Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari hamda huquqni muhofaza etuvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda tibbiy dori vositalarining noqonuniy xarakatiga oid tezkor tadbir o`tkazildi.
Toshkent-Buxoro yo`nalishida ketayotgan Lochin Sadanov (maqoladagi ism-shariflar o`zgartirilgan) boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomashinaning yukxonasida ishlab chiqarilishi va sifati to`g`risida hech qanday tasdiqlovchi hujjatlari bo`lmagan, o`zbek tilida markirovkalanmagan 14 turdagi dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
L.Sadanovning bildirishicha, ushbu dori vositalarini u poytaxtlik “Malika” ismli ayoldan olib, Qoraqalpog`iston Respublikasi Nukus shahrida yashovchi “Guli” ismli ayolga etkazib berishi kerak bo`lgan.
Ushbu “malham”lar “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartizasiya davlat markazi” Davlat unitar korxonasining xulosasiga ko`ra, sotilishi taqiqlangan va tibbiyotda qo`llanilishiga ruxsat etilmagan hamda inson hayoti va sog`ligiga bo`lgan samarasi kafolatli emas.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov-surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda, deya xabar tarqatgan O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati Axborot xizmati.
28.12.2017 11:07