Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning joriy yil 22-25 noyabr kunlari davomida Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inaning taklifi bilan mazkur mamlakatga davlat tashrifi davom etmoqda.
Turli xil sohalarda mamlakatlarimiz o`rtasidagi bugungi kundagi hamkorlikning rivojlanishi, o`zaro aloqalarimizning tarixi haqida o`quvchilarimizni yaqindan tanishtirishda davom etamiz.
Mamlakatlarimiz o`rtasida gumanitar sohadagi muvaffaqiyatli hamkorlik uzoq tarixga ega. Barchamizga ma`lumki, uzoq yillardan buyon O`zbekistonda istiqomat qilib kelayotgan koreyslar ijtimoiy hayotimizning ajralmas va muhim qismiga aylangan.
1992-yildan buyon Toshkentda Koreya ta`lim markazi faoliyat yuritib kelmoqda. Markaz tanlov asosida Koreya Respublikasida til o`rganish hamda universitet o`qituvchi va talabalari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish bilan shug`ullanadi.
Bugungi kunda O`zbekistonning etakchi oliy o`quv yurtlarida, jumladan, O`zbekiston Davlat jahon tillari universitetida, Samarqand davlat chet tillari institutida, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetitida Koreya til va madaniyat markazlari faoliyat yuritib kelmoqda.
Respublikamiz bo`yicha 12 ta universitet, hamda 28 ta maktab va liseylarda koreys tillari fan sifatida o`qitiladi.
2012 yilda Toshkentda va 2016 yilda Samarqandda Koreya Respublikasi Xalqaro hamkorlik agentligi (KOIKA) granti asosida o`zbek-koreys ta`lim markazlari tashkil etildi.
Koreya Respublikasi hukumatining beg`araz yordam dasturi asosida Toshkent Davlat pedagogika universiteti, Toshkent Davlat sharqshunoslik institutida Koreya Respublikasi Xalqaro hamkorlik agentligi bilan sharqiy tadqiqotlar elektron kutubxonasi yaratildi.
2014 yilning 1 sentyabr kuni Toshkent shahrida kompyuter va dasturiy injiniring, logistika sohasiga ixtisoslashgan Koreyaning Inxa universitetining filiali ochildi.
Shuningdek, 2014 yil 1 sentyabr kuni Toshkentning “Bobur” bog`i hududida Seul bog`i ochildi. Bugungi kunda Koreya madaniyat va san`at uyini barpo etish maqsadida qurilish ishlari olib borilmoqda.
Har yili O`zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi va Koreya Respublikasining O`zbekistondagi elchixonasi hamkorligida mamlakatimizda “Koreya madaniyati haftaligi” o`tkaziladi. Haftalik doirasida Koreya kinosi kechasi, Koreya an`anaviy amaliy san`at ustalarining mahorat darslari, badiiy va foto ko`rgazmalar, koreys qo`shiqlari va notiqlik badiiy tanlovi, Koreya moda namoyishlari bo`lib o`tadi.
Koreya Respublikasi O`zbekiston taekvondo assosiasiyasini sport uskunalari bilan jihozlashda, yurtimizda har ikki mamlakat sportchilari uchun o`quv mashg`ulotlarini tashkil etishda ko`maklashadi.
O`zbekiston-Koreya munosabatlarini rivojlantirishga qo`shgan hissasi uchun Janubiy Koreya hukumatining 10 nafar ishbilarmon va jamoat doiralari vakillari “Do`stlik” ordeni bilan taqdirlangan.






