Ijro hokimiyati organlari faoliyatining zamonaviy tashkiliy-huquqiy shakllarini joriy qilish, ichki idoraviy nazorat mexanizmini kuchaytirish, davlat boshqaruvi sohasida rasmiyatchilik va suiiste`molchilikka chek qo`yish, shuningdek, davlat xizmatlari ko`rsatishning samarali amalga oshirilishini ta`minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilishga qaratilgan yana bir hujjat O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n uchinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan ma`qullandi.
Senatorlar ta`kidlaganidek, “Ma`muriy tartib-taomillar to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasining qonunida huquqni qo`llash amaliyotini, sohadagi mavjud muammolarni, shu jumladan, xorijiy tajribani chuqur o`rganish asosida ma`muriy tartib-taomillarning umumiy qoidalari belgilangan. Xususan, davlat organlari va fuqarolar, tashkilotlarning hamkorligini aks ettiruvchi ma`muriy tartib-taomillarning asosiy tamoyillari ko`rsatilmoqda. Qonunda ishlarni ko`rib chiqish va ular bo`yicha tegishli qarorlar qabul qilishning aniq tartibi, ma`muriy hujjatni bekor qilish, o`zgartirish yoki qonuniy kuchga ega bo`lmagan deb tan olish uchun asoslar, norozi bo`lib shikoyat arizasi berishning umumiy tamoyillari mustahkamlab qo`yilgan. Ma`muriy ishlarning taalluqliligi, idoralararo o`zaro hamkorlik, ma`muriy ish yuritishda vakillik, vorislik, dalillar, ma`muriy ish yuritish muddatlari va ma`muriy ishni ko`rib chiqish bilan bog`liq xarajatlar to`g`risidagi nizomlar nazarda tutilmoqda. Ma`muriy ish yuritish ishtirokchilari, shuningdek, ma`muriy ishni hal qilishga ko`maklashuvchi shaxslar toifalari, ularning huquqlari va majburiyatlari batafsil belgilab berilmoqda.
Shuningdek, senatorlar “Ma`muriy tartib-taomillar to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi davlat organlarining fuqarolar va yuridik shaxslar bilan o`zaro munosabatlarining qonuniylik va shaffoflik darajasini oshirishga xizmat qiladi, sifatli davlat xizmatlarini ko`rsatish uchun sharoitni ta`minlaydi.






