AsosiyShou-biznes

Hosila Rahimova: “Navro`z bahona, diydor g`animat!”

Shu kunga qadar O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Hosila RAHIMOVA haqida gap ketganda, unga faqat birgina “jaydari” degan ta`rif mos deb o`ylardim. Navro`z bayrami arafasida  xonanda bilan bo`lgan suhbatimizdan so`ng fikrlarim butunlay o`zgardi. Boisi Hosilaning erkakshodaligi sahna uchun o`ylab topilgan qiyofa ekan, xolos. Aslida xonanda mexribon ona, opa-singillariga jonkuyar, oilasiga e`tiborli beka ekani ayon bo`ldi. Suhbatni o`qish asnosida balki sizning ham xonanda haqidagi ba`zi fikrlaringiz o`zgarar...

“BOLALIGIM VA NAVRO`Z!”

— Tahririyatimizga xush kelibsiz! Navro`zi olam muborak bo`lsin!

— Xushvaqt bo`ling! Shunday kunda eslab, e`zoz ila taklif qilganingizdan hursandman!

Bahor kelishi bilan, bayram oldi barcha bolaligini o`zgacha entikish bilan yodga olishi tabiiy...

— ...to`g`ri aytasiz, bolaligimda har bir bayramni oila a`zolarimiz bilan o`zgacha ruhda o`tkazishga harakat qilardik. Ayniqsa, Navro`z bayramiga alohida tayyorgarlik ko`rishimiz, uni intiqlik bilan kutishimiz hali-hali yodimda. Bolaligimdagi Navro`zni yodimga soladigan bir yorqin xotiram bor: ota-onam to`rt qiziga yangi atlas ko`ylak sovg`a qilishardi. Bayramni aynan o`sha, yangi ko`ylakni kiyib o`tkazardik. Aynan yangi ko`ylak kiyish uchun ham bu bayramni shunday intizor bo`lib kutardik (kuladi). Milliy libosda uyimiz yaqinidagi istirohat bog`iga saylga chiqardik. Qishloqdagi barcha ko`ni-ko`shnilar bilan gilam to`shab, bahoriy taomlar bilan tomoshalarni miriqib ko`rardik. Bu manzaralarni tasvirlash shunchalik zavqliki, ta`riflashga ba`zida til ojizlik qiladi. Ko`z o`ngimda gavdalangan o`sha xotiralar meni bolaligimga etaklaydi (o`yga toldi).

Sizga qadrdon Boysun va poytaxtda nishonlanadigan Navro`z bayrami orasida farq bo`lsa kerak?

— Har bir viloyat, shaharda bu bayramni o`z urf-odatidan kelib chiqqan holda nishonlanishi tabiiy. Poytaxtda o`tkazilayotgan bayram tadbirlarida har bir viloyatning o`ziga yarasha bayram an`analarini ko`rish mumkin. Bevosita o`zim ham bayram tantanalarida ishtirok etib, bir zumga bo`lsa ham qisholg`imga qaytgandek bo`laman.

Har yili san`atkorlarning Navro`z bayramida yig`ilishi an`anaga tusiga kirgan. Yanglishmasam, bu odatni o`z xonadoningizda sumalak baxonasidagi diydor bilan boshlab bergansiz-a?

(Kulib) Ha, bir necha yillar ilgari boshlangan bu odat. Shu bugungi kunga qadar davom etib kelyapti. Lekin biz faqat Navro`zda emas, har bir bayramda navbatma-navbat hamkasblarimizning xonadonida yig`ilamiz.

“KO`Z YoShIMNI OILAMDAGILARGA HAM KO`RSATMAYMAN

— Sizga ta`rif berilganda, avvalo erkakshoda ekaningizni ta`kidlashadi. Shunday fe`l-atvorga ega ekaningizdan sira afsuslanganmisiz?

— Aslo! Erkakshoda, jaydarilik sahnadagi obrazim, xolos. O`ylab topilgan qiyofam qaysidir fe`limdan kelib chiqqan bo`lishi ham mumkin. Lekin chapaniligim borligini yashirmayman. Lekin shartakiligim sabab kimnidir xafa qilganimni eslolmayman.

Ko`pchilik “Hosila Rahimova kamdan-kam xollardagina ko`ziga yosh oladigan ayollar sirasiga kirsa kerak”, degan fikrda. Ochig`i, sizni yig`lashingizni tasavvur qilish qiyin...

— Tashqi ko`rinishga qarab, kishiga baho berish eng noto`g`ri xulosa! Ayolning ko`ziga tez yosh keladi. Aytishim mumkinki, ko`nglim bo`sh, ba`zida arzimagan narsa ham ta`sirlantirishi mumkin. Faqat men ko`z yoshimni oilamdagilarga ham ko`rsatmayman! Yolg`iz qolib, ko`zyosh orqali ko`nglimni “bo`shatib” olaman.

— Har bir oilada yaqinlari dardiga malham bo`ladigan jonkuyar bo`ladi. Chetdan qaraganda nafaqat o`z oilangiz, balki atrofingizdagi yaqinlaringizning ham tashvishlari sizning zimmangizdadek tuyuladi...

— Gapingizga yuz foiz to`g`ri, deyolmayman. O`z oilamdan tashqari, katta oilam — tug`ilib o`sgan ko`rg`onim ham bor. Shu ikki oilaning muammosi meniki, deb bilaman. Doim qo`ldan kelguncha yordam qo`lini cho`zishga harakat qilaman. Albatta, opa-ukalarim ham chetda turishmaydi. Bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihat bo`lishga intilamiz. Xalqning ko`z o`ngida yurganim uchunmi, negadir hamma ishni Hosila Rahimova boshqarib turgandek tuyuladi. Aslida ukalarimni aka o`rnida ko`rib, ular bilan bemaslahat ish ko`raman. Oilamizdagi qoida shunday!

Orangizdagi mehr-oqibatga ko`z tegmasin!

— Aytganingiz kelsin! Yaqinlarimdan birortasining boshiga musibat tushsa, o`z ishim bilan hotirjam yurolmayman. Opa-singlim, ukalarimning yaxshi topib, ko`ngildagidek yashashi — mening halovatim! Oilada hammaning darajasi teng bo`lishi kerak. Qarindosh-urug`ning yaxshi kunlarida opa-singillarim bilan bir xil libos tiktirib kiyamiz. Boisi, o`zim bilmagan holda ulardan qimmatroq libos kiyib qolishdan qo`rqaman. “Hosila san`atkor-da, opalaridan ajralib turishni istagan”, degan gap men uchun uyat. Qishloqchilik, degan gap bor. Hatto o`z mashinamga ham opam turib,  men oldingi o`rindiqqa o`tirib ketolmayman. Chunki jamiyatdagi mavqeimdan qat`i nazar singilman. “Men turganda singlim oldinda  o`tirib oldi-ya”, degan xayol opamning ko`nglini ranjitib qo`yishi mumkin. O`zbekning kishiga bezak bo`ladigan yozilmagan qonun-qoidalari bor, unga amal qilish kerak!

“IJODIMGA TANQID...”

Nazaringizda bugun Surxon san`atiga nima etishmayapti?

— Voha yo`nalishida ijod qilib kelayotganlar juda ko`p, bundan juda hursandman. Ammo zamonaviylik bilan milliylikni uyg`unlashtirishda yoshlar kamchiliklarga yo`l qo`ymayapti, deb bo`lmaydi. Do`mbirani qo`lga olib, baxshilardek tomog`ini qirib, qo`shiq kuylashi folklorga xos  yo`nalish emas! Bu yo`nalishning o`ziga yarasha qonun-qoidasi bor. Uni buzmagan holda foydalanishlarini istardim.

Hosila Rahimovaning tanqid ko`tara olmasligi rostmi?

— Tanqidga munosabatim yaxshi. To`g`ri, kamchiligimni eshitish avvaliga yoqimsiz tuyuladi. Lekin o`rinli tanqidlardan doim xulosa chiqaraman. Qolaversa, xatosini tan olish ham mardlik! Mardlik esa menga xos jihatlardan biri. (miriqib kuladi).

Ijrongizdagi “Lambada” qo`shig`ini tinglaganlardan o`ziga shuni ep ko`ribdimi?” degan fikrlarni eshitdik.

— “Lambada” bolalikda sevib tinglagan va miriqib raqsga tushgan qo`shig`im. San`atkor bo`lganim uchun bolalikdagi orzularimni amalga oshirgim keldi. “Bu qo`shiq menga yarashadi yoki yo`q”, degan fikr haqida bosh qotirmaganman. Yoki yoshlarbop qo`shiq kuylab, biroz boshqacharoq raqga tushsam, “Meni hamma Rayhon yo Ziyodadek qabul qilishadi”, degan o`y ham bo`lmagan. Muxlislar esa xalq xizmatlarida shu qo`shig`imga mazza qilib raqsga tushishyapti.

— Demak, to`ylardagi reytingni o`ylab kuylangan ekan-da?

— To`ylarda kuylamay, yana qaerda kuylashim mumkin? Konsertdan konsertgacha ikki yillik tanaffusda xalq xizmatlaridagina kuylashim mumkin, xolos. To`y, konsert, albom uchun maxsus qo`shiqlar kuylamayman.

“Hosila Rahimovaning mavqeiga yarashgan qo`shiq”, degan fikringizda qat`i qolarkansiz-da?

—  Mavqeim, darajamni hech kim chegaralab bermaydi. Ovoz imkoniyatlarimga qarab baho berishlarini istardim! Tashqi ko`rinishimga yarashgan yo yarashmagani esa ahamiyatsiz!

Aynan san`atkorlar orasida “Bir oilaga bitta san`atkor etadi”, degan fikr bor. Masalan, Guli Asalxo`jaeva qanchalik zo`r berib, ijod qilmasin baribir opasining soyasida qolib ketyapti. Vaqti kelib, ukangiz Abdumannon Rahimov haqida ham shunday fikr aytilishidan ranjimaysizmi?

— Abdumannonning san`atga bo`lgan qiziqishi juda kuchli. Uni xonanda bo`lgin deb hech kim majburlamagan, bundan foyda ham yo`q. Agar o`zining qiziqishi bo`lmaganida, bu sohaga kirishiga yo`l qo`ymasdim. Soyamda qolish masalasiga kelsak, ukamning Surxondaryo, Qashqadaryodagi reytingi havas qilgulik darajada. Poytaxtda o`z o`rnini topishi haqida esa biroz vaqtdan so`ng gaplashganimiz maqul. Hammasi hali oldinda!

— Ijodingizni kuzatib sizga milliy yo`nalish juda yarashganini tan olmasdan ilojimiz yo`q.

— Hayriyat “Darakchi” jurnalistlaridan ham e`tirof eshitish mumkin ekan-ku (xandon otib kuladi)!

Munosiblarni doim tan olganmiz! Shu bugunga qadar reytingingizni bir maromda ushlab turishning qanday uddasidan chiqyapsiz?

— Bunga oila a`zolarim sababchi! Meni xalq bilan bog`lab turganlar ham ular. To`y-hashamlarda qarindoshlarim orqali ko`pgina muxlislar o`z takliflarini bildirishadi. Tabiiyki, xalqqa manzur bo`layotgan xalqchil qo`shiqlarim sonini shu tariqa ko`paytirib boryapman. Shu o`rinda kelayotgan tanqidlardan ham xuddi shunday xulosa chiqaraman.

— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat! Yana bir bora kirib kelgan yangi kun — Navro`z muborak!

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar