AsosiyJamiyat

Qasos ortidagi mudhish jinoyat

Oyoqlari suv betiga chiqib turgan murdaga ko`zi tushib qo`rqib ketgan Furqat darhol tuman IIB navbatchisiga telefon qildi. Oradan ko`p o`tmay etib kelgan tezkor xodimlar jasadni Katta Farg`ona kanalidan chiqarib olishdi. Badani ko`karib shisha boshlagan murdaning boshi yo`q edi.

Kanal o`zanini qidirish besamar ketdi. Murdaning boshi topilmadi. Egnidagi ko`ylagi, shimidan bironta hujjat chiqmadi. Jinoyat ishi qo`zg`atilib, qidiruv-tergovga kirishildi. Avvalo marhumning kimligini aniqlash lozim edi. Darhol viloyatning barcha shahar va tumanlari IIBlariga yoshi taxminan elliklardagi erkak kishi — marhumning xos belgilari ko`rsatilgan so`rovnomalar yuborildi. Ayni chog`da bedarak ketgan, qidirilayotganlardan biri bo`lishi mumkin, degan taxmin ustida ishlash hech qanday natija bermadi. Vaqt o`tib borar, biroq marhumning shaxsi noma`lumligicha qolmoqda edi. Oradan besh kun o`tib, nihoyat muqaddam sudlanganlarning barmoq izlariga solishtirish yo`li bilan marhumning ism-sharifi, yashash manzili aniqlandi. Tezkor-tergov guruhi Andijon viloyatining Shahrixon shahrida yashagan, ellik yoshdan o`tgan, muqaddam bir necha bor sudlangan marhum Qobil Ashurov (ism-familiyalar o`zgartirildi)ning xonadoniga yo`l oldi.

Marhum so`qqabosh bo`l­gan. Besh marta sudlangan. So`nggi bor jazoni o`tab qaytganidan keyin ham biron joyda ishlamagan. Opasi Mahbubaxonning hovlisidagi alohida uyda yashab yurgan. Opasining so`zlariga qaraganda, 11 iyul kuni chiqib ketib, qaytib qorasini ko`rsatmagan. Ayolning qizi Muhayyo, o`g`li Javohir ham tog`asini oxirgi marta o`sha kuni ko`rishgan. Tog`a ichkilikka berilgan. Uydan chiqib ketib, bir necha kun allaqaerlarda qolib ketishiga ko`nikib qolishgan. Shu boisdan to`rt-besh kundan beri uyga qaytmagan bo`l­sa-da, so`rab-surishtirishmagan, milisiyaga murojaat etishmagan. O`z oyog`i bilan kirib kelishiga shak-shubha qilishmagan. Ayolning, farzandlarining so`zlari mantiqan olganda, to`g`ri edi.

Ichib, mastlikda gap talashib qolgan ulfatlaridan biri Qobiljonning joniga qasd qilgan bo`lishi ehtimoldan xoli emasday taassurot tug`ilayotgandi. Biroq, qo`shnilarining guvohlik berishicha, mar­humning opasi, jiyanlari bilan janjallashishi odatiy tusga kirgan. Ushbu holatdan kelib chiqib, qarindoshlari uning joniga qasd qilgan bo`lishi mumkin, degan tergov taxmini tekshirila boshlandi. Hovli, xonalar sinchiklab ko`zdan kechirilganida, alohida, hech kim yashamaydigan, chala bitgan uy ichidan qora-qizg`ish dog`lar, qon tekkan g`isht bo`lagi, soch tolasi topildi. Ekspertiza xulosasiga ko`ra, ushbu qon dog`lari marhumning qon guruhiga mansub edi. Qo`shnilarining, qarindoshlarining aytishicha, yigirma ikki yoshga kirgan marhumning jiyani Muhayyo engiltabiat, Qobiljon unga dakki-dashnom bergani tufayli xonadonda tez-tez mojarolar bo`lib turgan ekan.

— Ukam bilan singlim va jiyanlarimning munosabatlari yaxshi emasdi, — dedi marhumning akasi Qodirjon Ashurov. — Kun­o­­­ra janjallar bo`lib turardi. Har safar uylariga borib, yarashtirib qo`yardim. Jiyanim Muhayyoning axloqi yaxshi bo`lmagani tufayli Qobiljon u bilan tez-tez urishib qolardi.

Ushbu holatlarga asosan gumonlanuvchi sifatida so`roq qilingan Muhayyo aybiga iqror bo`lib ko`rsatma berdi. 

Bahor kunlarining birida Mahbubaxon bozor-o`charga chiqib ketgan, Javohir ko`chada o`rtoqlari bilan o`ynayotgan, Muhayyo kir yuvayotgan edi. Tushdan ke­yin Qobiljon hovliga shirakayf kirib keldi. Bitta choy damlagin, deya alohida uyiga kirib to`shakka cho`zildi. "Oying qani?" so`radi dasturxon ko`tarib kirgan jiyanidan.

— Bozorga ketgan edilar...

Tog`aning fe`li aynidi. To`satdan Muhayyoning bilagidan changallab, bag`riga tortdi. Chinqirgan o`n olti yashar qizning og`zini kafti bilan yopdi...

To`shakda yum-yum yig`lab o`tirgan jiyaniga o`shqirdi.

— Bas qil, birov bilib o`tiribdimi. Hech kimga og`iz ocha ko`rma! Birovga aytsang, chavaqlab tashlayman.

Muhayyo uning vajohatini ko`rib, qo`lidagi pichoqqa ko`zi tushib jim qoldi. Alamini ichiga yutdi. Tog`asi zo`rlab, nomusiga tekkanini hech kimga, hatto onasiga ham ayta olmadi. Uyda yolg`iz qolganlarida tog`a jiyanini yana bir necha bor zo`rladi.

Dastlabki tergovda Muhayyoning ko`rsatmasini guvoh N.Soliev bilvosita tasdiqladi.

— Marhum Qobiljon ichkilikka ruju qo`ygan, janjalkash odam edi. 2006 yili Muhayyo oldimga kelib yig`ladi. Erga tegmay, homilador bo`lib qolgan ekan. Otasi kimligini so`rasam, aytmadi. Marg`ilon shahriga olib borishni iltimos qildi. Abort qildirib, homilasini oldirib tashladi...

Yosh umrini xazon, hayo­tini barbod qilgan tog`asini Muhayyoning ko`rgani ko`zi, otgani o`qi yo`q edi. Tishini tishiga bosib, tegajoqlik qilishlariga chidab yurgan jiyanning ichida adovati tobora kuchayib boraverdi. Xayolida o`ch olish istagi g`ujg`on o`ynab, qotillikdan bir oycha avval Shahrixon shahridagi "Supermarket" oldida savdo qilayotgan sotuvchidan qizil sopli oshxona pichog`ini sotib oldi.

Katta tog`asining qizi Gullola dardga chalinib bevaqt hayotdan ko`z yumdi. 2013 yil 11 iyul kuni onasi va ukasi tog`asining uyiga, ma`rakaga ketishdi. Muhayyo ichkarida yotgan edi. Iljayib shirakayf Qobil tog`asi kirib keldi.

— Oldimga tush...

— Kerakmas, menga yaqinlashmang.

Qobiljon sochidan changallab sudradi.

— Bo`pti, siz chiqavering, hozir...

Muhayyo pichoqni ko`ylagining ichiga yashirib, uning ortidan bitmagan uyga kirdi...

Pichoqni bo`yniga sanchdi. Ukasini telefonda chaqirdi. Opasi telefon qilgach, kechki payt soat beshlarda Javohir hovliga kirib bordi. Muhayyo ukasini bitmagan uyga boshladi. Ichkarida qonga belanib, yalang`och yotgan tog`asiga ko`zi tushgan Javohirning yuragi uvishdi. Dag`-dag` qaltiraganicha, ostona xatlamasdan, ortiga yugurdi.

— Qo`rqma, birovga aytma, tog`am meni zo`rlamoqchi edi, jon-jonimdan o`tib, pichoqlab qo`ydim, — dedi Muhayyo. — Ayamni kechroq olib kel, hech narsani bildirma.

Go`yoki, tog`asidan qasdini olgan jiyan, tun yarmida boshsiz jasadni aravachaga solib, Katta Farg`ona kanaliga eltib tashladi. Bitmagan uydagi qon yuqini yuvib, sachragan joylariga qum sepdi. Pichoqni va tog`asining kallasini hovlining ortiga olib borib, benzin sepib yoqib yubordi...

Jinoyat ishi sud majlisida ko`rib chiqildi. Sudlanuvchi — yigirma ikki yashar M.Ashurovaning aybi iqrorligidan tashqari ashyoviy dalillar, guvohlarning ko`rsatmalari bilan tasdiqlandi. Sud nomusini toptagan tog`asining joniga qasd qilgan qizni 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Aql bovar qilmaydi, bir xonadonda yashab yurgan tog`a jiyanini zo`rlab, nomusiga tegsa! Alloma shoir aytganiday "Odam borki, odamlarning naqshidir, odam borki, hayvon undan yaxshidir". Lekin, inson qiyofasini yo`qotgan kimsa nechog`lik tuban ketmasin, faqat odil sudgina uni qilmishiga yarasha qonuniy jazo tayinlaydi. Muhayyo qo`lini qonga belab, qotil degan nomni ort­tirgandan ko`ra, o`z vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilganida edi, zo`ravon tog`a jazolanar, ko`z ko`rib, quloq eshitmagan jinoyatning oldi olinardi.

Zohidjon Mamajonov, Farg`ona viloyat prokuraturasi bo`lim boshlig`i

Alisher Xodjaev, Farg`ona viloyat prokuraturasi bo`lim AMIB katta tergovchisi

"Huquq" O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining nashri

    Boshqa yangiliklar