AsosiyJamiyat

YoRDONLIK KELIN NEGA O`Z QAYNONASINING QOTILIGA AYLANDI?

'YoRDONLIK KELIN NEGA O`Z QAYNONASINING QOTILIGA AYLANDI?'ning rasmi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev 15 noyabr kuni bo`lib o`tgan mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida ba`zi bir salbiy holatlarga e`tibor qaratib, ularning kelib chiqish sabablari va omillarini chuqur o`rganish, tahlil qilish asosida keyinchalik bunday holatlarga yo`l qo`ymaslik bo`yicha aniq topshiriqlar berdi.

Mamlakatimizda aholining tinch-osoyishta hayot kechirishini ta`minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, odamlarning hayotdan rozi bo`lib yashashi uchun munosib turmush sharoiti yaratish borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Har haftaning payshanbasi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” deb e`lon qilingani va shu asosda tizimli ishlar olib borilayotgani amaliy samaralar bermoqda.

Farg`ona viloyatida ham bugungi kunda huquqbuzarliklarning oldini olish, har bir mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Shahar va tumanlarda sektorlar rahbarlari o`zlariga biriktirilgan hududlarda har bir oilaning ijtimoiy-ma`naviy muhitini o`rganib, muammolarini bartaraf etishga harakat qilmoqda. Shu bilan birga, ayrim shahar va tumanlarda jinoyatlarning ba`zi turlari keskin oshgani kuzatilmoqda. Masalan, xotin-qizlar qo`mitasi, mahalla fuqarolar yig`inlari, ichki ishlar idoralari hamkorligi yaxshi yo`lga qo`yilmagani natijasida joriy yilning o`tgan davrida 300 mahallada jinoyatlar soni oshgan.

– Bugungi kunda mahalla har bir oilaga kirib borib, ularning eng yaqin ko`makchisiga aylanishi lozim, – deydi Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Farg`ona viloyati kengashi raisining birinchi o`rinbosari Sh.Ermatov. – Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan har bir fuqaro ongida “Mening mahallamda jinoyat sodir bo`lmasligi kerak” degan tuyg`uni shakllantirish vazifasi barchamiz uchun muhim dasturilamal bo`lishi zarur. Joriy yilning o`tgan davrida 138 mahallada umuman jinoyat sodir etilmadi, 453 mahallada jinoyatlar kamayishiga erishildi. Shunga qaramasdan, hali bu borada qiladigan ishlarimiz juda ko`p. Jinoyat va huquqbuzarliklarning oqibati bilan kurashish emas, balki barvaqt oldini olish, sodir etishga imkon bergan sabab va omillarni o`z vaqtida bartaraf etish muhim vazifamiz bo`lmog`i kerak.

Xalqimizda "Otang – mahalla, onang – mahalla" degan purma`no hikmat bor. Bir osmon ostida, bir zamin ustida yashar ekanmiz, mahalla yo ko`chamizda, qo`shnimiz yo qarindoshimizning uyida yuz berayotgan noxushliklarda bizning ham qandaydir darajada aybimiz bo`ladi. Agar jinoyatga, adashishga moyil kimsaning xatti-harakatlariga loqayd bo`lsak, uning dardi yo muammosiga sherik bo`lmasak, yangi xatolarga yo`l ochamiz. Murakkab vaziyatga tushib qolgan insonni o`z muammolari bilan yolg`iz qoldirsak, uning taqdiri ayanchli bo`lishiga biz ham ma`lum ma`noda sababchi bo`lib qolamiz.

Davlatimiz rahbari videoselektor yig`ilishida er-xotin va qaynona-kelin o`rtasida hatto qotillik jinoyatlari uchrayotgani, yoshlar va ayollar jinoyatchiligi borasidagi ahvol kishini tashvishga solishini afsus bilan qayd etdi.

Ayol – muqaddas. Qaysidir faylasuf aytganidek u go`zalligi va mehri bilan dunyoni qutqarishi mumkin. Ayni paytda agar atrofdagilar unga loqayd bo`lsa, dardini tinglamasa, orzu-o`ylari bilan qiziqmasa, buning aksi bo`lishi ham hech gap emas. Bugungi kunda yon-atrofimizda ro`y berayotgan hodisalarga diqqat bilan razm solsak, raqamu dalillarni ko`zdan kechirsak, “nega ayol o`ziga, sha`niga nomunosib ishlarga qo`l urmoqda? O`zi uchun muqaddas va aziz ne`matlarni ba`zan arzimas narsalarga alishayotganining sababi nima?” singari savollar qiynaydi kishini. Farg`ona tumani Yordon qishlog`ida kelini tomonidan urib o`ldirilgan qaynona fojiasi ham barchamizni yanada hushyor va ogoh bo`lishga undaydi. Zero, qaynonani o`z onasidek biladigan xalqimiz uchun bu illat mutlaqo yot-ku?!

– Mahallamizda ro`y bergan bu jinoyatdan hali ham o`zimizga kela olmayapmiz, – deydi “Yordon” mahalla fuqarolar yig`inining diniy ma`rifat va ma`naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo`yicha maslahatchisi Qunduzxon Ahmadalieva. – Bu oila o`ziga to`q, biror marta janjal chiqmagan. Ikki farzandning onasi bo`lgan ayolning mudhish jinoyatga qo`l urgani barchamizni hayratga soldi. Lekin, kechagi yig`ilishda Prezidentimiz ta`kidlaganidek, buning asl ildizi bizning loqaydligimiz, beparvoligimiz oqibati emasmi? Demak, bu jinoyatda biz, jamoat tashkilotlari, mutasaddi idoralar vakillari, qo`ni-qo`shnilar, qarindosh-urug`, hamma-hammamizning qaysidir darajada aybimiz bor.

Chindan ham, ayolning jinoyatga qo`l urishi og`riqli masala. Ayol hech qachon o`z-o`zidan jinoyat qilmaydi. To`g`ri, hamma davlatda, hamma jamiyatda bunday muammo bor. Biroq bunday holat xalqimiz mentalitetiga, uning dunyoqarashiga umuman yot. Shunday ekan, xotin-qizlar qo`mitalari, mahallalar, yoshlar ittifoqi va boshqa tashkilotlar bu muammoga jiddiy e`tibor qaratadigan vaqt keldi. Prezidentimiz tomonidan bundan buyon har bir sektor rahbari jinoyatchilikning holati uchun ham shaxsan javob berishi belgilab berilgani yanada bu ishlarda mas`uliyatli bo`lishga undaydi.

Inson, ayniqsa, ayol oilasi tinch bo`lsa, ko`ngli xotirjam bo`lsa, o`zini baxtli his qiladi. Ezgu ishlarga bel bog`lab, yurt farovonligiga hissa qo`shadi. Davlatimiz rahbari tomonidan tinch va osoyishta hayotimizni ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan bunday ezgu sa`y-harakatlar yurtimizda inson va uning manfaatlarini himoya qilishga bo`lgan yuksak e`tibor ifodasidir.

    Boshqa yangiliklar