AsosiyJamiyat

ISLOM KARIMOVNING HAQIDA YaNGI MA`LUMOTLAR E`LON QILINDI (FOTO)

'ISLOM KARIMOVNING HAQIDA YaNGI MA`LUMOTLAR E`LON QILINDI (FOTO)'ning rasmi

Islom Karimov fondi O`zbekiston Birinchi Prezidentining oilasiga daxldor yangi fotosurat va ma`lumotlarni Facebook’dagi sahifasida e`lon qildi.

Karimovlarning ushbu oilaviy fotosurati 1928 yilda — Islom Karimov tavalludidan 10 yil avval olingan. Suratda Birinchi Prezidentning otasi Abdug`ani ota (1894 yilda tug`ilgan) va onasi Sanobar aya (1902) hamda opa-akalari — Mehriniso (1920), Amonullo (1922), Ibodullo (1926) aks etgan.


Bu oilada sakkiz farzand o`sib ulg`aygan: bir qiz — Mehriniso va etti aka-uka: Amonullo, Ibodullo, Arslon, Quddus, Ikrom, Islom, Xurshid.

Fondning yozishicha, xizmatchi bo`lib ishlagan Abdug`ani ota vazminfe`l, o`ziga ham, boshqalarga ham qattiqqo`l, talabchan edi. «Avvalo o`zi qat`iy intizom va tartib-qoidaga rioya etgan ota farzandlaridan ham shuni talab qilar edi. Mahalla-ko`yning ehtiromini qozongan edi», — deyiladi Facebook’dagi xabarda.

Sanobar aya esa uy bekasi bo`lgan. U kishi nasl-nasabli oilada tavallud topgan bo`lib, padari buzrukvorlari mulla-sharif — o`z davrining mo`’tabar ulamolaridan edi. Fond xabarida qo`shimcha qilinishicha, «bilimga chanqoqlik, kuchli xotira, zukkolik va sabr-toqat kabi fazilatlar butun umr Sanobar ayaga yo`ldosh bo`ldi».

Karimovlar oilasida barcha o`g`il farzandlar oliy ma`lumot olgan, ulardan uch nafari maktabni oltin medalga bitirgan, uch nafari — Ibod G`anievich, Quddus G`anievich va Islom Abdug`anievich fan nomzodi bo`lgan. Keyinroq Islom Karimov akademik darajasini oldi.

«Barcha aka-ukalar juda kuchli xotiraga ega edilar. Bu qondan qonga o`tib kelgan fazilat bo`lsa ne ajab. Aka-ukalar o`zaro musobaqalar o`tkazishar, masalan, biror matn o`qilib, uni yoddan aytib berish borasida bellashilar edi. Keyinroq aka-ukalardan biri oliy o`quv yurti o`qituvchisi, biri sudya, boshqalari xizmatchi, olim va… Prezident bo`ldi», — deyiladi fond xabarida.

Fond xabari quyidagi so`zlar bilan yakuniga etgan: «Ziyoli bu oilada o`g`illarning munosib ta`lim olishiga birlamchi vazifa sifatida e`tibor qaratilgan edi. Vaqtning o`zi bu hayotiy tutum qanchalar to`g`ri bo`lganini ko`rsatdi».

    Boshqa yangiliklar