AsosiyJamiyat

695,5 ming dollarlik dori-darmon bilan “Salomatlik” poezdi yo`lga tushdi

Kuni kecha Toshkent shimoliy vokzalidan navbatdagi “Salomatlik” poezdi yo`lga chiqdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori bilan tasdiqlangan “Sog`lom bola yili” Davlat dasturiga asosan chekka hududlardagi va borish qiyin bo`lgan tumanlar aholisini tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari tomonidan chuqur tibbiy ko`rikdan o`tkazish, ularga manzilli muruvvat yordamini ko`rsatish, Respublikaning ekologik noqulay hududlari aholisiga tibbiy-ijtimoiy yordam ko`rsatish uchun “Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “O`zbekiston temir yo`llari” DATK birgalikda Navoiy viloyatining chekka hududlari aholisi uchun Toshkent – Navoiy – Tinchlik – Konimex – Qara-qata – Mustaqillik – Qizilquduq – Buzaubay – Uchquduq II – Toshkent yo`nalishidagi “Salomatlik” poezdi 2014 yil 22 mart – 1 aprel kunlari manzil bo`ylab qatnovni amalga oshiradi.

Poezd uchun “O`zbekiston temir yo`llari” DATK tomonidan maxsus vagonlar taqdim etilgan bo`lib, unda yuqori malakali shifokorlar guruhi aholiga zarur tibbiy va ijtimoiy yordam ko`rsatish maqsadida yo`lga tushdi.

Ushbu malakali shifokorlar bilan birga joylarda fondning Navoiy viloyati tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi xodimlari ham aholiga tibbiy xizmat ko`rsatadi. Ushbu insonparvarlik yordami 62,5 mln. so`mlik oziq-ovqat, kiyim-kechak hamda umumiy qiymati 695,5 ming AQSh dollariga teng bo`lgan dori-darmon va tibbiyot anjomlari, sanitariya-gigiena vositalaridan iborat muruvvat yordamlaridan tashkil topgan.

Mazkur poezd o`z rejasi davomida borishi ko`zda tutilgan Navoiy, Tinchlik, Konimex, Qara-Qata, Mustaqillik, Qizilquduq, Buzaubay va Uchquduq II stansiyalariga yaqin hududlaridan tashqari fondning Navoiy viloyati hududiy filiali Tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi orqali hududdagi markaziy shifoxonalar, viloyat bolalar va tug`ruq komplekslariga hamda ko`zi ojiz, aqli zaif va kar-soqov bolalar maxsus maktab internatlariga o`z yordamini ko`rsatishi rejalashtirilgan.

Tadbirdan ko`zlangan asosiy maqsad ekologik jihatdan noqulay sharoitda istiqomat qiluvchi aholini ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, shuningdek, chekka qishloqlarda yashayotgan ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy jihatdan qo`llab-quvvatlash, aholining tibbiy savodxonligini oshirish hamda muruvvat harakatini rivojlantirish ishiga keng jamoatchilik e`tiborini jalb etish.

Tadbir xomiylari sifatida AQShning “Ameri Cares” va “Toms Shoes” xalqaro tashkilotlari, O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi, «Diva-teks» MChJ, «Braibanti tecnology» MChJ, «Dori-darmon» AK, «Jahon invest plast» MChJ, «Remedi» MChJ QK, «Diyor biznes» MChJ, «Nestle-Uzbekistan» MChJ QK va boshqalar ishtirok etishdi.

Ma`lumot o`rinida aytib o`tish joizki, 2013 yil davomida Navoiy, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog`iston Respublikasiga 3 marotaba “Salomatlik” poezdlari tashkil etilgan edi. Ushbu “Salomatlik” poezdlarining mutaxassislari tomonidan 4 366 nafar fuqaro chuqur tibbiy ko`rikdan o`tkazildi. Tibbiy ko`rik bilan bir qatorda “Salomatlik” poezdining faoliyati davomida viloyatdagi 60 ta tibbiy va ijtimoiy muassasalarga shuningdek, 10 049 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga manzilli ravishda oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon, sanitariya va gigiena vositalari jami 176,3 mln. so`mlik insonparvarlik yordami ko`rsatildi, bundan tashqari 711,4 ming AQSh dollariga teng vitamin, kiyim-kechak, tibbiyot jihozlari, dori-darmon va sanitariya-gigiena vositalar tarqatildi.

    Boshqa yangiliklar