Pekin shahrida bo`lib o`tgan “Xalqaro payvandchi ustalar» tanlovida mamlakatimiz vakillari 1 oltin, 3 kumush va 1 bronza medalni qo`lga kiritdi Tanlovda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a`zo davlatlar bilan bir qatorda Kambodja, Eron, Afg`oniston kabi 10 dan ortiq davlatdan 50 nafardan ziyod payvandchi ustalar qatnashdi. Tanlov jarayonida payvandlash sohasini mukammal egallagan mohir ustalarning argon payvandlash, yarim avtomat payvandlash va yoyli payvandlash turlari bo`yicha bilim va tajribasi sinovdan o`tkazildi. Barcha turlar bo`yicha o`zlarining yuksak darajadagi bilim va mahoratini namoyon etgan yurtimiz payvandchilarining ishlari hay`at a`zolari tomonidan yuqori baholandi.
“Trusk line Tashkent” mas`uliyati cheklangan jamiyati xodimi Rashid Eshqulov oltin medalni qo`lga kiritdi. “O`zmetkombinat" aksiyadorlik jamiyati korxonasi payvandchisi Artyom Olxovikov, “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyati ishchisi Vadim Xayrov, “12 trest” mas`uliyati cheklangan jamiyati ishchisi Shomuhiddin Shoislomov kumush, “O`zChaSis” qo`shma korxonasi payvandchisi Dilmurod Mirzaahmedov bronza medal sohibi bo`ldi. Shuningdek, O`zbekiston payvandchilari jamoasi “Eng yaxshi tashkil etilgan jamoa” nominasiyasida g`olib deb topilib, maxsus kubok bilan taqdirlandi.
Tanlov doirasida ishtirokchilar Xitoy neft quvurlari zavodi, Texnik xizmat ko`rsatish laboratoriyasi, Xitoy quvur muzeyi, Dizayn akademiyasi kabi yirik korxona va tashkilotlarda bo`lib, tajriba almashdi.






