AsosiyJamiyat

Toshkentda ShHT mintaqaviy aksilterror tuzilmasi kengashining majlisi bo`lib o`tdi

28 mart kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT) Kengashining navbatdagi yigirma to`rtinchi majlisi bo`lib o`tdi. Unda Qozog`iston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg`iz Respublikasi, Rossiya Federasiyasi, Tojikiston Respublikasi, O`zbekiston Respublikasi va ShHT MATT Ijroiya qo`mitasi vakillari ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.

Majlisda ShHT MATT Kengashining ShHT Davlat rahbarlari kengashiga ShHT MATTning 2013 yildagi faoliyati to`g`risidagi ma`ruzasi loyihasi ma`qullandi. ShHT MATT Ijroiya qo`mitasi direktori Chjan Sinfenning Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlarning terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo`yicha 2013-2015 yillarga mo`ljallangan hamkorlik dasturi, shuningdek, ShHT MATT Kengashi qarorlarining amalga oshirilish jarayoni to`g`risidagi axboroti tinglandi. ShHT MATT Ijroiya qo`mitasining o`tgan davrdagi faoliyati ijobiy baholandi.

2014 yilning to`rtinchi choragida ShHTga a`zo davlatlar va ShHTda kuzatuvchi davlatlar o`rtasida xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasida hamkorlik masalasiga bag`ishlangan ikkinchi ilmiy-amaliy konferensiyani o`tkazish to`g`risida qaror qabul qilindi.

ShHTga a`zo davlatlar vakolatli organlarining terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishni hamda ularning o`zaro hamkorligini takomillashtirish maqsadida ShHT MATT Kengashi tomonidan terroristik, separatistik va ekstremistik yo`lda foydalaniladigan internet resurslarning Yagona reestri to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. 

Xavfsizlikka ko`maklashuvchi xalqaro kuchlarning Afg`oniston Islom Respublikasidan 2014 yilda qisman chiqarilganidan so`ng ShHTga a`zo davlatlarning mintaqaviy xavfsizlikni ta`minlash va tahdidlarga qarshi kurashish bo`yicha qo`shma chora-tadbirlari kelishib olindi.

ShHTga a`zo davlatlar vakolatli organlarining internet tarmog`idan terroristik, separatistik va ekstremistik maqsadlarda foydalanishni aniqlash, oldini olish hamda to`sib qo`yish borasidagi o`zaro hamkorligi mexanizmi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.  

 ShHTga a`zo davlatlar vakolatli organlari tomonidan O`zbekiston Respublikasi hududida hamkorlikda o`tkazilgan “Sharq-Aksilterror – 2014” aksilterror mashg`ulotlari yakunlariga yuqori baho berildi.

2014 yilda ShHTga a`zo davlatlar vakolatli organlarining hamkorlikda chegara operasiyalarini o`tkazish to`g`risidagi qaror ma`qullandi.

Kengash ShHT MATT Ijroiya qo`mitasi faoliyatini tashkiliy, moliyaviy va kadrlar bilan ta`minlashga doir masalalar yuzasidan qator qarorlar qabul qildi.

ShHT MATT Kengashining navbatdagi majlisini 2014 yil sentyabr oyida Tojikiston Respublikasida o`tkazish to`g`risida kelishib olindi.

Kengash majlisi ishchanlik, amaliy muloqot va do`stona ruhda o`tdi. 

    Boshqa yangiliklar