O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quranbaev feysbukdagi o`z sahifasida O`zbekiston yoshlar ittifoqi «O`zbekiston bo`ylab» videoroliklar tanlovini e`lon qilinganini ma`lum qildi.

O`zbekistonda yoshlar turizmi hamda ichki turizmni rivojlantirish, tuman va shaharlarning turistik salohiyati, joylardagi tarixiy obidalar, ziyoratgohlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni targ`ib qilish, mediamahsulotlarning keng tarqalgan turi – videoroliklar yordamida mamlakatning turizm salohiyati to`g`risida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida yosh ijodkorlar o`rtasida “O`zbekiston bo`ylab” nomli videoroliklar tanlovini tashkil etilmoqda.
Tanlovda ta`lim muassasalarining o`quvchilari va talabalari, ijodiy birlashmalar, markaz va klublar a`zolari, vaqtincha ishsiz yoshlar, jurnalistlar, videomahsulotlar yaratish bilan shug`ullanuvchi mutaxassislar ishtirok etishlari mumkin.
Tanlov nominasiyalari:
— “O`zbekistonning turizm salohiyatini namoyon etgan eng yaxshi videorolik”;
— “O`zbekistonning ekoturizm salohiyatini namoyon etgan eng yaxshi videorolik”;
— “Milliy qadriyat va urf-odatlarni targ`ib etishga qaratilgan eng yaxshi videorolik”;
— “O`zbekistonning tabiiy hududlari to`g`risidagi eng yaxshi videorolik”.
Ijodiy ishlar 2017-yilning 1-dekabrdan 2018-yilning 1- fevraligacha tashkilotning tuman va shahar Kengashlarida qabul qilinadi!
Tanlov g`oliblari maxsus diplom va qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlanadi.





