O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida Sport pasporti to`g`risidagi nizom davlat ro`yxatidan o`tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati Facebook ijtimoiy tarmog`ida ma`lum qilmoqda.
Unga ko`ra, sport pasporti yagona namunadagi hujjat bo`lib, sportchining jismoniy tarbiya-sport tashkilotiga mansubligini va uning sport malakasini tasdiqlaydi. Nizomga muvofiq sport pasporti o`smirlar uchun ikkinchi sport razryadidan past bo`lmagan razryadga ega bo`lgan, tegishli sport turi bilan muntazam ravishda shug`ullanib kelayotgan va sport musobaqalarida doimiy ravishda ishtirok etuvchi sportchiga beriladi. Sport pasportidan:
• sportchining bir jismoniy tarbiya-sport tashkilotidan boshqasiga o`tishida;
• sportchini sport musobaqalarida ishtirok etish uchun ro`yxatga olishda;
• sportchining tibbiy tekshiruvdan o`tishida;
• sportchi tomonidan sport unvonlari va sport razryadlarini berish uchun zarur bo`lgan normalar hamda talablar bajarilishida;
• qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda foydalaniladi.
Shuningdek, mazkur hujjatga muvofiq ikki shakldagi sport pasportlari joriy qilinadi: kitobcha shaklidagi sport pasporti hamda plastik shakldagi sport pasporti, deyiladi xabarda.






