1

Madad-shifo: “BURUN QONAShI KAMQONLIKDANMI?”

Salomatlik 15.11.2017, 18:03
Madad-shifo: “BURUN QONAShI KAMQONLIKDANMI?”
— Farzandim 10 yoshda. Tez-tez burni qonab qolyapti, ishtahasi ham yo`q. Negadir ilgari xushlamagan eguliklari, misol uchun, yarim tayyor lag`mon kabi mahsulotlar iste`moliga qiziqib qolgan. “Boshim og`riyapti”, deydi gohida. O`zgarishlarning qanday izohi bor? Kamqonlik emasmi mabodo?

Sitora Abdullaeva, Toshkent shahri

Magina ARTIKOVA, shifokor-terapevt:

— Bolalardagi kamqonlik jismoniy va aqliy rivojlanishda sezilmay qolmaydi. Xotira susayishi, kamquvvatlilik, bosh va mushaklarda og`riq, immunitet pasayishi, bezovtalik holati, ishtahasizlik kabilar yuzaga keladi bunda.

Kamqon bolalarda hid va ta`m bilish sezgisi ham o`zgaradi, gilvata,xom makaron va guruch, choy shamasi, kesak singari noodatiy mahsulotlarni totib ko`rish istagi paydo bo`ladi. Qurilish bo`yoqlari, aseton, soch bo`yog`i, tutun, zax, metropoliten hidini yoqtirishadi. Tashqi o`zgarishlarga ko`ra bola tirnoqlarining mo`rtlashishi, yuzasi qavat-qavat bo`lib qolishi, qiyshayishi, sochlari siyraklashishi mumkin. Anemiya rivojlanib borsa, bolada rangparlik kuzatiladi.

Ko`pchilik onalar to`yib ovqatlanmaslik kamqonlikka olib keladi, deb o`ylashadi, ammo bu yanglish fikr. Har kuni eng sara eguliklarni iste`mol qiladigan bolalarda ham kamqonlik aniqlanishi mumkin. Bolalardagi temir etishmovchiligi sabab kelib chiqadigan anemiya ayolning homiladorlik va emizli davrda kamqon bo`lgani, bolaning muddatdan avval yoki kam vazn bilan tug`ilgani, ko`krak suti bilan boqilmagani, infeksion kasalliklar bilan og`rigani, organizmida parazitlar mavjudligi bilan bog`liq bo`lishi mumkin. Umumiy qon tahlili gemoglobin miqdori past darajada ekanligini ko`rsatganida, muolaja pediatr va gematolog shifokorlar ishtirokida tayinlanadi.

Bolalarga asosan, ovqatlanish tartibi va sifatini yaxshilash, kundalik rasionda foydali mahsulotlarni ko`paytirish, jismoniy faollik va zarur hollarda gemoglobin miqdorini oshirish uchun yoshiga mos temir preparatlari tavsiya etiladi.

Shuni ham alohida ta`kidlash joizki, har bir pediatr va umumiy amaliyot shifokori temir tanqisligi tufayli kelib chiqadigan kamqonlikni to`g`ri davolay bilishi zarur!

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1