AsosiyJamiyat

​O`ZMILLIYBANK KOREYa EKSIMBANKI BILAN 150 MLN. DOLLARLIK ZAYoM KELIShUVINI IMZOLADI

'​O`ZMILLIYBANK KOREYa EKSIMBANKI BILAN 150 MLN. DOLLARLIK ZAYoM KELIShUVINI IMZOLADI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida, 2017 yilning 22 noyabr kuni «Korea Eximbank» Eksport-import banki va O`zmilliybank o`rtasida miqdori 150 mln. AQSh dollari bo`lgan zayom kelishuvi imzolandi. Bu haqda O`zmilliybank Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Kelishuv bilan kichik biznes loyihalarini, shuningdek, Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan uskunalar, tovarlar va xizmatlar xarid qilishni nazarda tutuvchi investisiya loyihalarini moliyalashtirish uchun revolverli kredit liniyasini taqdim etish nazarda tutilgan.

Kredit liniyasi hisobidan qishloq xo`jaligi, oziq-ovqat sanoati, tibbiyot, qurilish materillari, avtosanoat va boshqa sohalardagi loyihalar moliyalashtiriladi.

Zayom kelishuvi «kafolatlanmagan», ya`ni hukumat kafolati taqdim etilishini nazarda tutmaydi.

O`zbekistonlik ishbilarmonlar janubiy koreyalik sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirishga katta manfaatdorlik bildirishmoqda. Xususan, bugungi kunda O`zmilliybankning 200dan ortiq mijozlari – tadbirkorlik sub`ektlari Janubiy Koreyadan yuqori texnologiyali uskunalar xarid qilishni, jumladan o`z mablag`lari hisobidan, qo`shma korxonalarni tashkil etish yo`li bilan, investisiyalar hamda Koreya banklaridan kreditlarini jalb etgan holda, umumiy miqdori taxminan 800 mln. AQSh dollari bo`lgan loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirmoqda.

    Boshqa yangiliklar