Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 dekabrdagi 1001-son qarori bilan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo`yicha hisobga olish tartibiga fuqarolarga qulaylik yaratishga qaratilgan o`zgartirishlar kiritildi. Bu haqda O`zbekiston Adliya vazirligining telegram kanalida ma`lum qilindi.
Unga ko`ra, endilikda Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega bo`lish uchun turar joy hujjatlari, uy-joy mulkdorining arizasi, nikoh tuzilganligi yoki bolalar tug`ilganligi to`g`risidagi guvohnomalarning notarial tasdiqlangan nusxalari talab etilmaydi.
Shuningdek, Toshkent shahar va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga qo`yishda quyidagi hujjatlar taqdim etilishi umuman bekor qilindi:
- er-xotinning amalda yashagan joyida ularning kamida bir yil birgalikda yashaganligi to`g`risida mahalla yig`ini raisi va profilaktika inspektori tomonidan imzolangan ma`lumotnoma;
- Oliy Majlis palatalari, Prezident yoki Vazirlar Mahkamasi tomonidan, shuningdek Prezident bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanganlik, tasdiqlanganlik, saylanganlikni tasdiqlaydigan hujjatlarning kadrlar bo`limi tomonidan tasdiqlangan nusxalari;
- davlat hokimiyatining vakillik organlariga saylanganlikni tasdiqlaydigan hujjatlarning kadrlar bo`limi tomonidan tasdiqlangan nusxalari;
- lavozimga tayinlash to`g`risidagi buyruqdan ko`chirma.
- Quyidagi hollarda vaqtinchalik hisobga qo`yish uchun turar joy ijara shartnomasi yoki turar joydan tekin foydalanish shartnomasi talab etilmaydi:
- fuqaro (oila a`zolari bilan birga) turar joy mulkdorining yoki ushbu turar joyda doimiy yashayotgan shaxsning yaqin qarindoshi bo`lsa, qarindoshligi darajasini tasdiqlaydigan hujjatlar taqdim etilganda;
Toshkent shahar va Toshkent viloyatiga respublikaning boshqa hududlaridan xizmat safari, mehnat ta`tili, malakasini oshirish, davolanish munosabati bilan kelgan bo`lsa, tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda.






