Qashqadaryo viloyatining Koson tumani Raim So`fi nomidagi mahalla fuqarolar yig`inida umumiy quvvati 32 megavatt bo`lgan “Turon” podstansiyasi va 28 kilometr uzunlikda 2 zanjirli 110 kVt.li havo liniyasi qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu haqda O`zA ma`lum qildi.
Koson tumanidagi Raim So`fi, Yodgor, Alato`n, Xo`jaquduq, Alachabop, Bo`rixona, Yakkasaroy, O`yrot, Karrakli qishloqlari viloyatning chekka cho`l hududlarida joylashgan aholi punktlari hisoblanadi. Ushbu qishloqlar aholisi uzoq yillardan buyon elektr toki etishmasligidan qiynalib kelardi. Raim So`fi nomidagi mahalla fuqarolar yig`ini hududida 1975 yilda qurilgan podstansiya jismonan va ma`nan eskirgan va o`tgan yillar mobaynida qishloqlar kengayib, aholi soni ortgani hisobiga mavjud ehtiyojni umuman qondira olmayotgan edi.
Umumiy qiymati 30 milliard so`mdan ziyodni tashkil etgan mazkur loyihaning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida Koson va Chiroqchi tumanlaridagi 20 mingdan ortiq xonadon, “Sho`rtanneftgaz” mas`uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli neft quduqlari hamda hududdagi 100 dan ortiq boshqa yuridik iste`molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta`minlash imkoniyati yaratildi.
– Bugun qishlog`imiz ahlining uzoq yillik orzusi ro`yobga chiqdi, – deydi Raim So`fi nomidagi mahalla fuqarolar yig`ini raisi Asqar Husanov. – Kuniga atiga 3-4 soat chiroq yonar, ba`zan shu ham bo`lmasdi. Chiroq va sham izlab kunimiz o`tardi. Kechki paytlarda qishlog`imizga kelib qolsangiz, bu erda hech zog` yashamasa kerak, deb o`ylashingiz tayin edi. Mana endi, butunlay teskarisi. Qishlog`imizda hayot qaynagan. Kechalari ko`chalar yorug`, charog`on. Tadbirkorlik qilishga ham imkoniyat yaratildi. Prezidentimizga rahmat, murojaatlarimizni e`tiborsiz qoldirmadi. Podstansiya qurilishini tezlashtirib yubordi. Sal kam bir yarim oy ilgari yangi podstansiya qurilishi boshlanibdi, yil oxiriga qadar bitar ekan, deyishganda, ochig`i, ishonmagan edim. Niyatni ezgu qilsang hech gap emas ekan. Bir pasda qurib bitirishdi. Endi yangi yilni oilamiz bilan xursandchilikda kutib olamiz.






