Kelgusi o`quv yilida Toshkentda Amerikaning birinchi OTM filiali ochiladi.
Vise-prezident Piter Maxer boshchiligidagi Vebster universiteti delegasiyasi Toshkentga tashrif buyurdi. Delegasiya tarkibidan Biznes va texnologiyalar maktabi va mazkur OTMning Ta`lim maktabi dekanlari Simmon Kummings hamda Brend Fayf hamo`rin olgan.
TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, tashrifdan ko`zlangan maqsad O`zbekiston tomoni bilan Vebster universitetining Toshkent shahridagi filialini ochish bilan bo`liq texnik, huquqiy va moliyaviy jihatlar hamda yangi o`quv yilidan — 2018 yilning sentyabr oyidan boshlab ta`lim muassasasi faoliyatini boshlash masalalari muhokama qilinadi.
Toshkent shahrida AQSh universitetining birinchi filiali ochilishi to`g`risidagi O`zbekiston oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi va Webster universiteti o`rtasidagi bitim O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning sentyabr oyida Nyu-York shahriga tashrifi doirasida o`tkazilgan O`zbekiston-AQSh biznes-forumi yakuni bo`yicha imzolangan.
Vebster universiteti delegasiyasining O`zbekistonga tashrifi dasturida Oliy va o`rta maxsus ta`lim, Maktabgacha ta`lim, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalar vazirliklarida uchrashuvlar o`tkazilishi ko`zda tutilgan. Muzokaralar davomida mamlakatimizda Vebster universiteti filiali faoliyatining tashkiliy va huquqiy jihatlari muhokama qilinadi hamda Universitet tomonidan tuziladigan o`quv dasturlari kelishib olinadi.
O`zbekistonning Vashington shahridagi elchixonasi ma`lumotlariga ko`ra, AQSh delegasiyasi O`zbekistondagi ta`lim muassasalarida tashkil etilgan o`quv jarayoni bilan tanishish maqsadida bir qator milliy universitetlarga (O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) hamda xorijiy OTMning filiallariga (Inha universiteti, Turin politexnika universiteti, Singapur menedjment instituti, Vestminster universiteti) ham tashrif buyuradi.
Rejaga ko`ra, Vebster universitetining filialida O`zbekistonlik talabalar «axborot texnologiyalari», «axborot xavfsizligi», «OAV rivojlanishi», «biznes», «tabiiy fanlar» va «pedagogika» kabi ta`lim yo`nalishlarida bakalavr va magistr darajasini olishlari mumkin bo`ladi. O`qish AQSh universiteti professorlari va mahalliy o`qituvchilar tomonidan ingliz tilida olib boriladi.
Vebster universiteti 1915 yilda Missuri shtati Sent-Luis shahrida tashkil etilgan. Universitetning muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan Shveytsariya, Avstriya, Gresiya, Gollandiya, Xitoy, Tailand va Gana kabi davlatlarda 7 ta xalqaro filiallari mavjud. Shuningdek, 2017 yilda Amerikaning eng yaxshi universitetlari reytingida 24-o`rinni egallagan.






