KUTILMAGAN TUHFA

Mutolaa 04.01.2018, 15:59
KUTILMAGAN TUHFA

— Dadasi, Yangi yilga ham oz qoldi. Ish topib, pul olib kelmasangiz bo`lmaydi, — dedi Nozima xo`jayiniga.

— Anavi O`ktamjon katta qurilish boshlabdi deb eshitdim. Borib ko`ring-chi, balki sizga ham biror ish topilib qolar.

Shokir xotinining qistovi bilan O`ktamjonning uyiga yo`l oldi.

— Sovuq tushib qolgani uchun ustalar uylariga ketib qoldi. Mayli desangiz, xovlining u er-bu erini tekislash kerak,— dedi O`ktamjon Shokirning elkasiga qoqib.

— Mayli aka, hozir menga pul zarur. Yangi yilga bolalarga ul-bul sotib olish kerak. Sovuq bo`lsayam ishlayveraman. Faqat pulini…

— Gap bo`lishi mumkin emas, ukam, gap bo`lishi mumkin emas… Naqd to`layman.

Shokir ishni boshlab yubordi. Yangi yil kuniga hovli tayyor bo`ldi.

— Yashavoring uka, kennoyingiz xursand bo`ladi endi.

— Endi aka, menga ruxsat, shu, ish haqimni bersangiz, uyda bolalar kutib o`tirishibdi. Mayda-chuyda deganday…

— Xo`p bo`ladi, uka, hozir “yes” qilamiz. — O`ktamboy qo`lini cho`ntagiga solgandi yuz dollar ilindi. — Iyi, Shokirjon xafa bo`lmaysiz. Hamma pulim “ko`ki”da ekan. Siz uyga ketavering, men maydalab, o`g`limdan berib yuboraman.

— Mayli, aka, faqat tezroq, xo`pmi? Magazinlar yopilib qolsa, bolalar…

O`sha kuni Shokir kechgacha yo`l poyladi. Kech tushganda O`ktamjonnikiga yo`l oldi.

— Akangiz birrovga kelib mayda-chuydalarni tashlab ketganicha yo`q. Telefoni o`chirilgan, — dedi O`ktamjonning xotini. — Aksiga olib mendayam pul yo`q edi. Xo`jayin kelishi bilan darrov aytaman.

Mana, Yangi yil kirishiga sanoqli daqiqalar qoldi. Kuta-kuta toqati toq bo`lgan Shokir, ko`chaga chiqib, do`konga yo`l oldi. Hammasi yopilgan. Baxtiga qo`shni qishloqda kichkinagina bir do`koncha ochiq ekan. Shu erga kirib, bor puliga ozgina konfet bilan pechene sotib oldi. Tort olishga puli etmadi. Ming istihola bilan do`konchi yigitga dardini aytgandi, u “Mana shu tort mendan bolalaringizga sovg`a! Pulini topganingizda tashlab ketarsiz”, deb qo`liga tortni ushlatib qo`ydi. Shokir uyiga qanday etib kelganini bilmaydi. Dadasini ko`rgan bolalar birdaniga yugurishdi: “Ur-re, tort eymiz!”

Nigora RAHMONOVA.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1