1

YuRTIMIZDAGI ENG QADIMIY USTAXONA

Rekord 27.11.2017, 15:54
YuRTIMIZDAGI ENG QADIMIY USTAXONA

Mamlakatimizda hunarmandlar ko`p. Ular orasida bir qancha avlodlar kasbini davom ettirib kelayotgan ustazodalar ham talaygina. Ammo bundan 250 yillar avval qurilgan ustaxonada ajdodlar chirog`ini yoqib kelayotgan hunarmand birgina Andijon shahridagi “Jalolbek” mahallasida yashaydi, desak, mubolag`a bo`lmas.

Mirza-Bahrom aka Abduvahobovning aytishicha, Andijonda asrlar davomida shuhrat topib kelgan kulollar sulolasining 14 avlodi hisoblanadi. 66 yoshli hunarmandning nomini nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham yaxshi tanishadi. U yaratgan xalq amaliy san`ati namunalari xorijiy davlatlardagi bir qator ko`rgazmalarda namoyish etilgan. Andijonga tashrif buyurgan chet ellik sayyohlar u yasagan bejirim kulolchilik mahsulotlaridan xarid qilmasdan ketishmaydi.

Uning ustaxonasida nafaqat o`zi va shogirdlari, balki boshqa qo`li gul hunarmandlar, hatto chet ellik kulollar mehnati mahsuli bo`lgan qimmatbaho idishlarni ko`rasiz.

Mirza-Bahrom akaning ustaxonasi o`zi yashab turgan hovlining ro`parasida – ko`chaning narigi betida joylashgan. Ustaning aytishicha, ustaxona joylashgan hovlida ikki asrdan ko`proq vaqt mobaynida ajdodlari yashab, mehnat qilib kelishgan. Bu hududda sulolaning turli vakillari paytida qurilgan uchta ustaxona mavjud. Ularning eng qadimgisi XVIII asrning ikkinchi yarmida qurilgan. Mirza-Bahrom aka bu ustaxonaga ham tez-tez kirib bobolari ruhini shod etib turadi. U kishining aytishicha, mazkur ustaxonaga 1902 yilda yuz bergan Andijon zilzilasi paytida jiddiy shikast etgan va ko`p o`tmay, bobosi Yunus ota tomonidan ta`mirlangan ekan.

Ustaxonaning qadimiy paxsa devorlari, ko`hna dastgohlari, o`zbek kulolchiligining betakror namunalari — bularning bari Mirza-Bahrom akaning ajdodlar merosi, xalqimizning boy ma`naviyatiga bo`lgan beqiyos muhabbatini ko`rsatib turibdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1