yangiliklar