“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib chiqilishiga doir navbatdagi bojxona qoidabuzarligini ham fosh etishdi. “Toshkent — Dehli” yo`nalishi bo`yicha parvozga otlangan opa-singillar Dildora va Diyora G`ofurovalar tilla quymalarni bojxona nazoratidan chetlab olib chiqish maqsadida bojxonachilarning ko`zini shamg`alat qilishga urinishgan paytda to`xtatib qolindi.
Ushbu ayollar xolislar ishtirokida shaxsiy ko`rikdan o`tkazilganida Dildora G`ofurova 130 gr. og`irlikdagi 2 dona va Diyora G`ofurova (ism-shariflar o`zgartirilgan)100 gr. og`irlikdagi 2 dona tilla quyma bo`laklarini pinhona olib chiqishayotgani aniqlandi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.
Ta`kidlash joizki, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 1,1 mingdan ziyod bojxona qoidabuzarliklari natijasida qiymati 9 mlrd. so`mdan ortiq tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yilgan.






