Yoshlar orasida xalqimiz qalbidan joy olgan o`zbek kinosi durdonalarini targ`ib qilish, kino ixlosmandlariga afsonaviy o`zbek kinosi namunalaridan yana bahramand bo`lish imkoniyatini yaratish maqsadida “O`zbekkino” Milliy agentligi tashabbusi bilan poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomli Kino saroyida “O`zbek kinosi durdonalari” rukni ostida retro filmlar kinozali tashkil qilingani haqida xabar bergandik.
Tajriba sinov tariqasida ilk bor yo`lga qo`yilgan ushbu loyihadan o`zbek kinosining shonli tarixini, buyuk aktyor va aktrisalarimiz yaratgan o`lmas obrazlarni, o`zbek kinematografiyasiga ta`mal toshini qo`ygan kinorejissyorlar, dramaturglar tomonidan yaratilgan nodir sahna asarlari bilan bugungi avlodni yaqindan tanitish, ushbu filmlar bilan o`sib-ulg`aygan avlodga o`tmishning yoqimli xotiralaridan bahramand bo`lish imkoniyatini hosil qilish maqsad qilingan edi. Ushbu loyiha kutilganidek kino ixlosmandalari tomonidan olqish bilan kutib olindi. O`tgan bir oy mobaynida 7ta retro film tomoshasiga minglab tomoshabinlar tashrif buyurdi.
“O`zbekkino” Milliy Agentligi tomoshabinlarning talab va istaklarini inobatga olib retro kinozalining yangi repertuarini tayyorladi va shu yilning 20 noyabridan boshlab keng jamoatchilik e`tiboriga taqdim etdi. Bu galgi repertuarda kino ixlosmandlari XX asrning o`rtalarida suratga olingan va katta muvaffqiyat qozongan “Furqat” (1958 yil), “Surayyo” (1965 yil), “26-si otilmasin” (1966 yil), “Qutlug` qon” (1956 yil), “Muhabbat mojarosi” (1971 yil) va “Natashaxonim” (1969 yil) kabi badiiy filmlarni tomosha qilishlari mumkin bo`ladi. Seanslar har kuni ikki mahal - soat 15:00 va 17:00ga belgilangan.