“Qanday sovg`a olsam ekan?” Shu kunlarda bu savol ko`pchilik erkaklarni o`ylantirayotgan bo`lsa ajabmas. Bu borada engillik yaratish maqsadida ularga ayolning burjiga qarab tanlash mumkin bo`lgan sovg`alar haqida ma`lumot berishga qaror qildik. Shunday ekan, biz tavsiya etamiz, tanlash o`zingizga havola...
HAMAL
Bu burj sohibalari nima xohlayotganini aniq biladigan ayollar sirasidan. Shu sababli agar sizga mazkur burj vakilalaridan tuhfa etilishi lozim bo`lgan sovg`a haqidagi “kosa tagida nim kosa” qabilida fikr bildirilgan bo`lsa, buni inobatga oling. Agar sovg`a olishga ikkilansangiz, tabiat, o`simliklar olami haqida yozilgan kitoblarni hadya qilgan ma`qul. Bu toifa ayollar uy va oshxonadagi qulaylikni ham yaxshi ko`rishadi. Shu bois oshxonada unga vaqti va kuchini tejashga yordam beradigan biror jihozni sotib olganingiz ma`qul. Ammo unutmang: sovg`a ustidagi o`ram bejirim bo`lishi lozim. Gullarga keladigan bo`lsak, qizil xrizantema dastasini taqdim qilish ayni muddao.
SAVR
“Savr” xonimlar tilla buyumlarni, turli bejirim taqinchoqlarni xush ko`rishadi. Dil izhoringizni aytish uchun ham ushbu bayram ayni muddao. Shuningdek, bayram kunini mazmunli o`tkazish maqsadida saylga borish ham mumkin. Savrlar hamma narsaga ulgurishni yaxshi ko`rishadi. Shu sababli sayl davomida do`kon aylanishga ham vaqtingiz bo`lishi kerak. Do`konni esa shunchaki aylanib bo`lmaydi, albatta biror o`ziga yoqqan narsani xarid qilishi mumkin. E`tibor bering, bu burjdagi ayollar biror narsani kolleksiya qilishni juda yaxshi ko`rishadi. Yaqinda xarid qilgan ko`ylaklariga mos oyoq kiyim va sumka xarid qilish ham yaxshi fikr. Atir sovg`a qilishni istasangiz, o`tkir hidlilarini tanlamang. Gullar orasida qo`ng`iroqgul, georgin kabilar ularga manzur bo`ladi.
JAVZO
Bu burj vakilalariga uyda inson uchun kerak bo`ladigan hamma narsani xarid qilish mumkin. Guldon, ko`rinishi antiqa finjon, surat, gulchambar va hokazo. Ammo ushbu sovg`alarning rangi va shaklini tanlashda “Javzo” xonimlarning dididan kelib chiqib tanlash maqsadga muvofiq. Binafsha, astra, chinnigul kabi gullar sovg`angizga ko`rk beradi.
SARATON
Yozning jaziramasida tug`ilgan ushbu ayollar uchun ularning latofati, go`zalligi, nozikligini ifodalab turuvchi har qanday narsani xarid qilish mumkin. Kosmetika mahsulotlari, taqinchoqlar, bejirim sharf kabilar shular jumlasidan. Aytgancha, ushbu ayollarning aksariyati ko`k va qora rangni xush ko`rishadi. Agar sovg`a tanlashga juda ham qiynalsangiz, chiroyli fotoalbom, qo`l mehnati yordamida qilingan biror narsa xarid qiling. Gullardan gulsafsar, liliya yoki tuvakda ochilib turgan gulni tuhfa etsangiz, unga yanada bayramona kayfiyat ulashishingiz shubhasiz.
ASAD
Bu toifa ayollar noodatiy, o`ziga xos, hech kimda uchramaydigan sovg`alarni qabul qilishni yaxshi ko`rishadi. O`ta sabrli ayollar sirasidan bo`lganliklari uchun ham ularga mayda chokda tikiladigan suratli matolar, biser va munchoqlar bilan bezatiladigan mato suratlarni hadya qilish o`rinli. Ammo yodingizda tuting: siz sovg`a qiladigan narsa uning e`tiborini jalb qilishi shart. Aks holda sovg`a uyning bir chetida qolib ketishi hech gap emas. Atirgul, gladiolos gullari bu burj vakillariga yoqadi. Guldastadagi gullar soni qancha ko`p bo`lsa, ularga shuncha manzur bo`ladi.
SUNBULA
Sunbula burji vakilalari uchun karera juda muhim. Shu sababli ularga qimmatbaho buyumlar sovg`a qilganingiz ma`qul. Qimmatbaho ruchka, sumka, kamyob kitoblar, yangi texnik jihozlar, yangi qo`l telefoni ayni muddao. Bu ayollar ichida uy bekalari ham bor. Ularga uyda foydalaniladigan texnik jihoz sotib oling. Suvga solib qo`yilgan holatda uzoq saqlanadigan gullar orasida atirgul, astra, binafsha kabi gullar ularga manzur bo`ladi.
MEZON
Bu burj vakilalariga sovg`a qilishda boshqalarni ham hisobga olishingiz kerak. Ajablanmang, ular bir o`zlariga emas, hammaga kerak bo`ladigan, atrofdagilarga ham asqotadigan sovg`alarni yoqtirishadi. Masalan, billur qandil, guldon, oshxona jihozlari to`plami va hokazo. Gullar orasida ularga pushti rangli atirgul, astra kabilarni xarid qilishni maslahat beramiz.
AQRAB
Umuman olganda “Aqrab” xonimlar uchun vaqtni tejab ularning ko`rkiga ko`rk qo`shadigan har qanday jihoz munosib sovg`a bo`lishi aniq. Sport mashg`ulotlarini bajarish uchun qo`l keladigan trenajyorlarni sovg`a qilsangiz, o`zlarini qo`yarga joy topa olishmasa kerak. Piongul, atirgul, liliya, hatto gullari ochilib turgan kaktus ham ularga yoqadi.
QAVS
Bu ayollar orasida dangalchilari ham juda ko`p. Kamchiligingizni yuzingizga aytadigan, dilidagini tilida aks ettiradigan bu ayollarga sovg`adan ko`ra uning pulini berib qo`ya qolganingiz ham ma`qul. Agar pulga qo`shib pul solinadigan bejirim hamyon sovg`a qilsangiz, ayni muddao. Bundan tashqari ularga turli konsert, tadbir, kino, teatr kabilarga chipta sovg`a qilishingiz ham mumkin. Qizig`i shundaki, bu burj vakillariga istalgan turdagi gulni sovg`a qilish xush kayfiyat bag`ishlaydi. Ammo guldastadagi gullar soni ko`p, o`rami esa nafis bo`lishi kerak.
JADIY
Maqsadi sari doim olg`a intiladigan bu ayollarga o`ziga bo`lgan ishonchni mustahkamlaydigan biror sovg`a xarid qiling. Boshqalardan farqli o`laroq, siz xarid qiladigan sovg`a aynan ayollarga xos bo`lishi kerak. To`rli ko`ylak, qimmatbaho mo`yna shular jumlasidandir. Lola gulidan guldasta yasatib sovg`a qilsangiz, xursandchiligi yana ham oshadi.
DALV
Bu ayollarga shubhasiz biror yangi chiqqan texnika vositasini sovg`a qiling. Masalan, elektron kitob, idish yuvadigan mashina, xamir tayyorlaydigan texnika vositasi va hokazo. Vaqt va kuchni tejaydigan har qanday texnik jihoz uning quvonchiga sabab bo`lishi aniq. Gullar ichidan bo`tako`z, oq siren, orxideya, lola kabilarni sovg`a qiling.
HUT
Bu burj vakillariga bolalikni yodga soluvchi, beg`ubor sovg`alarni xarid qiling. Chunki ularning tabiati, garchi yoshi ulg`ayib borsada, xuddi bolalarnikidek beg`ubor. Yumshoq o`yinchoqlar, antiqa suratlar bilan bezatilgan kitoblar, turli o`yinlar, agar uyda baliq boqiladigan bo`lsa, akvarium baliqlari ular uchun munosib sovg`a. Liliya, qaymoqrang atirgul ayni burj sohibalariga yoqishi aniq. Ammo shuni yodda tuting: ular o`ta yorqin ranglarni unchalik yoqtirishmaydi.