Birgina nigohi, hatto sukuti ham “gapiradigan” bunday aktyorlar sanoqli. Shuning uchun ham bu aktyordan tomoshabin katta-katta, xarakterli rollarni kutadi. Aktyor uchun muvaffaqiyat kaliti bo`lgan barcha imkoniyatlarga ega O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Behzod Muhammadkarimov bugungi suhbatdoshimiz...
— Behzod aka, 27-mart sanasi sizga nimani eslatadi?
— Sinayapsizmi (kuladi)? Albatta, Xalqaro teatr kuni ekanini eslatadi. Bu — ijodkorlar va teatr sohasiga e`tibor! Shu kuni “bugun bizning bayramimiz, yaxshiyam shu kasbni tanlaganim!” deb faxr bilan bayramona kayfiyatda yuramiz.
— Xalqaro teatr kuni, qolaversa, O`zbek Milliy akademik drama teatrining yuz yillik to`yiga tayyorgarlik ishlari qanday ketyapti? Bu jarayonda sizning hissangiz qay darajada?
— Xabaringiz bor, teatrimizning yuz yillik to`yi munosabati bilan ayni damda kapital ta`mirlash ishlari ketyapti. Sentyabrda mavsum ochilguniga qadar aktyorlar viloyatlar bo`ylab gastrol safarlariga yuborilyapti. Ochig`i, ikki-uch oylab gastrollarda yurish doim ham yoqavermaydi. Sahnada ishlashning gashti o`zgachada! Qolaversa, teatrdan tashqari ishlarimizni ham to`xtatib turishga to`g`ri kelyapti. Hamma masalada me`yor bo`lgani yaxshida. Yuz yillik to`yimizning to`yonasiga kelsak, “Sotti sotmaydi”, “Kuyovlar qo`zg`oloni” kabi spektakllar va maxsus bayram dasturi muxlislarimizga sovg`a bo`lishi aniq! Aktyorlarning shu kungacha qilgan mehnati esa teatrning yuz yillik to`yiga qo`shgan hissasi bilan teng, nazarimda.
— Muxlislar sizni teatr emas, kino aktyori sifatida qabul qiladi. Bu teatrda kinodagidek o`z o`rningizni topmaganingizdan darakmi?
— Yo`q, bu muxlislarning teatrga tushmasligidan darak (kuladi). Teatrga kelib turadigan tomoshabin Alisher Navoiy, “Mirzo Ulug`bek”dagi Abdulatif, “Mehrobdan chayon”dagi Anvar kabi katta-katta rollarimdan xabardor.
— Behzod Muhammadkarimovning Zaynab Sadrievaning Farbonbibi, Obid Yunusovning O`tkuriysidek roli qani?
— Unday rollar har doim hamma aktyorga ham nasib etavermaydi. Aslida “Parvona”, “Kelinlar qo`zg`aloni” spektakllarini asar sifatida yoqtirmayman. Lekin ijodiy guruh, rejissyorning mehnati, mahorat, topilmalar bilan to`ldirilib, zo`r asar sahnalashtirilgan. O`z rolingga ega bo`lish — omad! Menga esa bunday shohona rol hali nasib etganicha yo`q. Endi o`n gulimdan bir gulim ochildi, chiqmagan jondan umid (kuladi).
Kinoning imkoniyati katta-da! Yangi filmni respublika miqyosida namoyish etish mumkin, spektakl borasida esa bunday deyolmayman. Ijodga aloqador barcha yo`nalishda faoliyat yuritadigan aktyorlar sirasiga kiraman. Nazarimda, bu borada tarozining pallasini teng ushlashning uddasidan chiqyapman. To`g`ri, bu qiyin jarayon — uyqisiz tunlar, hamma ishga vaqtni to`g`ri taqsimlash degandek (kuladi). “Tinchgina teatda ishlab yuraveray”, deydigan aktyorlar ham bor. Lekin unday yurishni istamayman.
— “Ikki kemaning boshini tutgan g`arq bo`lur”, degan naql ham bor. Sizning “qayiq”laringiz esa bir nechta.
— To`g`riku-ya, lekin yo`nalish bitta! Kinoda ham, teatrda ham aktyor rol ijro etishi kerak. Dublyajda ham aktyor qatnashishi kerak. Qolaversa, bularning bari aktyorning mahoratini charxlab boradi. Teatr aktyorning aqlini ishlatish, “forma”da yurishiga majbur qiladi. Kino teatrda yig`ilgan tajribalarni ekran orqali ko`pchilikka ko`rsatishga xizmat qiladi. Dublyaj nutqni ravonlashtiradi va kino, teatrda nasib etmagan fe`l-atvorni ijro etishga imkon beradi. Radioda esa ovoz bilangina xolatni tinglovchiga etkazib berishingiz kerak. Ba`zi hamkasblarimning “men uchun teatr birinchi o`rinda!” degan balandparvoz gapiga qo`shilmayman. Ijodkorga hamma yo`nalishdagi faoliyat muhim! To`g`ri, charchoqdan o`zingizni qo`yarga joy topolmay qolasiz. Lekin tanlagan kasbingning mashaqqatlariga ham chiday bilish kerak. Institutda o`qib yurgan kezlarim “Xudo xohlasa, kelajakda dublyajdan teatrga, u erdan kino, radioga yugurib, nafas rostlashga vaqtim bo`lmasin!” deb niyat qilardim. Niyatda gap ko`p ekan, etkazganiga shukr! Uyda o`tirib “qachon biror rejissyor filmiga chaqirib qolarkin?” deyishdan o`zi asrasin. Undan ko`ra teatr, kino, dublyaj rejissyorlaridan uzr so`rab, shoshib yurishdan qo`ymasin (miriqib kuladi).
— Fe`lingizdan kelib chiqsak, rol talashadigan aktyor emassiz yo yanglishdimmi?
— Rejissyorni urib bo`lsa ham, o`zimga yoqqan rolni o`ynayman (kuladi). Agar istagan rolini ijro etmasa, ijodkor nega “aktyorman” deb yuribdi? Sahna – mardu maydon! Ikkita dublyordan qay birining ijrosi zo`r bo`lsa, marra o`shaniki. Yo`qsa, sog`lom raqobatsiz rivojlanish bo`lmaydi.
— Nahotki, teatrda dramaturgiya, rejissura, “yuk”i bor asarlar borasida oqsash yo`q deb o`ylasangiz?!
— Bu borada hamma teatrda oqsash bor. Shuning uchun teatr o`zini oqlash uchun tijoratbop spektakl ham qo`yadi. Orasida intellekti yuqori tomoshabinlar uchun jiddiy asarlar ham namoyish etilyapti. Ijodkor o`z ishidan qoniqqani — uning o`lgani! Shaxsan o`zimning ijroimdan bir foizgina qoniqaman. Masalan, Sardor Rahimxonning “Otajon” klipidagi ishtirokimdan ko`nglim to`lmagandi. Biroq tayyor klipni ko`rgach, o`zimga o`zim yoqa boshladim (kuladi). Ba`zida kuyib-pishib o`ynagan rolimni ekranda ko`rib, hafsalam pir bo`ladi. Bu tasvirchi va rejissyorning ishlash mahorati bilan bog`liq jarayon. Teatrda esa zalda tomoshabin yo`talishni boshlasa, ijroimda nimadir etishmayapti, degan o`y bilan harakat qilaman. Suv quygandek jim-jitlik bo`lsa, o`sha sukunatning o`zi ilhom, kuch beradi. Sahnadan oladigan rohat ham shunda! Ishimizning bahosini o`sha zahotiyoq olamiz.
— Bir necha yillik tanaffusingizdan so`ng ijodga qaytishingiz anchayin shov-shuvlarga sabab bo`ldi. Biroq Behzod Muhammadkarimov muxlislar kutilgan natijani oqlamadi...
— Rejissyor bo`lganimda nimalardir qilgan bo`lardim. Aktyorlikning menga yoqmaydigan jihati — rejissyor va ssenaristga bog`liqligi. O`zim rol so`rab bormayman-ku!
— Vaholanki, bir qancha filmlarda suratga tushdingiz. Lekin Behzod Muhammadkarimovning borligi ham, yo`qligi ham bilinmadi...
— Hamma rol ham doim kutilganidek bo`lavermaydi. “Yuk”i bor rollarning o`zi bo`lgani yo`qda. Suratga tushgan filmlarim ham menga bildirilgan takliflarning eng yaxshisi edi. Rol tanlayversam, birorta rejissyorning taklifini qabul qilmasligimga to`g`ri kelib qoldi. Chunki ko`ngildagidek asarning o`zi yo`q! Lekin aktyor o`zini “charxlab” turishi uchun bir-ikkita kinokartinada ishtirok etib turishi lozim. Nima, Gollivudning hamma filmlari talab darajasida deb o`ylaysizmi? Bizga ularning 3 foizgina eng yaxshi ishlangan kinokartinalari etib kelar ekan. Qolgan filmlarini birortasini ko`rib bo`lmaydi. Ijod matematika emaski, aniq hisoblab kutilgan natijaga erishish mumkin bo`lsa...
— Amir Temur, Elchin, Otabek qiyofasi qaytmadi. Nazarimda, rejissyorlar sizdek iste`dodli aktyorning imkoniyatlaridan to`liq foydalana olmayapti.
— To`ppa-to`g`ri! Men uchun rol yozib, rejissyorlar e`tibor qaratsagina siz aytgan natija ko`rinadi. “Amir Temur” filmining keyingi fasllari suratga olinsa ham yomon bo`lmasdi (samimiy kuladi). Hozir qaynona-kelin mavzusidagi maishiy filmlar urf bo`lib qoldi. Aslida aktyorlarning hayoti kutish bilan o`tadi. Ijodkor “yuk”i bor rol uchun yo mablag`i va yo tanish-bilishni yuz xotir qilolmay filmda ishtirok etadi.
— Sizni qay biri ko`proq bezovta qiladi?
— “Yuk”i bor rol uchun jon deb bepul ishlayman. Mablag`i qoniqtiradigan rol ham chakki bo`lmaydi. Meni qiynaydigani — oshna-og`aynilarning iltimoslari.
— Tomoshabin olqishi, mashhurlik...hammasiga qo`l siltab ketganingizdan bugun afsuslanasizmi?
— Afsuslanmayman, chunki shunday bo`lishi kerak ekan. Nimaiki bo`lmasin bari yaxshilikka!
— Aslida olqish, mashhurlikdan rohatlanasizmi yo jarayonning o`zidan?
— Yashirmayman, ketishimdan avval olqish, mashhurlikka o`ch edim. Hozir esa bularga oddiy ko`z bilan qarayman. Qaytgach kibrim yo`qoldi. Ishimni sifatli bajarish haqida qayg`uradigan bo`lib qoldim. “Menga reklama kerak emas”, desam hamkasblarim g`alati qarashadi. Bir kunlik shon-shuhratning menga keragi yo`q!
— Har bir ijodkor taniqli emas, sevimli bo`lishni orzu qiladi. Sizni yaxshi ko`rishlarini istaysizmi yo tushunishlarini?
— Qahramonimning dardini “aytganimda”, meni tushunishlarini istayman! Hayotda ko`z tegmasin hamkasblarim meni doim tushunib, hamfikr bo`lib kelishgan. To`g`ri, ijodkorlar orasida “raqobat”, g`ayirliklar bo`ladi. Menga nisbatan shunday munosabat bo`lganida, demak yaxshi ishlayotgan ekanman, deb xursand bo`laman. Jimjitlik bo`lib qolsa, havotirga ham tushib qolaman (miriqib kuladi). Kasbimizning yaxshi tomoni — istalgan yoshda “davr”ingiz kelib qoladi va necha yoshda bo`lmang ijro etishga rol topiladi. Shaxsan mening “davr”im hali endi keladi (kuladi)!
— Ko`ngil hotirjamligi sizni hech qachon tark etmasin!
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi