Yaqinda Ozarboyjoning rasmiy nashrlaridan birida O`zbekistonda bo`lib qaytgan ozarboyjonlik taniqli olim va jurnalist, Ozarboyjon Milliy Majlisi (parlamenti) qo`mita raisi, Ozarboyjon Fanlar akademiyasi muxbir a`zosi Nizomiy Ja`farovning yurtimiz haqidagi maqolasi e`lon qilindi.
O`ZBEKISTON VA O`ZBEKLAR
Yozuvchi-jurnalist, qadrdon do`stim Yunus O`g`uz bilan birga bir necha kun davomida Toshkentga qilgan safarimiz asnosida o`zbek qardoshlarimizni ruhan o`ta erkin, mag`rur va tom ma`noda g`ayrat-shijoatli insonlar ekaniga yana bir bor amin bo`ldik. Bu safardan shu qadar yorqin taassurotlar bilan qaytdimki, qalbimdan kechgan jo`shqin hislarni qisqacha bo`lsa-da, bayon etishdan, taassurotlarimni o`quvchilar bilan bo`lishishdan o`zimni tiyib turolmadim.
O`zbekiston hukumatining xalqaro miqyosda har doim yakdillik bilan Ozarboyjonning mavqei, milliy manfaatlarini himoya qilib kelayotgani, Ozarboyjonda katta mamnuniyat uyg`otmoqda. Ozarboyjon ham hamisha O`zbekiston bilan do`stona aloqalarini mustahkamlashga harakat qilib kelayotir.
Sovet davrida “sosialistik inqilob gullab yashnayotgan O`zbekistonning tamal toshini qo`ygani” haqida oshirib-toshirib gapirilgani, bu da`vo butun bir avlodning ongu shuuriga singlirilgani hech kimga sir emas. Aslida teran ildizlarga ega bo`lgan o`zbek xalqi tarix sahnasiga chiqqan ilk davrlardan boshlab, o`zini butun dunyoda madaniyatli, buyuk siyosiy irodaga molik xalqlardan biri sifatida namoyon etgan. O`tmishda o`zbek xalqi orasidan etishib chiqqan buyuk insonlar haqida yorqin tasavvur yaratmoq uchun buyuk sohibqiron Amir Temur nomini zikr etishning o`zi kifoya deb o`ylayman.
O`rta Osiyoda tarixning turli davrlarida yirik davlatlar barpo etgan, bugunga qadar ko`rku jamolini ko`z-ko`z etib kelayotgan go`zal shaharlar qurgan o`zbeklarni “turkiy xalqlarning fransuzlari” deb ataganlar mubolag`a qilishmaydi. O`zbek olimlari, mutafakkirlari yaratgan ilmiy asarlar, risolalar, o`zbek shoirlarining bebaho ijod namunalari, asrlar bo`yi savlat to`kib kelayotgan bebaho obidalar o`z davrining mumtoz madaniy-ma`rifiy yodgorliklari sanaladi. Bu obidalar ham milliy, ham umumbashariy saviyada o`z qiymatiga ega bo`lib, buyuk xalqning betakror qudrati va salohiyatini o`zida aks ettiradi.
O`zbek hukmdorlarining, davlat rahbarlarining madaniyatga qanchalik yuksak e`tibor qaratganini Alisher Navoiy bilan bir davrda yashagan Ozarboyjon shoiri Kishvariy ham e`tirof etib o`tgan:
Kishvariy she`ri Navoiy she`ridan eksik emas,
Baxtiga tushsaydi bir Sulton Husayni Boyqaro.
Garchi Navoiyning buyuk dahosini sultonning homiyligi bilan o`lchash u qadar to`g`ri bo`lmasa-da, Ozarboyjon shoiri o`z she`rlarini Hazrat Navoiyning ijodiga qiyos etib, Husayn Boyqaro singari suyangan tog`i yo`qligidan o`ksingandek bo`ladi.
Toshkentda bo`lgan kunlarimiz shuni chuqur anglab etdimki, o`zbeklar o`zlarining boy tarixi, bebaho madaniyati, buyuk ajdodlaridan faxrlanish ila chegaralinb qolmasdan, ana shu boy va betakror ma`naviyatni munosib tarzda asrab avaylash, boyitish yo`lida ham tinimsiz izlanmoqdalar. Binolarning me`moriy echimida, tarixiy shaxslarning yodgorliklarida, ko`chalarning nomlanishida, insonlarning qiyofasida, aytish mumkinki, har qadamda ana shu intilishni ko`rish mumkin.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida Amir Temur hayoti vqa faoliyatiga bag`ishlangan nufuzli anjumanda so`zga chiqqan tadqiqiqotchilarning ma`ruzalaridan ham O`zbekistonda ijtimoiy fanlar rivojlanayotganini, san`at va madaniyatga e`tibor qanchalik yuqori ekanini anglash mumkin.
Ozarboyjonlik yozuvchi jurnalist Yunus O`g`uz qalamiga mansub “Amir Temur” romanining o`zbek tilida bosilib chiqishi, bu kitob taqdimotining keng miqyosda o`tkazilishi ham fikrimizga yaqqol dalil bo`la oladi. Tadbirda Yunus O`g`uz his-hayajonga to`lib ta`kidlaganidek, Amir Temur nainki o`zbek halqi, balki butun turkiy millat va elatlarning ham iftixoriga loyiq zotdir.
Roman o`zbek o`quvchilari tarafidan juda katta qiziqish bilan qarshi olindi, muallifga ular tomonidan samimiy minnatdorchilik bildirildi. Kuzatishlarim shuni ko`rsatdiki (ikki uch kun O`zbekistonda mehmon bo`lgan har bir inson bunga guvoh bo`lishi tabiiy) o`zbek xalqining, umuman O`zbekiston ahlining Prezident Islom Karimovga, u olib borayotgan odilona siyosatga hurmati va ishonchi nihoyatda baland. Chunki, bugun dunyoda O`zbekiston Prezidentini davlat tepasiga kelgan ilk kunlardan boshlab, mamlakat mustaqilligi uchun kurashga kirishgan va tarixiy g`alabalarni qo`lga kiritgan donishmand va tajribali rahbar sifatida bilishadi.
Toshkentning fayzli ko`chalarini kezar ekanman, tez-tez ko`zga tashlanadigan bir shior mening ham qalbimdagi eng inja hislarimni to`lqinlantirib yubordi: “Qadr-qimmatim, tayanchim va iftixorimsan. Mustaqil O`zbekiston” Darhaqiqat, o`z mustaqilligiga ega bo`lmagan xalqning tayanchi ham, iftixori ham, qadr-qimmati ham bo`lmaydi.
Ozarboyjon xalqining umummilliy lideri, dunyoning etuk siyosat arboblaridan biri Haydar Aliev istiqlolning ilk damlaridayoq shunday degandi: “O`zbekiston Islom Karimov boshchiligida o`z mustaqilligini muvaffaqiyat bilan ta`minlay oladi va taraqqiy ettiradi”.
Va bugun demokratik qadriyatlarni, mustaqilligini ko`z qorachig`idek asrash barobarida dunyo bilan hamqadam borayotgan, mustahkam qonun-qoidalarga asoslanib taraqqiy etayotgan ozod va obod O`zbekiston har bir o`zbek bitmas tuganmas g`urur va iftixor manbai bo`la oladi.
Bir paytlar Moskva o`z tajovuzkor siyosatini amalga oshirish uchun “O`zbeklar ishi” “paxta ishi” singari nomlar ostida o`zbek xalqiga qarshi chirkin bir o`yinni boshlagan, bu bilan butun boshli xalqni erga urish, o`ziga har taraflama tobe etishni istagandi. Mustabid tuzumning barbod bo`lishi, O`zbekistonda hurriyat shabadalari esishi arafasida o`rtaga tashlangan bu fitnakorlik boy tarixga ega xalqning irodasini buka olmadi.
O`zbek tili dunyoda keng tarqalgan, mutaraqqiy tillardan biridir. Bu Tilda ming yildan oshiqroq tarixga ega ”Alpomish” singari betakror dostonlar, ko`plab adabiy yodgorliklar yaratilgan. Bu til adabiy shakl bilan birga, o`ziga xos, bir-biridan go`zal lahja va shevalarga ega. Bugun bu tilda O`zbekistondan tashqarida, Afg`oniston, Xitoy, Eron, Tojikiston, Qozog`iston singari mamlakatlardagi millionlab aholi so`zlashadi.
Kezi kelganda ta`kidlash joizki, o`zbek tili boshqa qardosh tillarda ishlatilmaydigan, qadimiy, go`zal turkiy so`zlarni uchratish mumkin. Masalan, o`zbek tilida sof turkiy ko`rinishdagi tinchlik so`zi bor. Bu so`z menga juda-juda yoqdi. Qanchalik go`zal va jarangdor kalom. Holbuki, biz ozarboyjonlar bu so`z o`rniga arab tilidan kirib kelgan “sulh” so`zini ishlatamiz.
Mustaqillik yillarida o`zbek tili bilan bir qatorda, o`zbek adabiyoti, publisistikasi ham boy an`analar asosida rivojlanib bormoqda. Bugun mamlakatda o`n minglab nusxada, yuzlab nomda gazeta va jurnallar, kitoblar bosilmoqda. Bir qator o`zbek davriy nashrlarini varaqlar ekanman, ulardagi rang-baranglik, mavzu xilma-xilligi, yuksak ma`rifatparvarlik va vatanparvarlik ruhini sezdim.
Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika universiteti professri Hakimjon Karimovning “Mustaqillik davri adabiyoti” darsligini varaqlar ekanman, o`zbek adabiyotining bugungi vakillari mamlakat rahbari Islom Karimovning “Bizdan obod va ozod Vatang qolsin” degan xitobini shior qilib, milliy mafkurani takomillashtirish yo`lida o`z qalamlari, nasr va nazmdagi barakali ijodi ila javob qaytarayotganga ishonch hosil qildim.
Bir necha kunlik safarim asnosida O`zbekiston va o`zbeklar o`z milliy an`analarini, tarixi va qadriyatlarini munosib tarzda asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga bus-butun etkazishga tinimsiz intilayotganiga yana bir karra ishonch hosil qildim.
Nizomiy Ja`farov,
Milliy Majlisning qo`mita boshlig`i, Ozarboyjon Milliy Fanlar akademiyasi muxbir a`zosi





