O`zbekiston MDH erkin savdo zonasi to`g`risida”gi shartnomaning tuqqizinchi a`zosi bo`ladi.
Rossiya Senati “2011 yil 18 oktyabrdagi O`zbekiston va tomonlar o`rtasidagi erkin savdo zonasi to`g`risidagi Shartnomani qo`llash Bayonnomasini ratifikasiya qilish to`g`risida”gi qonunni ratifikasiya qildi, deya xabar beradi Podrobno.uz nashri. Ushbu shartnoma erkin savdo zonasining zaruriy tartibda va samarali faoliyat yuritishini ta`minlash, xalqaro savdo tizimi va jahon iqtisodiyotiga integrasiyalanishga ko`maklashish, tovarlarning erkin aylanmasi uchun sharoit yaratish masadida tuzilgan. 2011 yil 18 oktyabr kuni MDHning 8ta davlati tomonidan imzolangan mazkur hujjat Armaniston, Belarus, Qozog`iston, Moldova, Ukraina va Rossiyada kuchga kirdi. Shartnomaning ikkita a`zo-davlati – Qirg`iziston va Tojikiston uni hozircha ratifikasiya qilgani yo`q.
Ushbu hujjat O`zbekistonning MDH doirasida hamkorlikka faol qo`shilish, Bojxona Ittifoqi a`zo davlatlari va O`zbekiston o`rtasidagi savdo rejimlarini unifikasiya qilishga imkoniyat yaratadi. Shuningdek, shartnoma qoidalari O`zbekiston va tomonlar o`rtasida ayrim shart-sharoitlarni hisobga olgan holda amal qiladi. Masalan, 2020 yil 31 dekabrga qadar yoki O`zbekistonning Xalqaro savdo tashkilotiga kirishigacha (qaysi biri ilgari yuz bersa) O`zbekiston va tomonlar o`zaro savdoda milliy rejimlarni taqdim etish bo`yicha majburiyatlardan ozod qilinadi. Ushbu qoida tariflar va savdo bo`yicha Bosh kelishuvning 3-moddasiga muvofiqdir. Bundan tashqari, barcha nizolarni ikki tomonlama muzokaralar asosida hal etish tartibi saqlanib qoladi.
Parlamentning ikkala palatasi tomonidan ma`qullangan qonun davlatimiz rahbari Islom Karimov tomonidan 2013 yil 27 dekabr kuni imzolanganligini eslatib o`tadi nashr.





