Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida oliy o`quv yurtlari talabalari o`rtasida o`tkazilgan «Global iqlim o`zgarishiga moslashish bo`yicha eng yaxshi g`oya» respublika tanlovi g`oliblarini taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.
Tadbir O`zbekiston Ekologik harakati, Oliy va o`rta maxsus ta`lim, Qishloq va suv xo`jaligi vazirliklari, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, boshqa davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etildi.
Bu jarayonda tegishli davlat dasturlarida belgilangan ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etish bo`yicha davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida keng ko`lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O`zbekiston Ekologik harakati tomonidan manfaatdor vazirlik va tashkilotlar hamkorligida amalga oshirilayotgan «Global iqlim o`zgarishiga moslashish bo`yicha eng yaxshi g`oya» tanlovi ana shunday o`ziga xos loyihalardan biridir.
Ushbu tanlovdan ko`zlangan maqsad ekologik muammolarni bartaraf etishda yoshlarning faolligini oshirish, ekologik ta`limni takomillashtirish, barqaror taraqqiyotga erishish, global iqlim o`zgarishining insoniyat kelajagiga salbiy ta`sirining oldini olishdir. Tanlovga mamlakatimizning turli hududlaridagi oliy o`quv yurtlari talabalaridan bir yuz yigirmadan ortiq ilmiy loyiha, ma`ruza va maqolalar qabul qilindi.
Yosh tadqiqotchilarning ilmiy-ijodiy ishlarida qishloq xo`jaligi, sanoat, neft-gaz tarmog`i, chiqindilarni boshqarish sohalariga ekologik sof texnologiyalarni tatbiq etish, suvni tejash, tabiat boyliklaridan oqilona foydalanish borasidagi dolzarb masalalar qamrab olingani ahamiyatlidir.
Tadbirda g`olib va sovrindorlarga diplom va qimmatbaho sovg`alar topshirildi.