AsosiyShou-biznes

Lolani muxlisi sudga bermoqchi

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Lola Ahmedovani chuv tushirish uchun unga qo`ng`iroq qilib, intervyuga taklif qildik va “Muloqot.uz” kafesida uchrashishga kelishib oldik. Hech gapdan xabari yo`q Lola Ahmedova savollarimizga jiddiy javob bera boshladi.

  • Lola opa, siz ilgariga qaraganda ancha qat`iyatli ayolga aylangansiz...  Sizdagi bu o`zgarishning sababi nima?  
  • Turmush qurganingizdan so`ng hayotga jiddiy qarashni boshlar ekan kishi. Balki elkamga oila va san`at ma`suliyati birvarakayiga yuklangani uchundir yoki yaqinlarimga, farzandimga alohida e`tibor va mehr berishim kerakligini his qilganim uchundir.  Mashhur bo`lsangizu, oilangizga to`kis e`tibor-mehr bera olmasangiz ham bo`lmaydi...

Kutilmaganda yonimizdagi stolda o`tirgan yigit yonimizga kelib gapga aralashdi:  — Kechirasiz, men ham bitta savol bersam bo`ladimi?

Kamina: — Tushunmadim... Iltimos, bizga xalaqit bermang

Lola Ahmedova: (hayron bo`lib) — Biroz keyinroq, suhbatimiz oxirida, maylimi?

Yigit: — Suhbat oxirigacha vaqtim yo`q, ketishim kerak. Meni bir daqiqa eshiting...

Lola Ahmedova yigitga yuzlanib: — Mayli, bir eshitib ko`raylik.

Yigit: — Ikki yil oldin ne-ne orzu-umidlar bilan sizni to`yimga chaqirish uchun qo`ng`iroq qilganman. Shunda men aytgan narxga ko`nmay, to`yga kelmagansiz. Mashhur san`atkorlarni to`yiga chaqirishga hammaning ham imkoniyati etavermasligini bilmaysiz-da. (Lola Ahmedova yigitni diqqat bilan tinglasada, asabiylasha boshladi) Kechirasizu, lekin  hozirigi san`atkorlarda insof degan narsa qolmayapti, shu gaplarimni gazetangizda yozing!

Lola Ahmedova o`zini xotirjam tutishga urinib: —   Shoshmang, men sizni tushundim. Hozir intervyuni tugatib olaylik, keyin nima dardingiz bo`lsa aytasiz, bo`ladimi?

Yigit (qizishib): — Yozmaganingizga qo`ymayman! Bekorchi gaplarni yozgandan ko`ra, haqiqatni yozmaysizmi? Xalq bilsin shunaqa gaplarni...

Lola Ahmedova:O-o-o, balki sudga ham berarsiz? (zaxarxanda kuladi)

Kamina: — Bo`ldi yozamiz, dedim-ku? Endi bizni tinch qo`ying.

Yigit: — Qaysi sonda yozasiz, men bilishim kerak.

Kamina: — Lola opa, shu gaplar rostmi? Uni taniysizmi?

Lola Ahmedova: — Yo`g`-ey, tanimayman! Endi har xil odam bor-da. Keling, suhbatni davom ettiraylik. Sizga yozamiz, dedik-ku, yoki tilxat yozib beraylikmi?

Suhbatga xalaqit bermaylik deb kafening boshqa tomonida o`tirgan Lola Ahmedovaning onasi  va prodyuseri Dilbar Ahmedova shovqinni eshitib, yugurib keldi

Dilbar Ahmedova: — Ha, tinchlikmi?

Yigit: — Tinchlik, tinchlik, bo`lgan voqeani aytib beryapman, jurnalistga.

Dilbar Ahmedova: —  Xalaqit bermang! Kimsiz o`zi? Nima “problema”? (jahli chiqa boshladi).

Lola Ahmedova: — “Problema” — biz to`yga bormapmiz!

Yigit: — Xotinim Lolaning ashaddiy muxlisasi edi. To`yga Lola keladi deb qo`ygandim unga. Sal qolgan, to`yim buzilishiga (qizishib qattiq-qattiq gapira boshlaydi).

Dilbar Ahmedova: — Shoshmang, sog`liginigiz joyidami o`zi? (Kaminaga yuzlanib) — Bu odamni sizlar chaqirmaganmisizlar ishqilib?

Kamina: — Yo`g`-e... Uni birinchi marotaba ko`rib turibman.

Boshqa stolda o`tirgan xo`randa yigitlardan birining janjaldan jahli chiqib gapga aralashgandi ikki o`rtada janjal boshlanib ketdi.

Lola Ahmedova ularning janjalini hayron bo`lgancha  kuzatib:   — Voy tovba!..

Yigit: — San`atkorman deb endi odamlarni mensimaslik kerakmi? Bu nimasi?

Kamina: — Kimdir bu odamni olib chiqsin, iltimos...

Dilbar Ahmedova: — E, bu kasal shekilli... (fotomuxbirga yuzlanib) Siz nega rasmga olyapsiz? Sizning odamingizmi yoki?

Fotomuxbir: — Yo`g`-ey, biz jurnalistmiz, voqea joyidan fakt uchun olib qo`ydim xolos...

Lola Ahmedova: — Manavini o`chirib turaylik (diktofonga ishora qilib), yuring, ketdik intervyuni boshqa joyda qilarmiz...

Janjallashgan yigitlar bir-birini sudrab pastki qavatga tushib ketishdi.. Ularning vajohatidan, Lolaning rangi oqardi, o`zini yomon his qila boshlaganini ko`rib, hazilni shu joyda to`xtaishga qaror qildik.  

Kamina: — To`xtanglar! Bu shunchaki bayram hazili edi. Siz “Chuv tushdi”ngiz, Lola opa!

Lola bilan onasi avvaliga hayratdan qotib qolishdi, keyin esa xayriyat-ey, deb kulib yuborishdi.

Fikrlar:

Lola Ahmedova:

— Avvaliga hayron bo`ldim, keyin qo`rqib ketdim. Tavba, shunaqa ham hazil qilasizlarmi? (kuladi). 

Lolaning onasi:

— Sal qoldi u bolani urib yuborishimga. Yaxshiyamki, bu hazil dedingiz bo`lmasa... (kuladi).

Shunday qilib, bayram arafasida jiddiy, kamgap Lola Ahmedovani chuv tushirishga va kuldirishga muvaffaq bo`ldik.

                                                                          Mohichehra EShMIRZAEVA  tayyorladi

 

    Boshqa yangiliklar