AsosiyJamiyat

Frankfurtga yashirin ravishda 50 ming AQSh dollari olib ketayotgan toshkentlik ayol qo`lga olindi

Davlat bojxona qo`mitasining “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan havo yo`llari orqali naqd horijiy valyutalar, tilla va zargarlik buyumlari, shuningdek noyob tarixiy va madaniy boyliklarning noqonuniy olib o`tilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.

Ma`lumki, jismoniy shaxslar respublikamizga umumiy og`irligi 30 grammdan oshmaydigan qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan faqatgina beshtagacha zargarlik buyumlarini olib kirishlari mumkin. Ammo, bunga rioya qilmagan samarqandlik Sh.Marifxonova bojxonachilar qarshisida er chizib qoldi. Amaldagi tartiblarga zid tarzda va yashirin ravishda olib kirishga uringani sabab uning qiymati 33 mln. so`mdan ortiq 169 gr. og`irlikdagi tilla va zargarlik buyumlari endi o`rnatilgan tartibda davlat foydasiga musodara qilinadi. Bu haqda “Toshkent-Aero” IBK Axborot xizmati xabar beradi.

Amaldagi tartiblarga muvofiq, respublikamizda rezidentlarga 2000 AQSh dollari ekvivalentidagi naqd xorijiy valyutani bojxona bayonnomasida yozma qayd etish sharti bilan erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi. Bundan ortiq miqdordagi naqd valyutalarni olib chiqish uchun esa vakolatli banklar yoki Markaziy bankning o`rnatilgan tartibdagi ruxsatnomasi talab etiladi.

Ammo, mazkur tartiblarga buysunishni istamagan poytaxtlik  F.Xojimatovaga bu qilmishi qimmatga tushdi! “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan mazkur ayol Frankfurtga parvozi oldidan xolislar ishtirokida shaxsiy ko`rikdan o`tkazilganda, kiyimlari ostidagi qo`lbola belbog`da 49 ming 390 AQSh dollarini bojxona bayonnomasida qayd etmasdan turib, yashirin ravishda olib o`tayotgan paytda to`xtatib qolindi.

Respublikamiz hududidan noyob va madaniy boyliklarning olib chiqilishi yoki olib kirilishi milliy va xalqaro qonunchilikka asosan yo`lga qo`yilgan. Amaldagi tartiblarga ko`ra, ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklar O`zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketilmaydi. Agarda, madaniy boyliklarning mamlakatimizdan olib chiqilishi yoki vaqtincha olib chiqilishi zarurati tug`ilsa, bu jarayonlar Madaniyat va sport ishlari vazirligining Badiiy ekspertiza boshqarmasi xulosasi va ruxsati bilan amalga oshiriladi.

Shunga qaramay, ayrim shaxslar tomonidan madaniy boyliklarimizni hech qanday hujjatlarsiz qing`ir yo`llar bilan olib chiqishga bo`lgan urinishlari uchrab turibdi. Jumladan, “Toshkent-Moskva” yo`nalishidagi parvozi oldidan Rossiya Federasiyasi fuqarosi T.Tairovning qo`l yuklari nazorat-rentgen apparatidan o`tkazilganda, ushbu shaxs bojxona bayonnomasida ko`rsatilmagan 8 dona tasviriy san`at asarlari va 12 dona fotosuratlarni olib chiqishga ruxsat beruvchi hujjatlarni bojxonachilarga taqdim qila olmadi.

Badiiy ekspertiza boshqarmasi xulosasiga ko`ra taniqli rassomlar tomonidan XX asr boshlarida chizilgan  mazkur  tasviriy san`at asarlarining umumiy qiymati salkam 445 mln. so`mni tashkil qilar ekan.

Ta`kidlash joizki, o`tgan 2013 yilda respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 89 ta bojxona qonunbuzarliklarida 2520 dona noyob tarixiy va madaniy boyliklarning noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yildi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar