Mamlakatimizga tashrif buyurgan Estoniya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Urmas Paet O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashdi.
Muloqot chog`ida O`zbekiston bilan Estoniya o`rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib borayotgani alohida ta`kidlandi. Mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda o`zaro hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekani qayd etildi, deya xabar beradi O`zA.
Uchrashuvda O`zbekiston – Estoniya hamkorligining bugungi holati va istiqboli, shuningdek, parlamentlararo, vazirlik va idoralararo aloqalarni kengaytirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish imkoniyatlari va boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida O`zbekiston va Estoniya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi hamda Estoniya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sarmoya, neft-gaz, qurilish, mashinasozlik, mebelsozlik, kimyo, transport va transport kommunikasiyalari, logistika, axborot texnologiyalari, elektrotexnika kabi sohalarda faoliyat yuritadigan vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
O`zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vaziri Elyor G`aniev, Estoniya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Urmas Paet ushbu forum o`zaro savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishini ta`kidladi.
O`zbekiston va Estoniya savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish borasida katta imkoniyatga ega. Transport va logistika, farmasevtika, to`qimachilik, kimyo sanoati, iqtisodiyot va ilm-fan sohalarida qo`shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
O`zbekiston – Markaziy Osiyodagi etakchi mamlakatlardan, – dedi Urmas Paet. – Mamlakatingizning ulkan iqtisodiy salohiyati, zamonaviy transport kommunikasiyalari, jo`g`rofiy joylashuvi, bu erdagi qulay biznes muhiti Estoniya ishbilarmonlari uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Turli sohalarda ish yurituvchi ko`plab etakchi firma va kompaniyalarimiz vakillari O`zbekistonga istiqbolli loyihalar bilan kelgan. O`zaro hamkorligimiz yanada ravnaq topishiga ishonamiz.
Forumda ikki mamlakat o`rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo`shma korxonalarni ko`paytirish, o`zaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish borasida fikr almashildi.
Estoniyalik ishbilarmonlarga mamlakatimizda sarmoyaviy muhitni yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi hamda “Angren” maxsus industrial zonasida yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar haqida ma`lumot berildi.
Anjumanda savdo, iqtisodiyot, sarmoya, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, logistika, transport va transport kommunikasiyalari, kimyo, qurilish, sayyohlik kabi sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirish bilan bog`liq masalalar muhokama qilindi.
– O`zbekiston ishbilarmonlari bilan iqtisodiyotning turli sohalarida hamkorlikni rivojlantirish niyatidamiz, – dedi Estoniya Savdo-sanoat palatasining xalqaro hamkorlik bo`yicha menejeri Kristi Tattar xonim. – Toshkentdagi mebelsozlik va to`qimachilik korxonalarida bo`ldik. Ularning faoliyati bizda katta taassurot qoldirdi va hamkorlikka bo`lgan qiziqishimizni yanada kuchaytirdi. O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan o`zaro aloqalarni yanada mustahkamlash tarafdorimiz.
Biznes-forum doirasida O`zbekistonning qator kompaniya va korxonalari hamda Estoniya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida kooperasion birja bo`lib o`tdi.
Estoniya delegasiyasi a`zolari “UZTEX-Tashkent” O`zbekiston –Shveysariya – Buyuk Britaniya qo`shma korxonasi hamda “E’tiqod Mebel” mas`uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.





