AsosiyShou-biznes

USTOZ KO`RGAN -ShOGIRDLAR

Bugungi kunda har sohada ustoz-shogirdchilik an`analari amalga oshirilib kelayotgani kishini quvontiradi. Ushbu “Ustoz va shogird” deb nomlangan yangi loyihamiz ham san`at sohasida ustoz-shogirdchilik an`analarini davom ettirib kelayotgan san`akorlarga bag`ishlanadi. Bayram bahonasida ustoz-shogirdlarni yuzlashtirdik, ularning suhbatidan bahramand bo`lishni esa sizga ham ilindik.

DANGASA ShOGIRD TANBEH TANBEH eshitdi

G`ulomjon Yoqubov, O`zbekiston xalq artisti:  — Shogirdim Alisher Ro`zmetov bugungi kunda o`z ijodi bilan zamonaviy estrada qo`shiqchiligi san`atiga oz bo`lsa-da, o`zining hissasini qo`shib kelayotgan san`atkorlardan desam xato qilmagan bo`laman. Alisher qisqa fursatda  yoshlarbop va yoshi katta tinglovchilar auditoriyasiga mo`ljallangan qo`shiqlarni yarata oldi. Bugun shogirdimning xalqimiz uchun beminnat xizmat qilib kelayotganligidan chin dildan xursnadman. Alisher men kuylagan qo`shiqlarni kuylab san`aga kirib keldi. To`y xizmatlarida yoki tadbirlarda ko`rishib qolganimizda ijod borasida, yaratayotgan yangi qo`shiqlari yoki kiyinish madaniyati haqida maslahat so`rab turadi. Umuman ustoz sifatida Alisherning ijodini yomon baholamayman. Ammo shu bilan birgalikda tanqidiy fikrlarim ham yo`q emas. Yodingda bo`lsa, ilk marotaba san`atga qadam qo`yganingda bu soha oson emasligini, bugunning tinglovchilari o`ta talabchanligi va ular uchun tez-tez yangi qo`shiqlar yaratib turish kerakligini maslahat bergan edim. San`atda o`z o`rningni topish uchun ko`proq mehnat qilishing, zahmat chekishing kerak degandim. Lekin nazarimda oxirgi paytlarda bir oz dangasa bo`lib qolgandeksan. To`g`rimi?

Alisher Ro`zmetov: — Yo`g`-e, ustoz, juda unchalik emas (uyalib kuladi)... To`g`ri, ayrim sabablarga ko`ra ijodimda bir oz tanaffus bo`lganligini tan olaman. Lekin shu tanaffus davomida iloji boricha tesha tegmagan mavzulardagi qo`shiqlarni yaratishga harakat qildim. Tez kunlarda mazkur qo`shiqlarim bilan yana tinglovchilarimiz e`tiborini tortishni rejalashtirganman.  

G`ulomjon Yoqubov: — San`atda zahmat chekib, ter to`kib xalq dardini kuylash kerak. Shundagina muxlislar ko`ngliga yo`l topishing mumkin.

 

OPERA — MAShAQQATLI MEHNAT

 Muyassar Razzoqova, O`zbekiston xalq artisti:  — Bugungi kunda shogirdim deb Sayyoda Nortojievani e`tirof etgan bo`lardim. Sayyoda meni o`ziga ustoz deb bilgan shogirdlar orasida o`z iste`dodini yaqqol namoyon etmoqda. Ovozi bir oz mening ovozimga o`xshab ketadi. Birinchi kursdan beri mendan opera qo`shiqchiligi san`ati sirlarini o`rganishga harakat qilib kelyapti.  Iloji boricha ustoz sifatida qo`ygan talablarimni bajarishga harakat qiladi. Aslida opera san`ati qattiq mehnatni talab qiladi. Ushbu mehnatga dosh bera oladiganlargina opera san`atida o`z o`rnini topishi mumkin. Kelajakda Sayyodani o`z iste`dodi va mahorati bilan jahon sahnalarini zabt etadi, degan umiddaman...

Sayyoda Nortojieva: — Ustozim Muyassar opa Razzoqova nafaqat menga, balki, boshqa shogirdlariga ham o`ta talabchanlar.  O`zlari  erishgan yutuqlariga bizni ham chorlab, biz ham xuddi shu yutuqlarga erishishimiz uchun qo`llaridan kelgancha harakat qiladilar. Buning uchun sizga ming bor rahmat ustoz. Nafaqat san`atda, balki hayotda ham ustozim bo`lib, bilmaganlarimni beminnat o`rgatib kelyapsiz. Qattiqqo`l bo`lish barobarida o`z o`rnida mehringizni ham ayamay, menga o`z onamizdek munosabatda bo`ldingiz. Albatta, men sizdek ustozim borligidan faxrlanaman. 

“IJODKOR NIHOLGA O`XShAYDI”

Munojot Yo`lchieva, O`zbekiston xalq artisti: — Hilolaxon aslida mening shogirdim emas. Men hali bu qizga biror bir qo`shiqni ustoz sifatida o`rgatgan emasman. Qolaversa, o`zi ham hozircha menga biror bir savol bilan murojaat etmagan. Lekin u meni o`ziga ustoz deb bilarkan, albatta, bundan xursandman. Ijodi haqida fikr bildiradigan bo`lsam, san`at olamida o`z o`rnini topishga harakat qilib kelapti.  O`zbek milliy estrada yo`nalishidagi qo`shiqlari ham, ovozi ham yaxshi. Lekin bitta kamchiligi — ovozi to`g`ri yo`naltirilmagan.  Buning uchun ko`p ishlash, mehnat qilish kerak. Ijro jarayonida avvalambor ovozni to`g`ri yo`naltirish kerak. Maqom an`anaviy ijrochiligi bo`limini tamomlagan bo`lishingizga qaramasdan hali maqom yo`nalishida o`zingizni ko`rsata olganingizcha yo`q.  Nihol ekkaningizda unga e`tibor bilan qarab turmasangiz, shamol bo`lganida bir tomonga egilib qoladi. Xuddi shu singari  ijodkor ham niholga o`xshaydi. Agar unga to`g`ri yo`l ko`rsatilmasa, o`zi tanlagan yo`lda davom etaveradi. Menima, sizning ijodingizda ham  xuddi shu jarayon davom etmoqda.

Hilola Hamidova: — Ustozim Rasuljon Samiev ham doim maqom qo`shiqlarini ijro etishga undar edi. O`sha paytlarda ko`proq estrada yo`nalishida ijod qilishni istaganman. Ammo bunga mablag` jihatidan tayyor bo`lmaganligim sababli, istaklarimni amalga oshirolmaganman. Ammo ko`pgina tadbir va xizmatlarda talabga qarab maqom ijro etib beraman. Bugungi kunda har ikkala yo`nalishda ham o`zimga yarasha muxlislarim bor. Ayni paytda “Oltin mikrofon” jonli ijro teleko`rsatuviga tayyorgarlik bilan bandman. Albatta, ustoz Munojot Yo`lchievaning gaplarida jon bor. O`z ustimda tinimsiz izlanishim kerak va shunday qilyapman ham. Ustozimiz Munojot opaga katta rahmat, ijodimga e`tibor berganlari uchun. Bu men uchun katta sharaf. Ularning maslahatlariga o`z o`rnida amal qilishga harakat qilaman.

USTOZ DARAJASIGA KO`TARILGAN ShOGIRD

Ortiq Otajonov, O`zbekiston xalq artisti: — Bugungi kunda shogirdlarim orasida Og`abek Sobirov o`z  yaratgan qo`shiqlari bilan ko`pchilikning hurmatiga sazovor bo`lib kelmoqda. Xoh klassik qo`shiqlar bo`lsin, xoh zamonaviy estrada yo`nalishida, maromiga etkazib ijro eta oladi. Sevgi, vatan, ona haqida kuylagan qo`shiqlarini tinglab xursand bo`laman.  Qolaversa, Xorazm viloyat televideniesida yaxshi hofizlarni to`plab, o`z mualliflik ko`rsatuvini tayyorlab kelyapti. Bilmagan mavzulari haqida maslahat so`raydi. Albatta, men ham qo`limdan kelgancha bilganlarimni o`rgatishga harakat qilaman. Og`abek Sobirov nafaqat yaxshi san`atkor, kamtarin, odobli shogirdlarimdan biri desam adashmayman. Mevali daraxtga har doim tosh otib kelishgan. Muhimi tosh qochish emas, mevali daraxt bo`la olishdir. Ustozlar kuylagan qo`shiqlarni takror-takror yo`lini o`zgartirib, buzib kuylash noto`g`ri. Aksincha, o`z ustida ishlab, izlanib, qo`shiqni ustoz san`atkor darajasida kuylashga intilish kerak. Bu nafaqat senga, balki umumiy ma`noda, barcha shogirdlarimga tegishli. Seni tanqid qilolmayman. Chunki bugun o`zing ustoz darajasiga etib kelgan shogirdlarimdansan. Keyingi ijodlaringga muvaffaqiyatlar tilab qolaman.

Og`abek Sobirov, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist:  — Ustoz, ijodimga bildirgan fikringiz, e`tiboringiz uchun katta rahmat. Albatta, kamtarona ijodimiz ortidan muxlislar orttirishimda, oz bo`lsada erishgan yutuqlarimda sizning maslahatlaringiz va o`gitlaringiz katta o`rin tutadi. Tanqid qilolmayman, degan fikringizga kelsak, bir oz xijolat bo`lyapman. Chunki, ilk bora sizdek ustoz san`atkorga havas qilib san`at yo`liga kirib kelganmiz. Ilohim bundan keyingi ijodimizga sizning yo`lingizni bersin. Baxtimizga har doim sog`-salomat bo`ling.

                                                              Mohichehra EShMIRZAEVA tayyorladi

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar