2011 yilning 12 noyabr kuni soat 21:30larda Zangiota tumanida joylashgan "G`ishtko`prik" bojxona-chegara maskaniga etib kelgan "Mersedes Benz 180-C" rusumli avtomashina chegaradan o`tib, o`z oilasi yoki qarindosh-urug`lari oldiga oshiqayotgan yo`lovchilarni manziliga etkazishga xizmat qiladigandek edi. Biroq, mashinadan tushib, mijoz kutayotgan ikki og`aynining maqsadlari o`zgacha, ular avvaldan rejalashtirib olingan jinoiy maqsadlarini amalga oshirish uchun payt poylashardi…
MO`MAY DAROMAD "ISI"DAN SARMAST
Bu ikki navqiron, bilagi kuchga to`lgan, tog`ni ursa talqon qilgudek yigitlar halol mehnat qilib, pul topish o`rniga, zo`ravonlik, bosqinchilik, qotillik ortidan keladigan mo`may daromad "isi"dan sarmast edilar. Ular o`z rejalarini ro`yobga chiqarish uchun yolg`iz ayollarni ko`z ostilariga olishgan edi. "O`lja" ham ko`p kuttirmay, ko`rinish berdi. Qozog`iston Respublikasidan O`zbekistonga hamrohsiz o`tib kelayotgan chimkentlik Tamila Adilova (ism-familiyalar o`zgartirilgan) ularning e`tiborini tortdi. Yolg`iz ayolga peshvoz chiqqan yigitlar, undan qaerga borishini so`rashdi va biroz savdolashganlaridan so`ng Tamilani manziliga eltib qo`yadigan bo`lishdi. T.Adilova o`sha damda o`zi o`tirayotgan avtoulov "ajal mashinasi" ekanligini xayoliga ham keltirmagan bo`lsa kerak.
“ODAM BORKI, HAYVON UNDAN YaXShIROQ...”
Mashina o`t olgandan so`ng, yo`lovchi manziliga eson-omon etib olishni niyat qilgan bo`lsa, Polat Berdaliev va Abduseit Ormanovlar rejalari xamirdan qil sug`urgandek oson amalga oshishini o`ylashardi. Aytilgan manzil tomon yo`lga chiqqan mashina ko`p o`tmay yo`nalishini o`zgartirdi-da, aylanma yo`llar orqali Ohangaron tumanining Shodmalik ota qishlog`i hududidan o`tgan Toshkent-Olmaliq avtomobil yo`liga chiqib oldi. Qorong`u bo`lganligi sababli Tamila qanday yo`nalish bo`yicha ketishayotganini tushunmay ham qoldi. Anchagina yurganlaridan so`ng Polat rulni dala tomon burdi. Avtoulov katta yo`ldan 60-70 kilometrcha pastlikka tushib kelib, to`xtadi. Kimsasiz joyga kelib qolganlaridan hayron bo`lgan T.Adilova qaerdaliklarini so`rashga ulgurmadi. Yigitlar unga to`satdan tashlanib qolishdi. Tabiiyki, ojiza ikki yigitning hujumini bartaraf etishning uddasidan chiqa olmadi. Polat bilan Abduseit Tamilaga nisbatan zo`rlik ishlatib, nomusiga tajovuz qilishdi. Ko`rinishidan odamga o`xshasa-da, aslida hayvondan ham battarroq bo`lgan bu kimsalarning tajovuzidan nomusi poymol bo`lgan ayol hali o`ziga kelib ulgurmasdan nafasi bo`g`ilib, tipirchilay boshladi. Ammo bo`yniga solingan sumka bog`ichidan qutulishga quvvati etmadi. Ko`p o`tmay, uyiga oshiqayotgan ayolning joni uzildi.
REJANING ASOSIY QISMI
Shundan so`ng rejaning asosiy qismini ado etishga kirishgan yigitlar marhumaga tegishli narxi 250 ming so`mlik "Samsung DUOS" rusumli uyali telefon apparati va 4 ming qozoq tengesini qo`lga kiritib, jinoyat izini yashirish maqsadida murdaning fuqarolik pasportini va uning yonida bo`lgan qizining tug`ilganlik haqidagi guvohnomasi bilan birga yoqib yuborishdi. Murdaning yonayotganini tomosha qilayotgan yigitlarning qalbida zarracha bo`lsa-da, pushaymonlikdan asar yo`q edi. Aksincha, ehtiyojlari qonganidan mamnun, ishshayib turishardi.
BIRINChI OV IShTIYoQNI OShIRDI
Birinchi ovning baroridan kelishi ularning ishtiyoqini oshirib yubordi. Oradan 17 kun o`tib, aniqrog`i 29 noyabr kuni "ajal mashinasi" yana bojxona-chegara maskanida paydo bo`ldi. Bu safar ularga chegaradan yolg`iz o`tib kelayotgan Mahbuba Rayimova ro`para bo`ldi. O`zlarini kirakashday tutgan yigitlar ayolni o`rtaga olib, qaerga bormoqchiligini so`rash barobarida, yo`lkira borasida savdolasha ketishdi. Yigitlar uzoq tortishib o`tirmay, savdoni pishirishdi. Sergeli tumani Qo`yliq-5 mavzesidagi xonadoni tomon oshiqayotgan Mahbuba o`zini oldinda qanday "sarguzasht"lar kutayotganidan bexabar avtoulovga o`tirdi va uchovlashib yo`lga tushishdi. Polat yo`lovchini chalg`itish uchun rulni aylanma yo`llarga burib, yura-yura, Yuqori Chirchiq tumanidagi fermer xo`jaliklaridan birining paxta dalasi chetiga kelib to`xtadi. Hech kimsa yo`q, atrofni zulmat qoplagan joyga kelib qolganliklarini ko`rgan M.Rayimova o`zini ikki yirtqich bo`ri qarshisida ojiz qolgan qo`zichoqdek his etardi. Yigitlar unga tashlanib, 44 yoshli ayolning yalinib-yolvorishlariga qaramay, zo`rlik ishlatib, mashinaning ichida nomusini toptashdi. Farzandlari qatori yigitlarning bu qadar tuban ketib, qabihlikka borganidan xo`rligi kelib, yig`layotgan ayol bu hali hammasi emas ekanligini o`ylashga ham ulgurmadi.
POYTAXT KO`ChALARIDA
Johillar o`zlari bilan olib kelgan arqonni ishga solib, yo`lovchi ayolni bo`g`ib o`ldirishdi va marhumaga tegishli 50 ming so`m hamda 700 AQSh dollar pullarini olib, murdani fuqarolik pasportiga qo`shib yoqib yuborishdi.Bunday qabih ishlarni amalga oshirishda diydasi qotib, asta-sekin "malakasi"ni ham oshirib borayotgan qotillar 3 dekabr va 7 dekabr kunlari "ovga" chiqib, Naima Bekpo`latova hamda Nurposhsha Mirzaevalarni o`z usullari bo`yicha o`ldirib, moddiy boyliklarini o`zlashtirishdi. Bojxona-chegara maskaniga boraverish jonlariga tekkan shekilli, keyinchalik "ajal mashinasi" poytaxt ko`chalarida paydo bo`ldi. 28 dekabr soat 18:30larda ikki og`ayni "mijoz" izlab, ko`chalarni aylanib yurishardi. Bu safar ularga Toshkent shahridagi "Perfectum Mobile RWC" xorijiy uyali aloqa kompaniyasi binosi yonida taksi kutayotgan Ruqiya Rametova duch keldi. Ro`parasiga kelib to`xtagan "Mersedes Benz 180-C" rusumli mashinaning haydovchisidan R.Rametova Mirobod tumani D.Kunaeva ko`chasiga olib borib qo`yishni so`radi va narxini kelishib, mashinaga o`tirdi. Polat bu safar yo`lovchini adashtirmay, mashinani aytilgan manzil tomon haydadi. Biroq, mashina ko`zlangan joyga etmay, ko`p qavatli uylarning kimsasiz hovlisiga qarab burildi. Atrofga alanglagan qotillar hech kim ko`rinmayotganiga ishonch hosil qilishdi-da, "ishga kirishishdi". Inson qiyofasidan chiqib ulgurgan kimsalarning kutilmagan harakatlaridan yo`lovchi qiz o`zini yo`qotib qo`ydi. Nima bo`layotganini anglashga ham ulgurmay, "kirakash"larning qurboniga aylandi. Qizni o`zlarining "ssenariy"lari asosida avval zo`rlab, so`ng bo`g`ib o`ldirishdi. Har safargidek, marhumaga tegishli bo`lgan mol-mulklarni, jumladan, 500 ming so`mlik uyali telefon apparati, 420 ming so`mlik tilla zanjir, 3 mln. 169 ming 500 so`mlik 3 dona tilla uzuk, 405 ming so`mlik tilla kulon, jami 4 mln. 494 ming so`mlik mol-mulklarini qo`lga kiritib, murdani mashinaning yukxonasiga joyladilar-da, voqea joyidan yashirindilar. Endi qanday qilib bo`lmasin, mashinadagi jasaddan qutulishning yo`lini topish kerak edi. Axir shaharda daladagi kabi murdani yoqib yuborib, jinoyat izini osongina yo`q qilib bo`lmasdi-da!
11 NAFAR AYoL MURDASI
Qotillar R.Rametovaning jonsiz tanasini Mirobod tumani Qo`yliq-1 mavzesidagi avtogarajlar oldiga tashlab ketishdi. 2011-2012 yillarda Toshkent viloyati va poytaxt hududidan 7 nafar, Qozog`iston Respublikasida esa 4 nafar, jami 11 nafar ayolning murdalari qotillik alomatlari bilan topilgan edi. Ma`lum bo`lishicha, ularning barchasi insoniylik qiyofasini yo`qotgan mana shu ikki yigitning "o`lja"siga aylanishgan ekan. Ojizalarga zo`rlik ishlatib, ayollik nomusi, iffatini oyoq osti qilgan, bosqinchilik yo`li bilan moddiy boyliklarini egallab, joniga qasd qilgach, murdani xo`rlagan qotillar vahshiyona qilmishlari uchun qonun oldida baribir javob berishlarini o`ylamagan bo`lsalar kerak. Ularning sodir qilgan jinoyatlarini fosh qilish, qotillarning shaxsini aniqlash borasida tergov harakatlari biroz qiyin kechsa-da, barcha zarur prosessual harakatlar o`z samarasini berdi.
2000 DAN ORTIQ ShAXS SO`ROQ QILINDI
Xususan, tergov harakatlari davomida ikki mingdan ortiq shaxslar guvoh tariqasida so`roq qilindi, 500 dan ortiq "Mersedes Benz" rusumli avtomashina egalarining jinoyatga aloqadorligi tekshirildi, hodisa joyidan olingan ashyoviy dalillar yuzasidan 500 dan ortiq turli ekspertizalar o`tkazildi, gumondor shaxslarning yashash xonadonlari hamda avtomashinalarida 100 dan ortiq tintuv va ko`zdan kechirish amalga oshirildi, uyali aloqa kompaniyalariga tegishli ellik mingdan ortiq raqamlar tahlil qilindi. Buning natijasida fuqaro P.Berdaliev ushbu jinoyatni sodir qilishda gumon qilinib, uning yashash xonadoni va avtomashinasi tintuv qilinganida qotillik qurboni bo`lgan ayollarning buyumlari topildi. Shu bilan birga, keng qamrovli tergov harakatlari natijasida jabrlanuvchilarga tegishli bo`lgan tilla buyumlar va uyali telefon apparatlarini xarid qilib, ulardan foydalanib kelayotgan shaxslar ham aniqlanib, buyumlar olib qo`yildi va jabrlanuvchilar yaqinlariga qaytarilishi ta`minlandi. Qotillik qurboni bo`lgan jabrlanuvchilarga etkazilgan moddiy va ma`naviy zararni undirish yuzasidan sudga da`vo arizasi kiritildi.
UMRBOD QAMOQ JAZOSI
Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyat sudi Abduseit Ormanovga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Polat Berdaliev esa qonun hukmidan qochib qutulaman, degan o`y bilan yashirinishga harakat qildi. Ammo u qo`shni mamlakat hududida qo`lga olinib, jinoyat ishlari bo`yicha Janubiy Qozog`iston viloyat sudining hukmi bilan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etildi.Qozog`iston Respublikasi Bosh prokuraturasining P.Berdalievni tergov harakatlari o`tkazish uchun 3 oy muddatga O`zbekiston Respublikasiga vaqtinchalik ekstradisiya qilishga ruxsat bergan xatiga ko`ra, P.Berdaliev mamlakatimizga olib kelindi va unga nisbatan olib borilayotgan tergov harakatlari tiklanib, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sudga taqdim etildi. O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining hukmi bilan P.Berdalievga ham umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Azizbek NAZAROV, Bosh prokuratura boshqarma boshlig`i
“Huquq” gazetasidan olindi





