Yosh ayol olti oylik bolasini 2000 dollarga pullamoqchi bo`ldi

Jamiyat 06.03.2014, 12:02
Yosh ayol olti oylik bolasini 2000 dollarga pullamoqchi bo`ldi

Ziyoda T.ning  navbatdagi o`g`li tug`ilgan paytda uning qizchasi uch yoshga etib qolgandi. U o`g`liga Bahodir deb ism qo`ydi. Bola har jihatdan sog`lom tug`ilgandi. Ammo qismat bu kichkintoyni yaxshi ota-ona bilan siylamagan ekan.

Ziyoda o`zining nojoiz fe`li bilan boshqalardan ajralib turardi. U navbatdagi bolasini tuqqanidan oldin betartib hayot tarziga ko`nikib ulgurgandi. Tug`ruqdan keyin ham bu odatini tashlamadi. U ichkilikka berilgan, bolalar taryubiyasiga e`tibor bermay qo`ygandi. Uning doimiy ish joyi ham yo`q edi. Gohida mavsumiy ish topish uchun “Chorsu” bozoriga qatnardi.

Qush uyasida ko`rganini qiladi, deydi dono xalqimiz. Ziyodaning taqdirini vaqtida uning ota-onasi belgilab berishgandi. U Toshkent viloyatida kam ta`minlangan oilada voyaga etgandi. Ota-ona kun bo`yi ishda bo`lar, bolalar tarbiyasiga hech kim e`tibor bermasdi. Axir bir paytning o`zida ham ishlab, ham bolalar tarbiyasiga qarash juda murakkab ish. To`g`ri. Har ikkisining ham uddasidan chiquvchilar yo`q emias. Ammo, Ziyodaning ota-onasi bu toifaga kirmasdi. Har qalay, bu fikrlarni uning o`zi, a-ancha keyin tegishli ko`rsatmalarida e`tirof etib o`tgan.

Darvoqe, shaxsiy hayotda ham uning ishi yurishmadi. Qizining otasi Ziyodaning homiladorligini eshitishi bilan “quyonning rasmini chizgandi”. Abort uchun kech bo`lgandi. Bahodirning otasi kim bo`ldi unda? Bu savolga ayolning o`zi ham aniq javob bera olmaydi.

Ikki nafar farzandni boqish, kiyintirishning o`zi bo`lmaydi. Ziyoda tang ahvolda qolgandi. Chunki, u ishlab topgan pulning asosiy qismini o`zining kayfu safosi yo`lida sarflardi. Bolalarini edirib-ichirishga esa, ko`pincha pul etmay qolardi.

Kunlarning birida uning miyasiga bir fikr keldi. Bolasini sotib yuborsa nima bo`larkin? Bu fikr o`ziga ma`qul tushdi. Tanishlaridan biriga bu haqda og`iz ochib maslahat so`radi. U 200 dollar evaziga o`z jigarbandini sotishga tayyorligini bildirdi. Tanishi esa o`z navbatida boshqa tanishlariga bu xabarni etkazdi. Bu yangiliklar farzand asrab olish istagidagi bir oilaga ham borib etdi.

Biroq, o`z bolasini sotishni mo`ljallayotgan ona haqida eshitib qolgan aqli raso odamlar bu holning qonunga zid ekanini anglab etishdi va milisiyaga xabar qilishdi. Jinoyatga taraddud haqida xabar topgan milisiya xodimlari bolani sotib olmoqchi bo`lgan oiladan bu jinoyatni ochish jarayonida ishtirok etishni so`rashdi. Maqsad Ziyodani jinoyat joyida qo`lga tushirish edi.

Belgilangan kunda “haridorlar” kelishib olish uchun Ziyodani poytaxtdagi kafealarning biriga taklif etishdi. Ziyoda o`g`lini ham bo`lajak ota-onasiga ko`rsatish uchun olib kelgandi. Bola haridorlarga ma`qul tushgach, u o`z talablarini qo`ya boshladi: “Ikki ming dollar to`laysizlar va men bahodirni butunlay unutaman!”. “Haridorlar” esa, Bahodirni farzandlikka qabul qilishga tayyor ekanliklari, yonlarida etarlicha pul ham borligini aytishdi. “Onaizor” esa, ishi bu qadlar tez bitayotganidan benihoya mamnun edi.

Ammo uning quvonchi juda qisqa umr ko`rdi. U hali pulni sanab ulgurmasidan eshikdan huquq-tartibot idoralari vakillari etib keldi va Ziyodani jinoyat ustida qo`lga olishdi.

Bu haqda Toshkent shahar IIBB TB katta tergovchisi Ulug`bek Madaliev shunday deydi:

-Ziyodaga qarshi odam savdosi jinoyati bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atildi. U qilmishiga yarasha jazosini oladi. Bahodir hozir go`daklar uyida. Opasining taqdiri ham hal etilmoqda. Hozir qizcha Ziyodanging ota-onasi qaramog`ida. Ayni paytda Ziyodani onalik huquqidan mahrum etishlari, bolalarni esa, mehribonlik uyiga topshirishlari mumkin.

R.S. Go`daklar uyidan bizga xabar berishlaricha, hozir Bahodirning sog`lig`i joyida va bir maromda rivojlanmoqda.

Maqoladagi ismlar o`zgartirilgan, har qanday o`xshashlik tasodif bo`lishi mumkin.

Elina Rustamova tayyorladi

Maqolani yozishda ko`rsatgan yordami uchun Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatiga minnatdorlik bildiramiz

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1