Hozirgina Darakchi.uz'ga kelib tushgan mazkur shikoyat O`zbekiston Davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakulteti talabalaridan.
Unda aytilishicha, bir guruh talabalar “Buyuk Ipak yo`li” – “Ippodrom” yo`nalishida harakatlanadigan Davlat raqami 01k329WAA bo`lgan 98-sonli "Isuzu" rusumli avtobusdan tushayotganlarida haydovchi o`z-o`zidan talabalarga qarata “Tezroq tushlaring senlardan allergiyam bor” deya qo`pollik qilgan.
Talabalarning izohlashicha, haydovchining “allergiyasi”ni qo`zg`atgan narsa ularning qo`llaridagi oylik yo`l chiptasi bo`lgan. Talabalarning aytishlaricha, oylik yo`l chiptasi bilan yuradigan talabalarga hamma haydovchilar ham ijobiy qarashmasligi avval ham uchragan, biroq haydovchining bu kabi munosabati odamni noqulay ahvolga solgan.
Avtobuslarimiz yaylovda uloq talashib ko`pkarida yugurayotgan chavandozdek...
Kuni kecha tahririyatimizga yana bir yo`lovchidan shikoyat murojaati kelib tushgan. Unda shunday deyiladi:
“Chamasi uch yildan buyon “Aviasozlar” shohbekati va “Beshyog`och” yo`nalishida harakatlanuvchi 152-sonli yo`nalishli taksi xizmatidan foydalanaman. Har doim ertalab ishga otlanayotganda bu marshrutkaga ilinib qolish havotiri menga tinchlik bermaydi. Chunki oraliq intervali 30, hatto ba`zida 40 daqiqani tashkil etuvchi bu marshrutkaga yo`lovchilar xuddi yaylovda uloq talashib ko`pkarida yugurayotgan chavandozdek harakat qilishadi. Har doim o`zbekligimizga xos andishani parda qilib, imkon qadar harakat bilan unga ilinib olaman. Bugun ham shunday bo`ldi: roppa-rosa 30 daqiqa kutib qoldim. Ishga kech qolyapman, asabim taranglashyapti, nafaqat mening ana shu transportdan foydalanuvchi boshqa yo`lovchilar ham mening kabi ahvolda. Hammamiz “Aviasozlar” shohbekatidan boshqa yo`nalishlarga harakat qilayotgan 91, 129, 97, 111, 18, 78-sonli bir qator marshrutlarga umid bilan qarab qolamiz. Ammo bu marshrutlarning bizning yo`nalishniki emas. Ahiyri 152-marshrut ham keldi. Nafaqat men, boshqa yo`lovchilar ham haydovchiga arz-dod qilib chiqib olishdi. Yana o`shanday ahvol: kim kimni turtgan, kim kimni itargan, yana birov esa... Umuman tasavvur qila oldingiz menimcha ahvolni. Men esa haydovchidan ko`ra ko`proq bunga mas`ul MChJ rahbariyati bilan masalaga oydinlik kiritishga qaror qildim. Marshrutkada ilib qo`yilgan ma`lumotdagi raqamlarni qo`l telefonimga yozib oldim-da, ishxonamga kela solib “Axtam trans servis! MChJ raqamlariga sim qoqdim.
Go`shakni MChJ rahbarining o`zi ko`tardi. Unga vaziyatni aytdim. Qachongacha bu davom etadi? Nahotki 21 asrda yo`lovchiga xizmat ko`rsatish mas`ulligini olgan MChJ bu vaziyatni tartibga keltirmaydi?
Avvaliga rahbar yo`nalishdagi ayrim ushlanib qolish sabablari bilan oqlamoqchi bo`ldi. Ammo unga nafaqat bugun, balki har kuni, har xil vaqtda foydalanganda ham ana shunday vaziyat kuzatilishini aytganimdan keyin:
“Yaxshi, bugun-erta deb va`da berolmayman-u, ammo biror hafta ichida qatnovga yana ikkita mashina qo`shamiz. Hozircha 6 ta mashina xizmat ko`rsatyapti. Yana ayrim haydovchilarimizning ham vaqtni cho`zib harakat qilayotgani bunga sabab bo`layotgan bo`lishi mumkin. Ularning ham harakatlanishini monitoring qilib, vaziyatni tartibga keltiramiz”, - deya javob berdi.
Ko`ramiz, vaziyat rostdan ham tartibga solinadimi yoki... Bu haqda keyinroq xabar beramiz.
"Poygachi" haydovchilar xususida
Yana bir shikoyat “Qo`yliq” massividan “Buyuk ipak yuli” yunalishi tomonga xarakatlanadigan 50, 110-sonli avtobuslar ustidan. Ushbu yo`nalish avtobuslaridan foydalanuvchilarning ma`lumotlariga ko`ra, ushbu avtobuslar bir-biri bilan poyga o`ynab, deyarli har doim “Iltifot” bekatida ularni kutib turgan yo`lovchilar borligiga qaramay tezlik bilan o`tib ketishadi.
Xullas mana shunday holatlar.
Shahar yo`lovchi transportidagi bu kabi muammolar qachon barham topishi, haydovchilarning yo`lovchilarga nisbatan bunday hurmatsizlik bilan munosabatda bo`lishlarining cheki bormi, degan tabiiy savollar tug`iladi.
Mavzuga qaytamiz, bizni kuzating!





