— Yoshim 29 da. Yaqinda ko`z qovog`imning ustki qismida kichik bez tugunchasi hosil bo`lganiga ko`zim tushdi. Ko`rish qobiliyatim yaxshi, sog`ligimda ham hech qanday bezovtalik yo`q, ammo bez yuzaga kelishining boisi nima bo`lishi mumkin, shuni tushunolmayapman?..
Nigora Ahmedova, Toshkent shahri
Nodira RASULOVA, shifokor-okulist:
— Ko`z qovog`ining yuzasida paydo bo`lgan bez shish bo`lishi ham mumkin, xulosa qilishga shoshilmang. Siz aytayotgan bez qichishish, achishish yoki og`riqni keltirib chiqarmayaptimi? Vaziyatga aniqlik kiritishda ana shu savollarga ham javob topish darkor. Qovoqning chetidan qovoqning ichki tarafida joylashgan teri bezlariga infeksiya tushishi yallig`lanishni hosil qiladi. Yiringning qotib qolishi esa siz aytayotgan bez ko`rinishida bo`lishi mumkin. Tibbiy ko`rik xulosasi bez deyayotganingiz qotib qolgan yiring ekanligini ko`rsatsa, oftalmolog teriga maxsus ineksiya yuborish orqali yiringni tortib olish amaliyotini bajaradi. Bordi-yu qovoq ustida hosila haqiqatan ham o`sma bo`lsa, onkolog ko`rigidan so`ng kerakli davo choralari qo`llaniladi.






