AsosiyJamiyat

«O`ZBEKISTON HAVO YO`LLARI» YO`LOVChILAR UChUN MENYuNI O`ZGARTIRMOQChI

'«O`ZBEKISTON HAVO YO`LLARI» YO`LOVChILAR UChUN MENYuNI O`ZGARTIRMOQChI'ning rasmi

«O`zbekiston havo yo`llari» Milliy aviakompaniyasida havo kemalari sahnida tortiladigan yangi taomlarni ishlab chiqish yuzasidan Toshkent shahridagi etakchi restoranlar vakillari bilan hamkorlikdagi ishlar davom etmoqda.

Caravan Group restoranlari tarmog`i tomonidan taqdim etilgan aviayo`lovchilar uchun sahn taomlari miqdori va namunalarini takomillashtirish konsepsiyasi amalga oshirilmoqda.

Bu safar o`z g`oyalarini «Sal Sal» restorani va mashhur pazanda Bahriddin Chustiy taqdim qilgan. «Sal Sal» restorani tomonidan taklif etilayotgan taomlarning o`ziga xos jihati O`zbekistonning turli hududlaridagi boy oshpazlik namunalaridagi turli-tumanlikni ko`rsatishdan iborat. Surxondaryocha achchiq-chuchuk, Qo`qon kabobi va holvasi, Qashqadaryo uslubida ko`zada tayyorlangan go`sht, Buxoro shirinliklari, Samarqand quruq mevalari qo`shilgan shirin kulchalari, buxorocha lo`la-kabob va h.k.

«O`zbekiston havo yo`llari» vakillariga mamlakatimizning turli hududlarini «ifoda etgan» to`qqiz xil turdagi kichik kulcha nonlar ayniqsa ma`qul bo`ldi.

«Sal Sal» restorani biznes-klass, iqtisodiy klass, bolalar ovqati va qisqa, ikki soatgacha davom etadigan qatnovlardagi engil tamaddi uchun hammasi bo`lib uchtadan variant taklif qildi. Pishloqni hisoblamaganda, hammasi bo`lib 57 xil mahsulot turi taklif qilindi.

Milliy aviatashuvchi mutaxassislari Bahriddin Chustiy bilan endi amaliy maqsadlarda: aviakompaniya qatnovlariga joriy etish uchun sahn ovqatlari qoidalariga javob beradigan eng maqbul taomlarni tanlab olish uchun muloqotlarni davom ettiradi.

Ma`lumot o`rnida: «O`zbekiston havo yo`llari» Milliy aviakompaniyasi har mavsumda taomlar turini yangilaydi. Yo`lovchilarga ularning xohishiga qarab bir necha turdagi taomlar taqdim etiladi, xususan, vegetarian, kosher, dietik va boshqa xildagi taomlar. Aviakompaniyaning Ketring korxonasi ishlab chiqarish quvvatlari bir kecha-kunduzda 4000 komplekt taom tayyorlash imkonini beradi. Bu Toshkentdan uchib ketadigan, shuningdek tranzit yo`lovchilarning ehtiyojini qondiradi. Taomlarga bo`lgan buyurtma «SITA RES» va «SITA DCS» avtomatlashtirilgan tizimlari orqali qabul qilinadi.

Taomlar tarkibiga sharqona ta`mni o`zida aks ettiruvchi meva, sabzavot va ko`katlar albatta kiritiladi.

Eng uzoq davom etadigan qatnovlarda kuchli ovqatlar ko`zda tutiladi. Masalan Toshkentdan Nyu-Yorkka to`g`ridan-to`g`ri 12 soatlik qatnovlarda yo`lovchilarga uch marta taom tortiladi: nonushta, tushlik va kechki ovqat. Issiq ovqatlarga, ulardagi mahsulotlarning mazasi va foydali xususiyatlarini saqlab qolishi uchun «bir zumda muzlatish» usuli bilan ishlov beriladi. Va albatta, har bir yo`lovchiga doimo quyoshli yurtimizda etishtirilgan quruq mevalar va yong`oqlar taqdim etiladi.

    Boshqa yangiliklar