13 mart kuni Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida “O`zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga ko`ra “O`zbekfilm” kinostudiyasida tasvirga olingan “Xonadon egasi” badiiy filmining ommaviy axborot vositalari vakillari uchun premeraoldi namoyishi va uning ijodkorlarii ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
“O`zbekkino” Milliy agentligining matbuot xizmati xodimi Faxriddin Nizomovning xabar berishicha, keyingi yillarda agentlik buyurtmasi bilan tasvirga olinayotgan to`liq va qisqa metrajli badiiy, animasion va hujjatli filmlarga ham, nodavlat kinostudiyalarida tasvirga olinayotgan filmlarga ham “O`zbekkino” qoshidagi Badiiy kengash va Ekspert baholash komissiyasi talabni qattiq qo`yayotganini qayd etdi.
Uning fikricha, Badiiy kengash va Ekspert baholash komissiyasi ssenariylar ishlab chiqarishga tavsiya etilishidan oldin sifatli tayyorlanishiga alohida e`tibor qaratmoqda. Chunki filmning yaxshi chiqishi avvalo puxta ssenariyga bog`liq. So`nggi oylarda katta ekranga chiqayotgan filmlarning saviyasi badiiy-g`oyaviy jihatdan puxta bo`lishi ustida ish olib borilmoqda.
Bundan tashqari, agentlik buyurtmasi bilan tasvirga olinayotgan badiiy filmlarning namoyishidan tushayotgan yalpi daromad ham yildan-yilga ortib bormoqda. Masalan, 2011 yilda respublika bo`yicha agentlik buyurtmasi bilan tasvirga olingan filmlar namoyishidan tushgan yalpi daromad 2 milliard 300 million so`m, 2012 yilda 2 milliard 600 million so`m bo`lgan bo`lsa, bu ko`rsatkich 2013 yilda 3 milliard 650 million so`mga etdi. Birgina shu yilning 1 martidan katta ekranga chiqqan “Ko`rgim keladi” badiiy filmini A.Navoiy nomidagi kino saroyi va Kinochilar uyida 15 mingdan oshiq tomoshabin kelib ko`rdi. Film yana Toshkent shahridagi “Aziya-Sinema” kinoteatri va “Megaplanet” savdo majmuasi kinozalida ham namoyish etilayotganiyu barcha viloyatlarda namoyish etilishini hisobga olsak, bu ko`rsatkich yanada yuqori bo`lishi shubhasiz.
Ayni paytda agentlikda yagona kinoprokat tizimini yaratish va respublikaning barcha viloyatu tumanlari aholisini imkon qadar ko`proq qamrab olish ustida ish olib borilmoqda. Bundan ko`zlangan maqsad tomoshabinga sifatli, badiy jihatdan puxta filmlarni etkazib berishdir.
Matbuot konferensiyasida “Xonadon egasi” filmi ssenariysi muallifi, taniqli yozuvchi Erkin A`zam, postanovkachi rejissyor, O`zbekiston xalq artisti Yodgor Sa`diev, aktyorlar Yoqub Ahmedov, Xayrulla Sa`diev, Ra`no Shodieva, Fathulla Ma`sudov va boshqa ijodkorlar uni tasvirga olish jarayoni va bugungi globallashuv jarayonida oila qadriyatlarini asrash zaruriyati to`g`risida so`zlab berdi va jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
Filmda nuroniy, donishmand otaxonning o`z oilasida totuvlikni saqlash, muhtoj insonlarga ko`mak berish, nabiralariga to`g`ri tarbiya berish borasidagi sa`y-harakatlari haqida qiziqarli, ta`sirchan yo`sinda hikoya qilinadi.
Xonadon boshlig`i, usta Zuhriddin pensiya yoshidan oshib ketganiyu nogironligiga qaramay, tinib-tinchimaydi – savat to`qib, og`aynisi Afzal chaqqonning yordami bilan bozorga chiqarib turadi. Lekin u boshliq xonadon o`zi istaganday tinch emas. Turmushga chiqqan qizi Latofat ham uyi yo`qligi sababli bir o`g`li bilan unikida yashaydi. Mo`may pul topayotgan o`rtancha o`g`il Narimon uchun aka-ukasini mensimay qo`yadi. Asta-sekin farzandlar o`rtasida gap qocha boshlaydi, ota esa ularni murosaga keltirish bilan ovora...
Film premerasi 2014 yil 19 mart kuni Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi va Kinochilar uyida bo`lib o`tadi.





