1

TELEGRAM YoRDAMIDA QO`LGA OLINGAN FIRIBGAR

Jinoyat 27.12.2017, 17:11
TELEGRAM YoRDAMIDA QO`LGA OLINGAN  FIRIBGAR

Odamlarimizni to`liq ishontirish uchun «hali menga ishonmayapsizmi?», degan kinoyali so`zlarning o`zi kifoya qiladi ba`zan. Ko`zlarimga tik qarab turgan odam meni aldarmidi, degan istiholaga boramiz.

Sherzod Oybekka 10 ming AQSh dollarini uzata turib, «Aka, endi shu pulni olganingiz haqida bir enlik tilxat yozib bersangiz yaxshi bo`lardi», dedi ming istihola bilan. «E, hali menga ishonmayapsizmi? Bo`lmasa birga ish qilmaganimiz ma`qul. Oling pulingizni!», cho`rt kesdi Oybek. Rejadagi ishi chala qolishidan cho`chib ketgan Sherzod xamrohidan darrov uzr so`rab, «Ishonmasam oldingizga kelarmidim. Shunchaki rasmiyatchilik, degandim-da», dedi xijolat bo`lib. Aynan shuni kutib turgan Oybek endi bamaylixotir pulni cho`ntagiga soldi...

Aslida Sherzod o`zi istiqomat qiladigan poytaxtimizning Chilonzor tumanida mebel do`koni qurishni rejalashtirayotgandi. Buning uchun er maydoni qidirib yurganida o`rtoqlaridan biri «yuqorida» ishlaydigan tanishi borligini, bunday ishlarni bir zumda hal etishini aytdi. Bunga darrov ishongan Sherzod uddaburonning kimligi, qaerda ishlashi, ishni qanday hal etishiga qiziqib ham ko`rmay, yillab yiqqan daromadini unga qo`shqo`llab tutqazib yubordi.

Lekin bu hali hammasi emas edi. Oradan sal o`tib Oybek Sherzodga qo`ng`iroq qilib, «ish bitdi, uka, endi qolgan 16 ming AQSh dollarini keltiring», deb qoldi. Xushxabardan suyunib ketgan Sherzod tanish-bilishlaridan qarz-havola qilib, aytilgan pulni taxt qildi.

Oybek bu uchrashuvda Sherzodga mebel do`koni tarxi tushirilgan chizmalarni ko`rsatdi. «Nafaqat erga egalik haqidagi hokimlik qarori, balki do`kon qurish uchun ham endi sizda ruxsatnoma bor. Mana bo`lajak do`koningiz!», deb u chizmalarni va yana qandaydir qog`ozlarni Sherzodning oldiga qo`ydi. Ishning bunday «muvaffaqiyatli» bitganidan xursand bo`lib ketgan Sherzod qog`ozlarga qarab ham o`tirmay, Oybekka kelishilgan pulning qolganini uzatdi.

Oybek Sherzodga qat`iy ishonch bilan «Hujjatlarning asl nusxalari ertaga qo`lingizda bo`ladi», dediyu mashinasiga o`tirib jo`nab ketdi. Sherzod kutgan kun esa kelmadi...

26 ming AQSh dollari aytishga oson. Biroq uni jamg`arish uchun Sherzod nafaqat o`zi, balki turmush o`rtog`i ham yillab mehnat qilgandi. Buning ustiga tanish-bilishlardan qarz ham ko`targandi. Oybek esa beli og`rimay «topgan» pulini ko`ngli tusagan narsaga, hoyu-havaslariga sarflab yubordi.

Biroq xalqimizda "tekin teshib chiqadi", degan purma`no hikmat bor. Garchi Sherzod firibgarga tilxatsiz pul bergan bo`lsa-da, har safar uning oldiga o`zi yolg`iz bormagandi. "Telegram" messenjerida Oybek bilan "ish yuzasidan" yozishmalarini saqlab qo`ygandi. Ana shu dalillar asosida Sherzod huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat qildi. Surishtiruv ishlari davomida Oybek qilmishidan butunlay tongan bo`lsa ham, ammo dalillar hamda uning ustidan tushgan boshqa jabrlanuvchilarning shikoyatlari uning firibgarligini namoyon etdi, deb yozadi O`zA

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmatidan ma`lum qilishlaricha, Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Uchtepa tumanida ko`rilgan mazkur ishda O.Ashirmetov tomonidan qilingan bir necha jinoyat dalillar asosida o`z isbotini topgan. Aslida hech qaerda ishlamaydigan, faqat odamlarning ishonchiga kirib, ularning mablag`larini talon-toroj etib yurgan bu shaxsga sud hukmi bilan besh yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jabrlanuvchilarga etkazilgan zararlar aybdordan undiriladigan bo`ldi.

Ha, firibgar jazosini oldi. Bundaylar haqida har kuni ommaviy axborot vositalarida bong urilyapdi. Lekin O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi navbatchilik qismiga tushayotgan murojaatlarning ko`pchiligi yana aldanib qolish, firib tuzog`iga tushib qolish bilan bog`liq bo`lmoqda. Joriy yilning 11 oyida 9 mingga yaqin firibgarlik holati qayd etilgani buning tasdig`idir.

Hech bo`lmasa siz shu tuzoqqa tushmang, ogoh bo`ling!

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1