Tunis Respublikasida Butunjahon telekommunikasiya – AKT ko`rsatkichlari 15-simpoziumi bo`lib o`tmoqda. Xalqaro Elektraloqa ittifoqi tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi xodimlaridan iborat O`zbekiston delegasiyasi ham ishtirok etmoqda. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.
WTIS forumida "Axborotlashgan jamiyat ko`rsatkichlari" reytingi e`lon qilinib, AKT ni rivojlantirish bo`yicha 190 dan ziyod davlatlarda o`tkazilgan o`rganishlarning so`nggi natijalari ma`lum qilinadi. Xalqaro Elektraloqa ittifoqining 2017 yildagi hisobotlariga ko`ra, O`zbekiston AKT ni rivojlantirish indeksida 8 o`rin yuqoriga ko`tarilib, 192 mamlakat orasida 95-o`rinni egalladi. Aytish joizki, 2016 yilda O`zbekiston avvaliga 110-o`rinni, Xalqaro Elektraloqa ittifoqi tomonidan o`tkazilgan qayta o`rganishlar natijasida esa, 103-o`rinni egallagan edi. Simpoziumida O`zbekiston AKT ni jadal rivojlantirayotgan davlat sifatida taqdirlandi.
WTIS simpoziumi – bu davlatlardagi axborot-kommunikasiya texnologiyalarining rivojlanish holatini baholaydigan bosh xalqaro forum hisoblanadi. 1996 yildan boshlab forumda mamlakatlardagi AKT ma`murlari rahbarlari, yirik biznesmenlar, etakchi olim hamda ekspertlar ishtirok etib kelishmoqda. Unda axborot-kommunikasiya texnologiyalarining rivojlanish holati, mavjud muammo va echimlar muhokama qilinadi.
Joriy yilda ham "sun`iy intellekt", "salmoqli ma`lumotlar", "bulutli" texnologiyalar hamda internet-buyumlar kabi jadal rivojlanayotgan yo`nalishlar yuzasidan taqdimotlar qilinmoqda. Natijalar asosida Xalqaro Elektraloqa ittifoqining sayyoramiz bo`ylab zamonaviy AKT tendensiyalarini rivojlantirish bo`yicha istiqboldagi vazifalari belgilanadi.