AsosiyJamiyat

DEPUTATLIKKA NOMZODLAR KIMLAR?

'DEPUTATLIKKA NOMZODLAR KIMLAR?'ning rasmi

Joriy yil 24 dekabr kuni Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov bo`lib o`tadi. Mazkur saylov kampaniyasi O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2017 yil 15 sentyabrdagi qarori bilan 23 sentyabrdan boshlandi. Ushbu siyosiy jarayon O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Toshkent shahrida xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov o`tkazish bo`yicha tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Toshkent shahrida xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov o`tkazish bo`yicha tadbirlar dasturi” asosida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Milliy matbuot markazida bo`lib o`tgan brifingda ana shular haqida ma`lumot berildi. Brifing Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov jaryoni to`g`risida saylovchilarni xabardor etish maqsadida tashkil etildi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga saylov o`tkazuvchi shahar saylov komissiyasi raisi Hamid Karimovning so`zlariga ko`ra, hozir saylov kampaniyasi qizg`in pallaga kirgan. Dasturga muvofiq, Toshkent shahrida tashkil etilgan tegishli tuman saylov komissiyalari 19 noyabrga qadar deputatlikka nomzodlarni ro`yxatga olish bo`yicha o`z yig`ilishlarini o`tkazdi. Ro`yxatga olinganlik to`g`risidagi xabar yaqin kunlarda mahalliy matbuotda e`lon qilinadi.

Deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti ular ro`yxatga olingan kundan e`tiboran boshlanadi. Markaziy saylov komissiyasining 2017 yil 16 noyabrdagi “Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlari deputatligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to`g`risida”gi qaroriga asosan Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov kampaniyasi davrida O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Toshkent” telekanali orqali saylovoldi tashviqotini olib borishda nomzodlarning bepul efirga chiqishiga oid haftalik jadval, “Toshkent oqshomi” – “Vecherniy Tashkent” gazetalarida siyosiy partiyalar va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari vakillari uchun bepul bosma maydon ajratish, chiqishlarini chop etish jadvali tasdiqlandi.

Saylovda qatnashayotgan barcha siyosiy partiyalar va o`zini o`zi boshqarish organlari Toshkent shahrining 11 tumanida tashkil etilgan jami 330 ta saylov okrugiga bittadan nomzod ko`rsatdi.

Saylov qonunchiligi talablaridan kelib chiqib, siyosiy partiyalardan ko`rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining 30 foizidan ortig`ini xotin-qizlar tashkil etdi.

    Boshqa yangiliklar